Xalq dardini eshitmagan deputatni xalq ham tanimaydi

 

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligiga

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Mavjuda Hasanova bilan mustaqilligimizning 30 yillik yubileyiga tayyorgarlik hamda deputatlar mas’uliyati xususida suhbatlashdik.  

– Mavjuda opa, asli kasbingiz boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi. Oliy Majlisga deputat  bo‘lishingizga nima turtki bo‘lgan?

– Har bir inson o‘z oldiga qandaydir maqsad, vazifalarni qo‘yadi. Men ham yoshligimdan oldimga katta-katta orzularni qo‘yardim. Ota-onam yoshligimda birovning haqqiga ko‘z olaytirmaslik, odamlarning taqdiriga befarq bo‘lmaslikni ko‘p bora uqtirishgan. Deputatlik faoliyatini boshlashdan oldin  boshlang‘ich sinflarga dars berardim. O‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritdim. Undan keyin direktor vazifasida, xullas pog‘onama pog‘ona o‘sish boshlandi. Oddiy o‘qituvchi bo‘lib yurgan paytlarim ham siyosiy jarayonlarga qiziqardim. Tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, hokim o‘rinbosari lavozimida ishlash davomida o‘n yilga yaqin tuman kengashi deputati sifatida o‘zimning layoqatimni namoyon qildim. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi viloyat kengashi raisi sifatida to‘rt yil faoliyat olib bordim. Bugun xalqning ishonchi, e’tirofi orqali ushbu dargohda mehnat qilyapman.

– Yurtimizda 7 mingga yaqin deputat faoliyat olib boradi. Lekin xalqimizning aksariyati detutatlarini tanimaydi. Bunga sabab nima, deb o‘ylaysiz?

–Mahalliy Kengashlarga saylangan deputatlarni xalq tanimasligi kechirib bo‘lmaydigan xolat. Sholi kurmaksiz bo‘lmagani kabi deputatlarimiz orasida ham bugun saylanib olib faqat sessiyalarda ishtirok etishni o‘zining vazifasi deb biladiganlar bor. Lekin vaqt -soati keladiki, bunday deputatlarni xalq saylamaydi. Xalqning oldiga borib, uning muammosini tinglamaydigan, sayyor qabullar o‘tkazmaydigan, mahallabay tizimda ishlamaydigan deputatni xalq qanday tanisin? Odamlar o‘zi bilgan, tanigan, ishongan nomzodga ovoz beradi. Aslida tuman Kengashi deputatlari mahallabay  ishlasa, xonadonlarda yurib odamlar bilan suhbatlashsa, sayyor qabullar o‘tkazsa tuman miqyosida hal bo‘ladigan muammolar Oliy Majlisgacha yetib kelmaydi.  Shaxsiy manfaatidan xalq manfaatini ustun qo‘ygan deputatgina bugun xalqning qalbidan joy oladi, hurmatini qozonadi.

– Sizni ushbu ostonaga yetaklab kelgan soha o‘qituvchilik. Ayting-chi, bugungi kunda o‘qituvchilarni qiynayotgan eng katta muammolar nimada?

– O‘qituvchilik, ayniqsa, qishloq joylarida hamma orzu qiladigan, yoshlar  andoza va ibrat oladigan kasb. Afsuski, bugun o‘qituvchining qadr-qimmatini oyoq osti qilayotgan ota-onalarni ham ko‘ryapmiz. Shu bois, o‘qituvchilar o‘z obro‘larini saqlab qolishi uchun o‘z ustlarida yanayam ko‘proq ishlashi, izlanishi kerak.  

Hozirgi kunda fan-ta’lim qo‘mitasi tomonidan o‘qituvchilik maqomi to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishini takomillashtirish borasida takliflar olinyapdi. O‘ylaymanki, bu takliflar qonunan kuchga  kirsa, o‘qituvchiga bo‘lgan e’tibor yanada kuchayadi.  

– Yurtimiz mustaqilligining 30 yillik yubileyini nishonlash arafasida turibmiz. O‘zbekistonimizning kechagi va bugungi qiyofasini qanday taqqoslaysiz?

– Yurtimizdagi bugungi o‘zgarishlar zamirida davlatimiz rahbari olib borayotgan odilona siyosatning samarasi turibdi. Masalan, hokimlar ilgari haftasiga bir kunni qabul kuni deb e’lon qilardi-da ikki soatgina odamlarni qabul qilib nomigagina suhbat o‘tkazishardi.

Davlat idoralari eshigi oldida xalqimiz haftalab, oylab sarg‘ayib o‘tirardi. “Xalq qabulxonalari”ning tashkil qilinishi yoki  hujjatlar bo‘yicha  optimallashishni olaylik. Misol uchun, bir ishingizni bajarish uchun o‘nga yaqin tashkilotga kirib chiqishingiz kerak edi. Bu narsalarga chek qo‘yildi. Yagona darchaga borib hujjat topshirasiz, sizga javobi keladi. Bu ham xalqimizga yengillik yaratdi. Yoki qariyalar  nafaqa olish uchun soatlab mahalla idorasida o‘tirishar pul yarmiga yetsa, yarmiga yetmay qolardi. O‘zim o‘qituvchi bo‘lganman, maoshimizni ikki uch oylab kutib  yana foizga “yechdirar”, kimdir sizni mehnatingizdan manfaatdor bo‘lardi. Bu narsalarga barham berildi. To‘g‘ri hali zimmamizda bajarishimiz kerak bo‘lgan vazifalar juda ko‘p. Ammo  bugungi yutuqlarimizni ham e’tirof etishimiz kerak. Xalqimiz bugun yaxshi turmush sharoitida yashayotganini his qilyapdi. Inson uchun eng qadrli tuyg‘u hayotidan minnatdorlik.

 

 

Nigora Rahmonova,

Yoqub Meliboyev (video),

O‘zA

 
 
 

Teglar

Deputat Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish