Bayram hayajonlari

Bahor va ayol bir butunning ikki qismidek go'yo. Chunki bahor ham, ayol ham go'zallikni ko'z-ko'z qiladi, yasharish, yangilanishga da`vat etadi. Hayotning naqadar go'zal va umrning har dami g'animat ekanini eslatib turadi. Har yili ko'klam bilan birga ayollar ham qayta tug'ilgandek bo'ladi. Bu yilgi bahor boshqacha boshlandi. Davlatimiz rahbarining xotin-qizlar hayotini yanada yaxshilash, opa-singillarimizni ardoqlash, e`zozlash haqidagi fikrlari, mas`ullarga berilgan topshiriqlar yangilanish ayyomiga yanada yangicha ruh ulashdi.

Yangiliklar yangiliklarga, yaxshiliklar yaxshiliklarga ulandi. 7 mart kuni Xalqaro kongress markazida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ishtirokida 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo'lib o'tdi. Unda turli sohalarda samarali mehnat qilayotgan, davlatimizning yuksak darajadagi mukofotlariga munosib ko'rilgan ayollar qatnashdi.

 

Dilorom IMOMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O'zbekiston XDP fraksiyasi a`zosi, «Sodiq xizmatlari uchun» medali sohibasi:

— Shanba kuni kech soat 11 lar edi, adashmasam. Qo'l telefonimga qo'ng'iroq bo'ldi. Test topshirimiz kerakligini aytishdi. Ajablandim va albatta, ertaga test topshirishimni, bayramda deputat sifatida qatnashishimni bildirdim. Shunda ular test topshirishim kerak bo'lgan manzilni aytishdi. Yuragim bir narsa sezdi-yu, lekin bu qadarini kutmagan edim.

To'g'risini aytsam, mukofotlanganlarga havas bilan qaraganman, ularga o'xshashga harakat qilganman. Shukrlar bo'lsin, shaxsan Prezidentimizning qo'lidan mukofotni olib, ko'ksimga taqar ekanman, o'zimga so'z berdim. Shu e`tirofga munosib bo'lishga, ishlashga, bedor bo'lishga ahd qildim. Hali ham hayajondaman.

Quvonarlisi shundaki, faol ayollar tizimi tashkil etilyapti. Unda deputatlar, hokimlar, turli tashkilotlar rahbarlari, tadbirkorlar bo'ladi. Ularning faolligi bilan xotin-qizlarning muammolariga yechim topish osonlashadi. Tizim ishga tushsa, hayotda o'z o'rnini topishga qiynalayotgan opa-singillarimizga ko'mak beriladi. Bu orqali bizga ham birmuncha yengillik yaratiladi. Chunki biz barcha joyga yetib borishga qiynalardik. Tuman miqyosidagi muammolarni yechishga vaqt nuqtai nazaridan qiynalardik. Tan olishimiz kerak, uy-joysiz, ishsiz ayollar ham bor. Ular uchun qancha imtiyozlar, imkoniyatlar eshigi ochilmoqda.

Prezidentimiz bir gapni ta`kidladi, ya`ni ayollarga 4 ta uy olib berishga qiynalgan paytlarimiz bo'lgan. Yoki xotin-qizlar o'z huquqlarini bilmasligi oqibatida ayanchli ahvolda yashagan. Endi ular o'z huquqlarini biladi, bilmagani o'rganyapti. Endi ularning himoyachisi bor, davlat bor, davlat rahbari bor. Yana bir gap qayd etildi. Bir qizni, bir ayolni o'qitish orqali butun bir oilani ma`rifatli qilgan bo'lamiz. Chunki ta`lim najot, bilim najot. Boshqa yo'l yo'q.

Bugun yana bir narsani his etdim. Yosh qiz bo'lib qolgim keldi. Yana shu yo'ldan, ilm yo'lidan borardim. O'qituvchi bo'lardim. Dadam o'qituvchi, onam dehqon bo'lgan. Oddiy odamlarning farzandi bo'la turib, shu darajadagi mukofotga erishganimdan juda baxtliman.

 

Zilola UBAYDULLAEVA,

«O'zbekiston ovozi» muxbiri.

«O'zbekiston ovozi», 8.03.2022, №10

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish