O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi tomonidan 2021 yilda partiya elektorati manfaatlarini himoya qilish, saylovoldi dasturida ilgari surilgan g'oya va tashabbuslarni amalga oshirish, kam ta`minlangan, pensioner va nogironlarning huquqlarini ta`minlash hamda ijtimoiy sohani tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish bo'yicha tizimli ishlar amalga oshirildi.
Fraksiyaning qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil faoliyati hamda boshqa tadbirlarni samarali tashkil etish maqsadida 2021 yilga mo'ljallangan «Chora-tadbirlar rejasi» ishlab chiqilib, tasdiqlandi.
I. Qonun ijodkorligi
Hisobot davrida fraksiya a`zolari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida 1 ta qonun loyihasi ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritildi va qabul qilindi.
Shuningdek, fraksiya a`zolari 3 ta qonun loyihasiga ham tashabbuskor bo'ldi.
Ushbu qonun loyihalarini ishlab chiqishda fraksiya a`zolari tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarning huquq va manfaatlarini to'laqonli ifoda etishga, joylardagi o'rganishlar davomida aniqlangan muammo va kamchiliklarga yechim topishga, shuningdek, saylovchilarning taklif hamda fikr-mulohazalariga alohida e`tibor berildi.
O'tgan davrda ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega muhim qonun loyihalarini joylarda keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish maqsadida “markaz – viloyat – tuman” tizimi joriy etildi. Bunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida tayyorlanayotgan qonun loyihalarini 1-o'qishdan so'ng partiya quyi bo'g'inlarida, ya`ni viloyat, tuman, shahar kengashlarida, mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlarida keng muhokama qilish, tanishtirish, qonun loyihasiga asosli, aniq xulosa va takliflarni olish yo'lga qo'yilgan.
Jumladan, fraksiya partiya bilan hamkorlikda 60 ta qonun loyihasining joylardagi muhokamasini tashkil etib, ularda fuqarolar tomonidan bildirilgan 200 ga yaqin taklif qonunlarni ishlab chiqish hamda takomillashtirish jarayonida inobatga olindi.
II. Parlament nazorati
Hisobot davrida fraksiya tomonidan dolzarb masalalar yuzasidan mansabdor shaxslarning axborotini Qonunchilik palatasi majlislarida eshitish bo'yicha tashabbus bilan chiqish, shuningdek, ular faoliyati ustidan ta`sirchan parlament hamda deputatlik nazoratini amalga oshirish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi.
Shunga ko'ra, o'tgan davrda fraksiya tashabbusi asosida qonunlarning, turli sohalardagi davlat dasturlarining ijrosi, shuningdek, hududlardagi o'rganishlar davomida aniqlangan tizimli kamchilik va muammolarni hal etishga qaratilgan 2 ta «parlament eshituvi» hamda 3 ta «hukumat soati» o'tkazildi.
Shuningdek, fraksiya taklifiga ko'ra, saylovchilarni o'ylantirib kelayotgan muammolarni hal etish, deputatlarning aholi bilan o'tkazayotgan muloqot va uchrashuvlari davomida ko'tarilgan masalalar bo'yicha tushuntirish berish yoki nuqtai nazarini bayon etish talabi bilan davlat va xo'jalik boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga jami 2 ta parlament so'rovi yuborildi.
Ko'rib chiqilayotgan davrda fraksiya a`zolari tomonidan saylovchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta`minlash borasidagi ishlarga jiddiy e`tibor qaratilib, joylardagi nazorat-tahlil tadbirlari, saylov okruglaridagi o'rganishlar davomida aniqlangan dolzarb masalalar yuzasidan davlat va xo'jalik boshqaruvi organlari rahbarlariga jami 97 ta deputatlik so'rovi yuborildi.
Hisobot davrida joylardagi tizimli muammolar, qonun va qonunosti hujjatlarning ijro etilish holati yuzasidan tegishli mansabdor shaxslarning hisobotlari fraksiya majlislarida doimiy tarzda eshitib borildi. O'tgan yil davomida bu kabi fraksiya majlislari soni 25 tani tashkil etdi.
III. Xalq bilan muloqot
Hisobot davrida fraksiyaning joylarda aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilish, fuqarolarni o'ylantirib kelayotgan tizimli muammolarni aniqlab, hal etish choralarini ko'rish, murojaatlar bilan ishlash hamda qonun loyihalarini takomillashtirishda odamlarning takliflarini ko'rib chiqish va inobatga olishga alohida e`tibor qaratildi.
O'tgan davrda fraksiya a`zolari tomonidan hududlarga chiqqan holda 48 marotaba nazorat-tahlil tadbiri o'tkazilib, ularda jamiyat hayoti uchun muhim bo'lgan qonun loyihalarining ijro etilish holati, joylardagi mavjud tizimli muammolar, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda olib borilayotgan islohotlar samaradorligi atroflicha o'rganib borildi.
Mazkur o'rganishlar davomida 1200 marotaba fuqarolar bilan to'g'ridan-to'g'ri uchrashuv o'tkazilib, ularda 21 000 nafar aholi qamrab olindi, 650 ta xonadonga tashrif buyurildi hamda 330 ta tadbirkorlik sub`ekti rahbar va faollari bilan o'zaro muloqot o'tkazildi.
Natijada fraksiya a`zolari tashabbusi bilan saylov okruglaridagi uchrashuvlar hamda hududlarda olib borilgan o'rganishlar natijalaridan kelib chiqib, odamlarni bezovta qilayotgan dolzarb muammolar yechimiga qaratilgan (5 ta) qonun loyihalariga tashabbus bilan chiqildi.
Shuningdek, o'tgan vaqtda davomida fraksiya a`zolari nomiga fuqarolardan jami 2844 ta, shu jumladan 925 ta yozma, 1157 ta elektron, 762 ta og'zaki shakldagi murojaat kelib tushgan bo'lsa, ularning 1425 tasiga ijobiy yechim topildi hamda 1265 ta murojaat ko'rib chiqish uchun tegishliligi bo'yicha mutasaddi tashkilot va idoralarga yuborildi.
IV. Fraksiya va siyosiy partiya hamkorligi
O'tgan vaqt davomida fraksiyaning partiya bilan o'zaro aloqalari mutlaqo yangicha ko'rinishda yo'lga qo'yilib, ular tomonidan joylardagi muammo va kamchiliklarni hal etishda natijadorlikka erishish, shu jumladan tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash, yoshlar va ayollar muammolariga samarali yechim topishga qaratilgan «Deputat mahallada», «Mehr ulashing», «E`tiborimiz markazidagi hudud», «Ayollarga ko'mak», «Yoshlarga ko'mak» loyihalari amalga oshirildi.
Shu kunga qadar ushbu loyihalar doirasida fraksiya a`zolari hamda partiya xodimlari joylarda tashkil qilingan kichik ishchi guruhlar bilan birgalikda 45 ta hududda o'rganishlar va amaliy ishlar olib borishdi.
450 ming nafardan ziyod saylovchi, shu jumladan, «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan aholi vakillari hamda tadbirkorlar bilan yuzma-yuz muloqotlar tashkil etildi.
V. Fraksiya faoliyatining OAVda yoritilishi
Fraksiyaning qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil faoliyati hamda hududlarda o'tkazilgan saylovchilar bilan yuzma-yuz muloqotlari jarayonlari ommaviy axborot vositalarida muntazam ravishda yoritib borildi.
Xususan, o'tgan davr mobaynida fraksiya faoliyati haqida OAVda jami 6 018, xususan, televidenieda 368, radioda 115, matbuotda 451, internet saytlarida 1523, ijtimoiy tarmoqlarda esa 3561 marta chiqish qilindi.
Ta`kidlash joizki, hisobot davrida fraksiya a`zolari «Facebook» ijtimoiy tarmog'idagi o'z sahifalari orqali saylovchilar bilan mustahkam aloqa o'rnatgan holda, Qonunchilik palatasi faoliyati haqida ularni muntazam xabardor qilib bordi.
Bu esa xalq vakillarining qonun loyihalarini keng jamoatchilik o'rtasida muhokama qilish, odamlarni o'ylantirayotgan masalalarni ko'rib chiqish ko'lamini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda.