Zuhra opa homiylardan mamnun

 

Bobotog‘ — Surxondaryo viloyati, Uzun tumanidan 100 kilometr olislikda joylashgan hudud.

Bobotog‘dagi “Oqmachit” QFYda yashovchi  61 yashar Zuhra Gulovaning 5 nafar farzandi bor. Bolalarining bittasi birinchi guruh nogironi. Zuhra opaning turmush o‘rtog‘i olamdan o‘tgach, ro‘zg‘or tashvishi-yu, nogiron bolaning parvarishi ham  o‘zining zimmasida qoldi.  Topgan-tutgani dori-darmondan ortmaydigan ona bir-ikki so‘m orttirib, tuzukroq boshpana ham qilolmadi. Devorlari nuragan, yopilsa ochilmaydigan, eskirgan eshik-romli uylarda yashash ayolni juda ham horitib qo‘ydi. Yozda-ku bir amallash mumkindir, ammo qish-qirovli kunlarda e’tiborga muhtoj bolalarini qanday sovuqdan asrashni bilmasdi.  

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati  Mavjuda Hasanovaning fuqarolar murojaatlari bo‘yicha o‘tkazgan sayyor qabuliga Uzun tumani, “Oq machit” QFYda yashovchi Zuhra Gulova tomonidan kelib tushgan murojaat yuzasidan ayolning yashash sharoiti o‘rganilib, haqiqatan ham bu ayol yordamga muhtoj ekanligi aniqlandi. Surxondaryo viloyati "Mahalla" xayriya jamoat fondi hamda xususiy tadbirkorlar ko‘magida Zuhra opa va uning farzandlariga uch xonali zamonaviy, shinam uy-joy qurib berildi. Joriy yilning mart oyida yangi uyga ko‘chib o‘tgan Zuhra opaga homiylar uy to‘yini ham o‘tkazib berishdi.  

— Zuhra Gulovalarning oilasi haqiqatan ham yordamga muhtoj edi, —deydi  “Oqmachit” MFY raisi Tojiddin G‘ulomov. —Tuman markazi bizga 100 km uzoqlikda bo‘lgani bois, u yerdan qurilish mollarini olib kelib, uy-joy qurish qimmatga tushadi. Shu bois odamlar paxsa-loydan uy qurib olib yashayverishadi. Zuhra opaga homiylar  pishiq g‘ishtdan uch xonali uy qurib berishdi. Qishlog‘imiz boylarida ham bunaqangi chiroyli uy yo‘q, —deydi mamnunligini yashirolmagan  oqsoqol.

Oqsoqoldan toza ichimlik suvi hamda elektr energiyasi haqida so‘raganimizda:

— Prezidentimizning “2021-2023 yillarda Surxondaryo viloyati, Uzun tumani Bobotog‘ hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining bajarilishi yuzasidan samarali ishlar olib borilmoqda. Elektr energiyasidan muammoimiz yo‘q. Bizni xududimizda chiroq 24 soat yonadi. Aloqa tizimi ham juda yaxshi. Toza ichimlik suvi muammosiniyam hal qilgandik, ammo baribir "o‘xshamadi", ikki oydan buyon yana daryodan suv ichyapmiz.  Nasib qilsa, buniyam hal qilamiz.

Xushxabar tafsilotlarini boshqalardan eshitish bir karra yoqimli bo‘lsa,  qahramonning o‘zidan  eshitish ikki karra. Shu bois Zuhra opa bilan bog‘lanib, yangiliklar haqida uning o‘zidan eshitdik.

— Oqsoqol aytganidek uyimiz qishloqdagi eng ko‘rkam hovliga aylandi, —deydi Zuhra Gulova. —Uch xonali, oldida ayvoni ham bor shinamgina uy. Bir umr paxsali hovlida yashab kelganman. "Akfa" oynali uylarda yashash xayolimga ham kelmagandi. Bitta xonasini nogiron o‘g‘lim Tohirjonga ajratib berdim. O‘g‘lim birinchi guruh nogironi, bir joyda yotsa-da, ammo chiroyli, ko‘rkam uyga ko‘chib o‘tgan kunimiz rosa chapak chalib xursand bo‘ldi.  

Bizning yaxshi yashashimiz uchun mana shunday imkoniyatlar yaratib berayotgan barcha savobtalab insonlarga bobotog‘liklar hamda farzandlarim nomidan tashakkur aytaman.

 

Nigora Rahmonova,

O‘zA

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish