Tashrifdan so‘ng: Qoraqalpoq zamini yasharmoqda

 

Bugungi kunda Qoraqalpog‘istonda qoraqalpoq xalqiga O‘zbekiston davlat rahbari – Prezidentning nazari tushgan, degan fikrlar ko‘proq aytilmoqda.

Davlatimiz rahbarining Qoraqalpog‘istonga har bir tashrifi bu yerda yashovchi mehnatkash, qalbi osmonday ochiq, zahmatkash odamlar qalbida eng ezgu maqsadlarni uyg‘otadi.

Prezidentimizning Qoraqalpoq zaminiga 23-24 fevral kunlaridagi tashrifi bu o‘lka tarixida yanada yorqin sahifa ochdi. Bu yangi sahifa – Qoraqalpog‘istonning eng uzoq tumani Mo‘ynoqda yangi Havo yo‘llari paydo bo‘lishi bilan ochildi. Ilk marta havoga ko‘tarilgan 1-raqamli bort Toshkentdan to‘g‘ri Mo‘ynoqqa kelib qo‘ndi.

bugungi yangi zamonaviy aeroport binosi 1947 yilda qurilgan. Ilgari kichik samolyotlarni qabul qilgan va keyinchalik umuman ishlamay qolgan bu havo yo‘llari bugun hayotga qaytdi.

Davlatimiz rahbari bu yerdagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Aeroportda 50 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan yangi terminal qurilgan, uchish-qo‘nish yo‘lagi va maydonchalar ta’mirlangan. Majmua atrofi ko‘kalamzorlashtirilgan.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, hududning ekologik holatini yaxshilash, Orolning qurigan qismida o‘rmonzorlardan iborat “Yashil makon” barpo etish ishlari qizg‘in davom ettirilmoqda.

Orolbo‘yining flora va faunasini yaxshilash bo‘yicha 5 yillik milliy dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Mo‘ynoq haqida ko‘p gapirgandek bo‘lamiz, lekin o‘ylab qarasak ko‘p yillar oldin Mo‘ynoq deganda mung‘ayib qolardik. Hozir esa faxrlanamiz.

Mo‘ynoq tumani aholisini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 2017 yilda loyiha qiymati 26,4 mlrd. so‘m bo‘lgan, uzunligi 96,4 km «Qo‘ng‘irot-Mo‘ynoq» magistral suv quvuri va Qo‘ng‘irot tumanida quvvati sutkasiga 7,0 ming kubometrga ega bo‘lgan suv taqsimlash inshootining qurilishi olib borildi. Natijada 25 mingdan ortiq aholi markazlashgan holda toza ichimlik suvi bilan ilk bor ta’minlandi.

Bunday raqamlarni ko‘plab keltirish mumkin.

Davlatimiz rahbarining Qoraqalpog‘istonga bu galgi tashrifi hududning eng chekka tumanlarida davom etdi. Odamlar ko‘zidagi kuvonch – Yangi orzu-maqsadlar, ishonch ruhini yanada mustahkamladi.

Taxtako‘pir tumanining eng uzoq hududi “Beltov” ovulini bugun tanib bo‘lmaydi. “Obod qishloq” dasturi asosida olib borilgan obodonlashtirish ishlari ovul qiyofasini tanib bo‘lmas darajada o‘zgartirib yubordi.

Keng, ravon yo‘llar, oromgohlar, hammom, sport maydonchalari paydo bo‘ldi. Suvni tozalab berayotgan yangi texnologiyali agregatlar odamlarni toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatini yaratdi.

Xalq dardi, tashvishlari, muammolari aytilar edi. Lekin aytilgan gap aytilgan yerda qolib ketardi. Ba’zan qarorlar yozilar edi, qog‘ozlarda qolib ketar edi. Bugun esa boshqacha.

Xalqimizni ichimlik suvi, elektr energiyasidan uzilishlar, gaz ta’minotidagi noqulayliklar, ta’mirtalab yo‘llar, uy-joylar yetishmasaligi, ishsizlik, kasb-hunar bo‘yicha malaka yetishmasligi, kambag‘allik muammolari qiynamoqda.

Deputat sifatida saylovchilarim bilan uchrashganda yuqoridagi masalalar yuzasidan e’tirozlar ko‘payadi. Savol-javoblar, takliflar, fikrlar, tavsiyalar aytiladi.

Qoraqalpog‘istonda shu sohalarda ham ishlar amalga oshirildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2022 yil 1 yanvar holatiga jami 1,9 mln. aholidan 1,32 mln. nafari yoki 68,1 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan.

2017-2021 yillarda ichimlik suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari sohasida amalga oshirilgan ishlarga jami 612,8 mlrd. so‘m markazlashgan mablag‘lar ajratilib, 2 ming 222,3 km ichimlik suv, 59,6 km oqova suv tarmoqlari va 88 dona ichimlik 14 dona oqova suv inshootlari yangidan kurilib, foydalanishga topshirildi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida 2017 yil boshida aholining markazlashgan ichimlik suv bilan ta’minlanganlik darajasi 50,8 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yil boshiga kelib 68,1 foizga yetkazilishiga erishildi.

O‘tgan 5 yil mobaynida hududdagi 411 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanishiga va 420 ming aholining ichimlik suv ta’minoti yaxlanishiga erishildi.

Xususan, sharoiti og‘ir 61 ta maxalla, misol uchun Xo‘jayli tumanidagi «Samanko‘l», «Mustaqillik», «Kulyab» mahallalari, Chimboy tumanidagi «Kenes», «Qorako‘l», «Obod» mahallalari ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlandi.

Elektr energiyasining sifatini yanada oshirish va zarur quvvatlar bilan ta’minlash maqsadida o‘tgan 5 yilda 2 ming 155,3 km elektr tarmoqlarini va 761 dona transformator punktlarini yangidan qurish, modernizatsiya va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirildi. Ushbu ishlarni amalga oshirish natijasida Respublika hududlaridagi 98 mingdan ortiq iste’molchilarning elektr ta’minoti yaxshilandi va 3,1 mingdan ziyod yangi xonadonlar elektr energiyasi bilan ta’minlandi.

Shu jumladan, o‘tgan 2018-2021 yillar davomida «Obod qishloq» dasturi doirasida 709,4 km uzunlikdagi past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va 249 dona transformator punktlari yangidan qurildi va rekonstruksiya qilindi, 6,3 km yuqori kuchlanishi elektr uzatish tarmog‘i va quvvati 6300 kVA «Samanko‘l» podstansiyasi yangidan qurildi.

Respublika aholisining elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash, jismonan va ma’nan eskirgan elektr uskunlarini modernizatsiya qilish maqsadida Nukus shahrida quvvati 6300 kVA elektr podstansiyasi yangidan qurildi, «Shobboz», «Qorako‘l», «Quralpa», «Orayliq», «To‘qmachi», «Biybazar» va «Kegayli» podstansiyalaridagi kichik quvvatdagi kuch transformatorlari yuqori quvvatdagi transformatorlarga almashtirildi.

Gaz ta’minotini yaxshilash bo‘yicha o‘tgan 5 yilda dastur bo‘yicha aholiga har xil diametrdagi yuqori, o‘rta va past bosimdagi jami 82,8 km gaz tarmog‘i yangidan qurildi va 4,2 mlrd. so‘mlik material-texnik resurslar sarflandi.

Respublika hududidagi 86,3 km gaz tarmoqlarida mukammal ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari bajarildi va 5,2 mlrd. so‘mlik material resurslar sarflanib, natijada 118 ming 381 ta aholi xonadonlarining va 265 ta ijtimoiy ahamiyatga ega korxonalarning gaz ta’minoti yaxshilandi.

Shuningdek, dastur asosida Kegayli tumanida 3 ta suyultirilgan gaz ballonni saqlash va taqatish servis markazi va To‘rtko‘l tumanida 1 ta servis markazi qurildi va 1,7 mlrd. so‘m sarflandi.

2019 yilda yangidan tashkil etilgan Bo‘zatov tumani aholisini tabiiy gaz bilan ta’minlash uchun «Bo‘zatov» gaz taqsimlash stansiyasi (GRS) kurilishi yakunlanib, foydalanishga topshirildi.

Bundan tashqari, aholini va ijtimoiy soha ob’ektlarni bir maromda suyultirilgan gaz bilan ta’minlashda ishlab chiqarish quvvatini oshirish va xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash maksadida, Nukus suyultirilgan gaz to‘ldirish stansiyasi va Beruniy, Amudaryo, Chimboy, Qo‘ng‘irot gaz to‘ldirish shoxobchalariga jami qiymati 1,8 mlrd. so‘mlik 3 ta kompressor, 3 ta nasos, 2 ta elektr generatori, 6 ta sath o‘lchagich va 3 ta avtotarozi, 86 ta kuzatuv kamerasi o‘rnatilib, ishga tushirildi.

Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 106 ming 115 ta aholi xonadonlariga suyultirilgan gazni avtomatlashtirilgan tizim orqali yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi. Unda 106 ming 115 ta aholi xonadonlar to‘liq «ID» kartalar bilan ta’minlanib, aylanmadagi mavjud 181 ming 817 ta maishiy ballonlarga maxsus shtrix kodli stikerlar biriktirildi.

Hududdagi ko‘p kvartirali uy-joy fondini ta’mirlash, injener-kommunikatsiya tarmoqlarini ta’mirlash hamda boshqa kommunal sohaga oid xizmatlarni ko‘rsatish maqsadida «Ta’mirlash tiklash xizmat» DUK xuzurida dispetcharlik xizmati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, maxsus texnika va zarur asbob-uskunalar bilan ta’minlangan.

Hozirgi kunda «Tez kommunal xizmat» servisi ya’ni 1184 qisqa raqami orqali xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida ishsizlik darajasi 9,6 foizni tashkil etadi.

Aholi bandligi va daromadlarini oshirishga har tomonlama ko‘maklashish, ishsizlar, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar, mehnat bozoriga ilk bor kirib kelayoganlar uchun yangi ish o‘rinlari tashkil etgan tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash amalga oshirilgan tadbirlar natijasida 2021 yilda 22,7 mingta yangi ish o‘rni tashkil etilgan.

Ishchi kasblar bo‘yicha kadrlarni tayyorlash, o‘quv jarayonlarini amaliyot bilan bog‘lagan holda tashkil etish, ishsiz aholi, jumladan yoshlar va xotin-qizlarda zamonaviy kasb va tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida Nukus shahri va tumanlarda aholini kasbga o‘qitishning yangicha tizimi tashkil etildi.

Jumladan Nukus ishga marhamat monomarkazi, Nukus shahrida qurilish kasblariga o‘qitish markazi, Ellikqal’a va Nukus tumanlaridagi 2ta kasb-hunarga o‘qiish markazlari va 8ta mahallalarda kasb-hunarga o‘qitish maskanlarida aholini kasb-hunarga o‘qitish yo‘lga qo‘yildi.

Men tilga olgan bu raqamlar ortida juda katta hayot turibdi.

Qoraqalpog‘istonga e’tibor oshmoqda. Tug‘ruqdan keyingi 3 yil tatil 6 yilga cho‘zilganligi va nogiron farzandlar uchun yaratilayotgan imtiyozlar onaga ish o‘rni va mehnat staji saqlanib, farzand tarbiyasi bilan to‘la shug‘ullanishini kafolatlab turganligi ham Qoraqalpog‘iston onalarining ko‘nglini ko‘tarmoqda.

Bu yil Qoraqalpog‘iston uchun qaddini yanada baland ko‘taradigan yil bo‘ladi. Xalqimiz bu bunyodkorliklar ishtirokchisi bo‘layotganidan ko‘ngli to‘lmoqda. Belgilanayotgan har bir ustuvorliklar albatta bajarilishiga ishonch yanada yuksalmoqda.

Xalqining og‘irini yengil qilish uchun yer osti, yer usti boyliklarini farovonlik uchun ishlatish, Orol inqirozi oqibatlarini tugatish, dehqonchilikka yangi texnologiyalar olib kirish, ovullar obodligi, suv tanqisligi borasida davlatimiz rahbari belgilab berayotgan vazifalar amalga oshishiga xalqimiz ishonadi.

 

Guliston Annaqilicheva,

Oliy Majlisi Senati a’zosi.

O‘zA

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish