Fikrimiz o‘zgarsa, ishimiz ham o‘zgaradi

Abror QURBONOV, O‘zbekiston XDP Toshkent shahar kengashi raisi o‘rinbosari: 

— Mamlakatimizdagi besh partiyaning faoliyatida ham jonlanish ko‘zga tashlanmoqda. Buning sababi oddiy. Aholining siyosiy partiyaga, deputatga talabi oshmoqda. Bugun kechagi gaplar, usullar bilan ishonch qozonish qiyin.

Endigi masala esa saylovlarga puxta, noodatiy tarzda tayyorgarlik ko‘rishdan iborat. Mamlakatimiz hayotidagi bunday muhim voqea xalqimiz bilan birgalikda siyosiy partiyalar uchun ham katta siyosiy maktab bo‘lishi tayin. O‘zbekiston XDP ham buni yaxshi anglab, Saylovoldi platformasini bugungi kun shiddati, saylovchilar ehtiyoji, aholi muammolarini hisobga olgan holda yangilamoqda.

Saylovoldi tashviqoti saylov kampaniyasida muhim ahamiyat kasb etadi. Deputatlikka nomzodlarning shaxsi, bilimi va salohiyatini saylovchilar oldida to‘la namoyon qilishga, nomzodlar dasturlarining mazmun-mohiyati bilan yaqindan tanishtirishga, nomzod uchun ovoz berishga da’vat etishga qaratilgan muhim bosqich hisoblanadi.

«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish markazining tadqiqotlariga ko‘ra, saylovchilarning 37,1 foizi qaysi partiyaga ovoz berishi borasida bir qarorga kelmaganini bildirdi. Biz mana shu qismni o‘zimizning Saylovoldi dasturimizga, g‘oyalarimizga ishontirishimiz lozim.

Bir masalaga e’tiboringizni qaratsam. Bugungi kunda siyosiy partiyalar o‘z faoliyatini olib borar ekan, bir xillikdan mutlaqo voz kechishi kerak bo‘ladi. Aks holda saylovchilarda qaysi partiya bo‘lsa ham bari bir xil, degan kayfiyatni uyg‘otadi. Quruq tadbirbozlik o‘rniga xorij tajribalarini o‘rgangan holda PR texnologiyalardan samarali foydalanish lozim.

To‘g‘ri, O‘zbekistonda PR mutaxassislar deyarli yo‘q, deb iddao qilishimiz mumkin. Biroq aholi bilan munosabatga kirishishimizda bu sabablar faoliyatimizga to‘siq bo‘ladi, deb o‘ylamayman. PRning eng sodda uslubini tanlasak ham tutgan yo‘limiz va g‘oyamizni aholi orasida targ‘ib qilishda yaxshigina samara beradi. Masalan, partiya liderlarini xalqqa tanitish borasida mulohaza yuritsak. Shu kungacha partiya liderlarini xalq faqatgina partiya plenum va yig‘ilishlarida qilgan ma’ruzalarini ko‘rardi, xolos. Bu yo‘nalishda partiya liderlarini xalqqa tanitish uchun turli murojaatlar bilan chiqishlarini tashkil qilish, xalq orasiga kirib, ular bilan suhbatlarini uyushtirish, turli ko‘ngilochar tadbirlarni o‘tkazish, umuman olganda, partiya yetakchisining imijini ko‘tarish bilan bog‘liq faoliyatni tubdan o‘zgartirish zarur. Bularning barchasi PR texnologiyalarining eng sodda ko‘rinishlaridir.

Targ‘ibotni kutilmagan yo‘nalishda olib borish, jonli tarzda muloqot qilish ham bizni maqsadimizga yetishishda bir omil bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Reklama vositalarini aholi gavjum yerlarda o‘rnatish, taniqli insonlarni bunga jalb etish ham foydadan xoli bo‘lmaydi.

Yana bir muhim jihatni esdan chiqarmaslik lozim. Xohlaymizmi, yo‘qmi, joylarda chiroyli tadbirlar o‘tkazganimiz bilan elektorat muammosi hal bo‘lib qolmaydi. Buni ochiq tan olishimiz kerak. Yuzlab kishilarni yig‘ib, ma’ruza qilgandan ko‘ra, ikki odamning og‘irini yengil qilish natijasida ko‘proq insonlarni o‘zimizga ergashtira olamiz. Bugun siyosiy partiya vakillari, jumladan, deputatlar o‘zining tashkilotchiligi va tashabbuskorligi, mas’uliyati bilangina xalq ishonchini qozonishi mumkin.

Iqtidorli, ijodkor odamlarni partiya safiga olish, ularning tajribalari va hech kimnikiga o‘xshamagan g‘oyalaridan samarali foydalanish lozim. Agar buni o‘zingiz qila olaman, deb ishonsangiz ham saylovoldi kampaniyasini tashkillashtirishda yordam berish uchun do‘stlar, ko‘ngillilar, hatto xodimlarni bir joyga jamlash uchun yaxshi sabablar bor. Bizga ularning tajribalari va bilimlari kerak bo‘ladi. Shundagina saylovchilar qanday qilib bir jamoa bo‘lib ishlay olishimizni ko‘rishadi.

Saylovoldi targ‘ibotida dunyodagi ko‘zga ko‘ringan partiyalar «ko‘cha kampaniyasi» uslubidan foydalanishadi. Bu o‘zining natijasini berganiga ham ko‘pchilik guvoh bo‘lgan. Bunda nomzod ko‘chaga chiqib, odamlar bilan ularning muammolari haqida suhbatlashadi. Jonli nutq so‘zlaydi, insonlarning muammolarini tinglab, savollariga javob beradi. Hatto saylovchilarning uylariga borish ham ortiqchalik qilmaydi. Tabiiyki, nomzodda bunga imkon bo‘lmasligi mumkin. Mazkur vaziyatda reklama dastgohlarini eshik tutgichlari orqali tarqatadigan va siz haqingizda ma’lumot beradigan, odamlarning oldiga boradigan mutaxassislar xizmatiga murojaat qilish shart. Shuningdek, diqqat markazida bo‘lish uchun tadbirlarda, xayriya fondlarida va sport tadbirlarida ishtirok etish ham foydadan xoli bo‘lmaydi.

Biz «teskari ehrom» shaklida ishlashga o‘rganib qolganmiz. Asosiy, ko‘zga ko‘rinadigan ishlar, katta loyihalar ko‘pincha yuqori bo‘g‘inlarimizda amalga oshirilyapti. Quyi bo‘g‘inlarga tushib borganda, bir narsaga guvoh bo‘ldikki, mahalliy darajada, ya’ni boshlang‘ich partiya tashkilotlarida ishni tashkil qilish hali to‘liq shakllanmagan. Ular g‘oyalarimiz atrofida birlashmagan.

Tumanlar miqyosida ham 2-3 kishi ishlaydi. Biz partiya deganda uning boshqaruvi yoki markaziy apparatini tushunmasligimiz kerak. Partiyaning asosi, poydevori boshlang‘ich tashkilotlar, oddiy a’zolar ekanini esdan chiqargan kunimiz noto‘g‘ri yo‘ldan ketgan bo‘lamiz. Qachonki, boshlang‘ich partiya tashkilotlari uyushib, daxldorlik tuyg‘usi bilan ishlasa, shundagina partiyamizning kuchi, qudrati oshadi.

O‘ylaymizki, har bir partiya a’zosi sinovli jarayonga daxldorlik hissi bilan kirib bormoqda. Shu kunga qadar amalga oshirilgan harakatlar samarasi, izlanishlar, yangiliklarni joriy etish saylovlar natijasida bilinadi. Demak, hech bir partiya xodimining tinch uxlashga, bemalollikka berilishga haqqi yo‘q. Barchamiz yelkama-elka turib, ahil jamoa bo‘lib ishlasak, saylovda muvaffaqiyat biz tomonda bo‘lishiga ishonaman.

 

Teglar

Toshkent Saylov-2019
← Roʻyxatga qaytish