Bir marrani zabt etish yoki biror cho'qqiga chiqishni maqsad qildingiz. Qachon, kim, qaerda qanday vazifani bajarishi kerakligi aniq belgilangan manzilga eltuvchi xarita bo'lsa, maqsad yaqin, mushkul oson bo'ladi. Asosiysi, rejalaringiz ko'ngildagidek amalga oshadi. O'zbekistonning taraqqiyot yo'lini belgilab bergan kelgusi besh yillik strategiyasini ham shunday xaritaga qiyoslash mumkin. Yana bir bor yodga olsak. Taraqqiyot strategiyasida 7 ta ustuvor yo'nalish bo'yicha 100 ta maqsad belgilandi. 2022 yilda amalga oshirilishi lozim bo'lgan 398 ta chora-tadbir tasdiqlandi. Bir qator masalalar qay darajada samarali hal etilishi xalq deputatlari Kengashlari faoliyati, vakillik hokimiyatining o'zgarishiga ham bog'liq. Quyi bo'g'in o'zgarishlarga tayyormi?
Xalq demokratik partiyasi Sirdaryo viloyat partiya kengashi raisi Sherali Mamadesoevning fikr-mulohazalari bilan qiziqdik.
Muhim qadam
— Xalq deputatlari Kengashlarini hududlarda mavjud muammolarni hal qiladigan asosiy bo'g'inga aylantirish. Taraqqiyot strategiyasining ikkinchi maqsadida shunday belgilab qo'yilgan. Muammolarni hal qiladigan asosiy bo'g'in, deganda katta mazmun qamrab olinyapti. Mahalliy Kengash bundan keyin majlis va sessiya o'tkazsa, undan real natija bo'lishi kerak. Buning uchun deputatlarning o'ziga, hokimiyatga munosabat butunlay o'zgarishi kerak. Bu o'zgarish ularning hokimiyat Kengashdan alohida organ va hisobdor ekanini his qilishdan boshlanadi. Bu osonlik bilan bo'ladigan jarayon emas. Hokimlarning Kengash raisi bo'lishi bunga qaysidir ma`noda to'sqinlik qiladi.
Prezidentimizning siyosiy irodasi bilan viloyatimizda yaxshi tashabbus boshlandi. Ya`ni, Boyovut tumani hokimi endi Kengash raisi emas. Birinchi qadam qo'yildi. Bu ham bir yutuq. Hokim partiyamiz a`zosi edi. Bundan buyon byudjet masalalarini hal qilishda va har qanday masalaga yechim topishda deputatlarning o'rni hamda mavqei oshadi.
Deputat xalq vakili. Uning nomidan gapiradigan, taklif aytadigan, fikr bildiradigan shaxs. Deputat aytgan gaplar, qo'ygan talablar aholi manfaatlariga, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga, taraqqiyotga xizmat qilishi lozim. Biroq bu tizim bugun qoniqarli ishlayapti, deb bo'lmaydi. Amalda hamma deputat ham xalq vakili bo'la olmayapti.
Deputatning demokratik bilimi va saviyasini oshirmay turib, ko'zlangan maqsadga erishish qiyin. Bilimi yo'q inson kimgadir yordam qilish, biror to'g'ri fikr va taklif aytish imkoniga ega bo'lmaydi. Buni turli seminarlarda, tadbirlarda ko'ryapmiz. Masalan, “Deputat — mahallada” loyihasi doirasida har hafta ikkitadan mahallada bo'lyapmiz. Odamlar bilan uchrashyapmiz. To'g'risi, ayrim deputatlarning dunyoqarashini ko'rib, hayron ham qolyapmiz.
Asosiy masalaga e`tibor qilmaydi-da, mayda savollar bilan o'ralashib qoladi. Ko'cha nima bo'ladi, gaz yoki svet bilan bog'liq murojaatlardan u yog'iga o'tolmaydi. Vaholanki, hududni rivojlantirish uchun qanday maqsadlar qo'yilgan, tuman miqyosida nima ishlar amalga oshirilayotgani xayoliga kelmaydi. To'g'ri, dunyoqarashi keng, oq-qorani tanigan, hayot tajribasiga ega ziyoli kishilar yuki bor savollarni ham o'rtaga tashlaydi. Biroq ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy yoki xalqaro miqyosdagi o'zgarishlar, tinchlik hamda taraqqiyotga xizmat qiluvchi masalalar negadir keyingi darajalarga tushib qolgandek.
Har bir deputat o'z saviyasi, bilimi nuqtai nazaridan kelib chiqib masala ko'taradi, savollarga ham shunga ko'ra javob beradi. Yurtdoshlarimiz orasida esa ko'pni ko'rgan kishilar ko'pchilikni tashkil etadi. Xalq vakili ularga mos bo'lish uchun aholini qiziqtirayotgan savollarga javob bera olishi lozim. Menimcha, deputatlar orasida turli debatlar, munozaralar tashkil etishni muntazam yo'lga qo'yishimiz zarur. Ularning saviyasini oshirib borish aholi orasida hurmati ko'tarilishiga hissa qo'shadi. Deputat bilim va tajribali, tashabbuskor bo'lmasa, ularga nisbatan ijro hokimiyati vakillari, idora-tashkilotlarning ham munosabati o'zgarmaydi.
To'g'ri, tajribali, dunyoqarashi keng deputatlar ham oz emas. Viloyatimiz misolida oladigan bo'lsak, 30-40 foiz deputat ziyoli, bilim va tajribaga ega kishilarni tashkil etadi, deb o'ylayman. Qolganlari o'rtamiyona. Siyosiy debatlar, davlat ahamiyatiga molik masalalarda fikr bildirishga biroz ojizlik qiladi. Ayrimlari hattoki bilganini ham aytib, ifodalab bera olmasligi mumkin. Shu sababli ulardagi nutq madaniyati, fikrni ifodalash ko'nikmalarini oshirish talab etiladi.
Haqiqat shundaki, har bir deputat vazifasi, vakolatlari nimalardan iborat ekani haqida to'liq tushunchaga ega bo'lishi lozim. Bu ko'pning vakili uchun muhim masalalardan biri hisoblanadi.
Deputatning deputatdan farqi
— Mahalliy Kengash deputatlaridan tegishli yig'ilishlarda joylardagi masalalar so'raladi. Biror-bir muammo yechimi bo'yicha takliflar biridirish kerak bo'ladi. Ammo aksariyati qo'l ko'tarishdan, tasdiqlashdan nariga o'tmaydi. Doimiy komissiyaga masala kiritib, javobini nazorat qilish kerak. Afsuski, komissiyalar biror-bir masalaning hisobotini qilib, oxiriga yetkazganining guvohi bo'ldik, deyish qiyin. Vaholanki, reglament bo'yicha doimiy komissiyalarda juda katta vakolat bor.
Deputatlik guruhlarini olaylik. O'zimizga tanqidiy ko'z bilan qarasak, faoliyatimizni umuman qoniqarli, deb bo'lmaydi. Deputatlik guruhlari to'g'risida tushuncha ham noto'g'ri shakllangandek. Masala jiddiy va asosli qo'yilmagani uchun hokimliklar ham deputatlarni jiddiy qabul qilmaydi, nazarimda. Deputatlik guruhidan biror masala yuzasidan xat yuborilsa, boshqacha nazar bilan qaraladi. Ya`ni, e`tibordan chetda qoldiriladi.
Reglament bo'yicha doimiy komissiyalar taklif berishi va bildirilgan takliflar asosida sessiya o'tkazilishi kerak. Hozir esa o'nlab masala ko'tarilgan sessiyada 1-2 ta taklif berilmasa, ko'pchilik sukut saqlashni ma`qul ko'radi. Asosan hokimiyatdagi tashkiliy bo'lim tomonidan bildirilgan fikrlar asosida sessiya o'tkaziladi. Doimiy komissiyalar esa uni tasdiqlab qo'yadi. Chunki komissiya a`zolari masalani yaxshi tushunmaydi, tayyogarlik ko'rmaydi, mavzudan bexabar bo'ladi. Achchiq bo'lsa ham bu haqiqatdir.
Tan olish kerakki, deputatlik guruhi sifatida jo'yali natijaga erishish ham qiyin. Masalan, yaqinda Sirdaryo tumanida bir muammoni ko'tardik. Ko'zi ojizlar uyining atrofi sanitar-gigienik talablarga javob bermaydi. Tuman hokimligiga u yerni tozalash, obodonlashtirish bilan bog'liq xat chiqardik. Biroq javob bizni qoniqtirmadi. Qayta-qayta aytilsa ham, natijaga erisha olmadik. Shu sababli endi bu masalani viloyat hokimiga kiritmoqchimiz. Agar deputatlik guruhlarining qonuniy vakolatlaridan olib qaralsa, ular ko'targan masalani Kengashga kiritib, hal qilish lozim. Afsuski, ayrim mahalliy hokimlik organlari deputatlar murojaati, savollarini noto'g'ri qabul qiladi yoki mensimaydi.
Aslida deputat saylangan hududida joylashgan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga ularning vakolatlariga kiradigan masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki o'z nuqtai nazarini bayon qilish talabi bilan deputat so'rovi yuborishga haqli sanaladi. Shunga ko'ra, deputalik so'roviga javobni deputatga mazkur so'rov olingan kundan e`tiboran o'n kundan kechiktirmay javob berishi lozimligi ham qonunda belgilab qo'yilgan.
Qars ikki qo'ldan chiqadi
Qonuniy vakolatlari doirasidagi so'roviga munosib javob talab qilib olish qobiliyati, shunga bilimi yoki saviyasi yetmagan deputatlar ham, uning murojaatiga panja ortidan qaragan mas`ullar ham birdek javobgar, deb bilaman. Buning yechimi uchun, avvalo, deputatlar faolligini oshirish zarur va shartdir. Iymanish, andisha qilish, tortishuv kelib chiqishidan xavotirlanish kabi noto'g'ri tushunchalardan voz kechish lozim.
Yaqinda viloyat Kengashi sessiyasi bo'lib o'tdi. Unda ikki deputat tanqidiy fikrlar bildirdi. Aniq va to'g'ri talablar qo'ydi. Ayrim raqamlar, ma`lumotlarga e`tiroz bildirildi. Amalda boshqa, qog'ozda boshqa-ku, degan achchiq gaplar ham aytildi. Hokimlik vakillari biroz xafa ham bo'ldi. Mard va faol deputatning og'zini yopish emas, aksincha, muammolarni hal etishda ularning tajribasidan to'g'ri foydalanish lozim, deb o'ylayman.
Quvonarli jihati shundaki, jonlanish bor. Ammo bu kam. Deputatdan siyosiy bilim talab etiladi. Yuragi bor, mard va o'z fikriga ega, asosiysi, to'g'ri masala ko'targan, haq bo'lgan deputatga e`tiroz bildirilmaydi. Uning fikri inobatga olinadi. Bunday deputat maqsadiga erishmay qo'ymaydi. Shuning uchun xalq deputatlari Kengashlari faoliyatini o'zgartirishni o'zimizning deputatlarimiz va partiya guruhlarimiz ishini kuchaytirishdan boshlashimiz zarur. Hozir asosiy harakatlarimiz shunga qaratilgan.
Zilola UBАYDULLАYEVА,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.
«O‘zbekiston ovozi», 23.02.2022, №8