Bolaning bir tabassumi

 

Farzandimiz bir kecha og'rib, yig'lab chiqsa qanchalik xavotirga tushamiz, birga yig'laymiz, shifoxonaga chopamiz. Endi tasavvur qiling, har kuni, tuni shunday o'tayotgan onalar bor. Bolalarimiz 3 kun, bir haftada tuzaladi, shifo topadi. Ammo butun umr nogironligi bor farzandiga parvona bo'lib o'tayotgan ota–onalar qancha?! Ham nogiron bolasini parvarishlab, ham ro'zg'orga qarab, boshqa bolalariga ham kuch topadigan onalar, otalar hayoti hammamizga o'rnak bo'lishi kerak, aslida.

 

Prezidentimizning “Nogironligi bo'lgan shaxslarni ijtimoiy qo'llab–quvvatlash choralarini yanada kuchaytirish to'g'risida”gi farmoni bilan aprel oyidan boshlab, doimiy parvarishga muhtoj nogironligi bo'lgan bolalarni parvarish qiluvchi ana shunday shaxslarga nafaqa joriy etilmoqda. Mazkur nafaqani joriy etishdan asosiy maqsad doimiy parvarishga muhtoj nogironligi bo'lgan bolalarni parvarishlayotgan oila a`zosini qo'llab–quvvatlashdir.

Mazkur nafaqa farmon bilan tasdiqlangan o'zgalar parvarishiga muhtoj 18 yoshgacha bolalarning kasalliklari ro'yxatidan kelib chiqib tayinlanadi. Natijada, dastlabki hisob–kitoblarga asosan, 30 mingdan ortiq nogironligi bo'lgan bolalarni parvarish qiluvchi onalar uchun davlat byudjetidan 2022 yilda qo'shimcha 157 mlrd. so'm ajratiladi.

 

Umida HOJIMATOVA,

Izboskan tumani, “Yuqori” mahallasidan:

– 9 yildan beri uyda qizimning parvarishi bilan bandman. Uning miyasi juda sekin rivojlanadi. Yuradi, ammo yaxshi gapirolmaydi. O'ng oyoq, o'ng qo'l harakatlari ham sust. So'zlarni endi-endi o'rganyapti. Ixtisoslashtirilgan maxsus maktabga ham berib ko'rdik. Ammo u yerda ko'p yurolmaydi. Lekin u yerdagi muhitning foydasi katta bo'ldi. Sanashni o'rgandi, talaffuz qiladigan so'zlari ko'paydi. Bu haftadan yana maktabga bora boshladi. Mahalladagi sog'lom bolalar bilan o'ynolmaydi. Akasini juda yaxshi ko'radi.

Katta o'g'lim Behruzbek menga dastyor. Turmush o'rtog'imning daromadiga tirikchilik o'tkazamiz. Qizimning nogironlik nafaqasini dori-darmonlar, zarur tibbiy muolajalarga ishlatamiz. Ilgari maktabda ishlardim. Qizim tug'ilganidan so'ng unga, uyga ipsiz bog'landim. Chunki bolam menga muhtoj. Mustaqil hech narsa qilolmaydi. Har kim hayotda turli yo'llarni bosib o'tadi, goh tekis, goh o'nqir-cho'nqir. Bularni boshdan kechirishga irodamiz bor, shukrimiz bor. Muhimi, farzandlarimning hayotda borligi, yonimizdaligi, oilamning tinchligi, turmush o'rtog'imning bizga tirgak bo'layotgani. Qolganlariga sabr qilib yashaymiz.

Davlatimiz rahbarining farmoni haqida eshitib, xursand bo'ldim. Mendek onalar uchun nafaqa joriy qilinishi bu, albatta, e`tibor, qo'llab-quvvatlash namunasi. Butun respublikamizda bizdek farzandining har bir kuni, har daqiqasidan xavotir olib yashaydiganlar qancha bo'lsa ekan? O'ylaymanki, bugun ularning har biri yaxshi yangilikdan men kabi mamnun.

 

Ilvira QUTLIMURODOVA,

Nukus shahridagi «Allaniyoz qahramon» mahallasidan:

– Prezident farmoniga asosan nafaqa joriy etilishi bizlar uchun kutilmagan voqea bo'ldi. Davlatimizda inson manfaati hamma narsadan ustun, degan g'oya tatbiq etilishi har bir fuqaroga, shu jumladan, bizlarga moddiy va ma`naviy kuch bermoqda.

Ikki nafar o'g'lim bor. Birinchi farzandim 2010 yil nogiron bo'lib tug'ildi. Unga bolalar serebral falaji (BSF) – bosh miyaning homiladorlik va tug'uruq vaqtida jarohatlanishi yoki rivojlanmay qolishi hisobiga kelib chiqadigan juda ko'p kasalliklar tashhisi qo'yildi. O'g'limning tez-tez tutqanog'i tutib qolishi bois har doim yonida bo'lishga to'g'ri keladi. Muntazam davolatib kelamiz. O'g'lim maktab yoshida bo'lgani bois, o'qituvchilar uyga kelib dars o'tishadi. Hozir oldingiga qaraganda ancha yaxshi.

Hech kimning boshiga tushmasin ekan. Ona uchun ham oson emas. Bolalar bog'chasida tarbiyachi bo'lib 13 yil ishladim. O'g'lim tufayli bola parvarishi bilan uyga bog'lanib qoldim. Bir zum ham e`tibordan chetda qoldirib bo'lmaydi.

Farmonni eshitib, quvondim. Ozgina yig'lab ham oldim. Biz kabi onalarga alohida e`tibor qaratilayotgani, mushkulimizni, tashvishlarimizni his qilgan holda, davlatimizning ko'makka doim tayyorligi ko'nglimizni umidga to'ldiradi, yashashga ishtiyoqimizni oshiradi.

 

Mahbubaxon Umrzoqova,

G'allorol tumani “Molto'pi” qishlog'idan:

– O'g'lim Otabek hozir 7 yoshda. Gapimga tushunadi. Endigina emaklashni boshladi. Akasi 3-sinfga boradi. U menga yordamchi, ukasiga qaraydi, birga o'ynaydi. Turmush o'rtog'im uyga 15-20 kunda keladi. Cho'ponlik qiladi, uzoq joylarga boradi. Ikki farzandim bilan kunim qanday o'tganini bilmay qolaman. Kichigim tug'ilganda, umuman uxlamasdim, tunni tongga, tongni tunga ulagan vaqtlarim ko'p bo'lgan. Hozir ham og'rib turadi, lekin darrov o'tib ketadi, muhimi, azobli kunlar ortda qoldi, ahvoli biroz yaxshilangan.

Mahallamiz, hukumatimizdan minnatdorman, bizni e`tibordan qoldirmaydi. Yaqinda o'g'limga aravacha berishdi. Menga harna yordam. Chunki uni ko'tarish biroz qiyinlashgan. Mahalladan oziq-ovqat, yordam puli ajratib turishadi. Mana, nafaqa joriy etilibdi. Endi har oy qo'shimcha pulimiz bo'ladi. O'g'limning dori-darmonlaridan ko'nglim xotirjam bo'ladi.

O'tayotgan kunimga shukr qilaman. Farzandimni parvarishlash uchun kuchim, irodam yetayotganiga shukr qilaman. “Dada”, “aya”, “aka” so'zlarini aytib qoldi. Har kuni nimadir o'rganishidan, har bir harakatidan quvonaman. Dardlarimni, uning o'ylab siqilishimni bugun ortga tashlaganman. Farzand dog'idan, uning yomon yo'llarda yurib, jinoyat ko'chasiga kirib qolganidan kuyadiganlar bor. Mening o'g'lim esa yonimda, uning birgina tabassumi, quvonib yurishi hamma qiyinchiliklarimni unuttiradi.

 

Gulruh ODASHBOEVA tayyorladi

«Ўзбекистон овози», 23.02.2022, №8

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish