So'nggi paytlarda jahonda ro'y berayotgan voqealar, mamlakatlar o'rtasidagi siyosiy to'qnashuvlar ortidan iqtisodiy qarama-qarshiliklar ham kuchaymoqda. Yangilanayotgan dunyo tartibiga tezroq moslashish uchun yaqin va uzoq davlatlar bilan faol hamkorlikni saqlab qolish, buning uchun esa xalqaro transport–tranzit salohiyatini yanada rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
— O'zbekiston uchun mavjud transport yo'laklaridan samarali foydalanish va yangilarini ochish milliy iqtisodiyotimizning barqarorligini ta`minlashda o'ta muhim ahamiyatga ega. Bu borada Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasida yagona transport tizimini rivojlantirish, zamonaviy transport va logistika xizmatlari bozori va infrastrukturasini shakllantirish hamda transport sohasida tashqi savdo uchun “yashil koridorlar” va tranzit imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan vazifalar belgilangan. Ushbu maqsadga erishish dunyoda yuzaga kelgan geosiyosiy va geoiqtisodiy holatda barcha imkoniyatlarimizni ishga solishni taqozo etadi.
O'zbekistonda mavjud hududlararo tranzit va kommunikasiya yo'llari, madaniy va tarixiy manbalarga boy manzillar, tabiiy–iqtisodiy resurslar mintaqalararo integrasiya uchun katta imkoniyat va shart–sharoitlarni taqdim etadi. Shuni esda tutish kerakki, o'tmishda zaminimiz Osiyo sivilizasiyasida muhim rol o'ynagan. Bu erda Buyuk ipak yo'lining markaziy bog'lovchi tuguni, zamonaviy til bilan aytganda, logistika markazi joylashgan bo'lib, u orqali nafaqat moddiy boyliklar, balki nomoddiy boyliklar — ota–bobolarimizning tajribasi, yutuqlari va ilmiy fikrlari ham tarqalgan. Shu jihatdan O'zbekiston Osiyo va Evropaning jahon ishlab chiqarish markazlari o'rtasida tovar va kapital oqimini oshirish uchun kelajakdagi tranzit yo'laklari tizimini o'zida jamlash imkoniyatiga ega.
Muammolar va ularning echimi
Yaqin–yaqingacha O'zbekistonning transport–logistika salohiyati juda cheklangan, mamlakatimiz tashqi iqtisodiy aloqalarini uchta dengiz porti — Ilichevsk (Qora dengizga chiqish), Sankt–Peterburg (Boltiq dengiziga chiqish imkoniyati bilan) va Vladivostok (Uzoq Sharq portlariga chiqish imkoniyati bilan) orqali amalga oshirishi mumkin edi. Ushbu portlarga respublikadan mos ravishda 3 ming, 4 ming 300 va 8 ming kilometr masofani bosib o'tish yuk tashish narxini sezilarli darajada oshirardi.
Mamlakatimizda keyingi 5 yildagi islohotlar transport-logistika sohasida katta o'zgarishlarni amalga oshirish imkonini berdi. Prezidentimiz tashabbusi bilan mazkur sohaning huquqiy va institusional asoslari mustahkamlandi. Xususan, transport-logistika salohiyatini oshirish maqsadida O'zbekiston Respublikasining “Transport to'g'risida”, “Temir yo'l transporti to'g'risida”, “Avtomobil transporti to'g'risida”, “Avtomobil yo'llari to'g'risida”, “Yo'l harakati xavfsizligi to'g'risida” va “Shahar yo'lovchi transporti to'g'risida”gi qonunlari qabul qilindi. Shuningdek, avtomobil, temir yo'l, havo qatnovlarini rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish bo'yicha davlat organi bo'lmish Transport vazirligi tashkil etildi.
“2018–2022 yillarda yuk tashishning transport infratuzilmasini takomillashtirish va tashqi savdo yo'nalishlarini diversifikasiya qilish kompleks dasturi”ni amalga oshirish doirasida yangi transport-tranzit yo'laklari va logistika markazlari tarmog'ini rivojlantirish, avtotransport va havo kemalari parkini kengaytirish, yuklarni qo'shni davlatlarda samarali tashish uchun shart-sharoit yaratish bo'yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, yo'lovchi hamda yuk tashish hajmi va sifatini oshirish uchun sharoit yaratish, transport tizimini takomillashtirishni nazarda tutuvchi O'zbekiston Respublikasi transport tizimini 2035 yilgacha rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilmoqda. Transport sohasini boshqarish tizimi, shuningdek, soha xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishga prinsipial yangi yondashuvlar joriy etildi.
O'zbekistonning Yevropa Ittifoqi maxsus imtiyozlar tizimi (GSP+)ga benefisiar davlat sifatida qabul qilingani Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan o'zaro savdoni rivojlantirish uchun qo'shimcha imkoniyatlar taqdim etdi. 6,2 mingdan ortiq tovarni Evropa Ittifoqi davlatlariga GSP+ doirasida bojsiz olib kirish imkoniyati O'zbekistonda bir qator istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga turtki beradi. Bu esa, o'z navbatida, O'zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi mamlakatlari o'rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni diversifikasiya qilish imkonini yaratadi. Bunday sharoitda Markaziy Osiyoda Shimoli-janubiy va g'arbiy, sharqiy yo'nalishlar bo'ylab transport yo'laklarini birlashtira oladigan transport yo'laklarini rivojlantirish alohida ahamiyatga ega.
Prezidentimizning Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaqinlashish, mintaqada do'stlik va yaxshi qo'shnichilik munosabatlarini o'rnatish bo'yicha olib borayotgan faol siyosati yuzaga kelayotgan muammolarni yechish imkonini yaratmoqda. Xususan, O'zbekistonning Angren — Pop temir yo'li “Xitoy — Markaziy Osiyo — Yevropa” koridoridagi muhim bo'g'in hisoblanadi hamda Xitoyni Janubi-sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq, Fors ko'rfazi va O'rta yer dengizi bilan bog'lash imkonini beradi. 2018 yilda ochilgan “Toshkent — Andijon — O'sh — Irkeshtom — Qashg'ar” avtomobil yo'lagi bo'ylab harakatlanish Markaziy Osiyodan to'g'ridan-to'g'ri Xitoyga borish imkonini yaratdi. Transafg'on transport yo'lagi ham muhim yo'nalishlardan biri hisoblanadi. “Hayraton — Mozori Sharif” temir yo'li orqali dengiz portlariga chiqish mumkin. “Bir makon, bir yo'l” doirasidagi yirik transport loyihalaridan biri bo'lgan “O'zbekiston — Qirg'iziston — Xitoy” temir yo'lining ishga tushirilishi Xitoy — Qirg'iziston — O'zbekiston temir yo'li loyihasi yangi savdo bozorlarini ochishga xizmat qiladigan istiqbolli transport yo'lagi hisoblanadi. Ashxobod kelishuvi doirasida amalga oshirilayotgan yana bir submintaqaviy loyiha — “Rossiya — Qozog'iston — O'zbekiston — Turkmaniston — Eron — O'mon — Hindiston” transport yo'lagi Hind okeani va Fors ko'rfaziga kirish imkonini beruvchi eng yaqin yo'l hisoblanadi.
Ushbu transport yo'laklarini rivojlantirish orqali O'zbekiston nafaqat Osiyo mintaqasi davlatlari, boshqa xorijiy, xususan, Yevropa davlatlari bilan o'rnatilgan integrasiya va hamkorlik aloqalarini saqlab qolish va rivojlantirish imkoniga ega bo'ladi. Bu borada O'zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlarini uzviy bog'lovchi mintaqaviy va mintaqalararo transport loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan tashabbuslari alohida ahamiyat kasb etmoqda. Bu Markaziy Osiyo davlatlarining yagona transport-logistika tarmog'iga integrasiyalashuvi orqali jahon bozorlariga chiqishini ta`minlaydi. Chunki mintaqadagi barcha Markaziy Osiyo mamlakatlari dengiz portlariga chiqishdan geografik jihatdan izolyasiya qilingan umumiy muammoga ega.
Tranzit bizga nima beradi?
O'zbekistonda transport tizimini rivojlantirishda yana bir turtki tranzit uchun qo'shimcha shart-sharoitlar yaratish va tegishli logistika xizmatlarini ko'rsatishdir. Yevropa va Osiyo davlatlari o'rtasida yuklarni tranzit tashishni jadallashtirish orqali nafaqat qo'shimcha daromad manbaiga, shuningdek, mintaqadagi qo'shni davlatlar o'rtasida sanoat kooperasiyasini mustahkamlash imkoniga ega bo'lamiz.
Tranzit salohiyatini oshirish nuqtai nazaridan mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun “O'zbekiston — Turkmaniston — Eron — O'mon” mintaqaviy transport yo'lagi loyihasi juda muhim. Ushbu transport-tranzit yo'lagi Markaziy Osiyoni Eronning Fors va O'mon ko'rfazlaridagi portlari bilan bog'lash uchun mo'ljallangan. Ushbu marshrut Sharqiy Xitoydan Fors ko'rfazi bozorlariga tovarlarni O'zbekiston orqali yetkazib berishda eng qisqa va tezkor logistika yechimi sanaladi.
Logistika va moliyaviy xarajatlarni real baholagan holda transport-tranzit salohiyatini oshirishda O'zbekistonning tashqi savdo yuklarini Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq bozorlariga chiqishini ta`minlay oladigan Eron va Pokiston portlariga olib boruvchi yo'laklarning O'zbekiston uchun ahamiyati oshib borishini xalqaro ekspertlar va mutaxassislar alohida e`tirof etmoqda. Shuningdek, Angren — Pop elektrlashtirilgan temir yo'l liniyasi Xitoygacha bo'lgan masofani 270 kilometrga qisqartirdi. “Xitoy — Qirg'iziston — O'zbekiston” temir yo'l koridori amalga oshirilgan taqdirda, ushbu uchastka uning asosiy elementiga aylanadi va O'zbekistonning global logistika yo'nalishlari tarmog'iga qo'shilishini ta`minlaydi. Natijada O'zbekiston nafaqat Xitoy, balki Yaqin Sharqqa ham to'g'ridan-to'g'ri chiqish imkoniyatiga ega bo'ladi.
Bundan tashqari, mazkur yo'nalishning ishlashi yuk tashish vaqtini 5-6 kunga qisqartiradi. “Pop — Namangan — Andijon” uchastkasini elektrlashtirish mazkur liniya quvvatidan foydalanish samaradorligini yanada oshirish imkonini beradi.
Xulosa o'rnida ta`kidlash joizki, transport-tranzit salohiyatini oshirish Markaziy Osiyoda nafaqat O'zbekistonning, shuningdek, qo'shni davlatlarning eng dolzarb vazifasiga aylanib bo'ldi va uni amalga oshirish mamlakatlar o'rtasida mintaqaviy hamkorlikni yuqori darajaga olib chiqishni talab etmoqda. Bu borada davlatimiz rahbarining Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaqinlashish, ular bilan ishonchli va do'stona munosabatlar o'rnatish, sun`iy to'siqlarni bartaraf etish borasida olib borayotgan pragmatik va faol siyosati mintaqaviy iqtisodiy integrasiya va hamkorlik uchun ishonchli zamin yaratdi, desak o'rinli bo'ladi.
Ushbu platformada (zaminda) mintaqa mamlakatlarining faol ishtirokida transport-logistika sohasida istiqbolli yo'nalishlarni izchil amalga oshirish, milliy iqtisodiyotlar o'rtasida o'zaro bog'liqlikni mustahkamlash, xalqaro magistral yo'laklarni qurish hamda Osiyo, Yevropa va Afrika mintaqalarini bog'lovchi infratuzilma tarmog'ini shakllantirishni birgalikda rag'batlantirish borasida aniq vazifalarni amalga oshirish vaqti keldi. Buning uchun Markaziy Osiyo mamlakatlari tomonidan olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni muvofiqlashtirish, o'zaro siyosiy ishonchni mustahkamlash, iqtisodiyotni rivojlantirish sohasida umumiy asoslar va o'zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish zarur. Xususan, erkin savdo zonalarini ochish, sanoat kooperasiyasini yo'lga qo'yish va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirishga qaratilgan konstruktiv muloqotni kuchaytirish maqsadga muvofiq.
Umuman olganda, hozirgi kundagi geoiqtisodiy holat Markaziy Osiyoda integrasiya loyihalarini faol ilgari surish, mintaqaviy xavfsizlik va mintaqaning barqaror rivojlanishini ta`minlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratmoqda. Ularni amalga oshirishning ijobiy natijalari transport xarajatlarini kamaytirish, logistikani rivojlantirish, innovasiyalar tarqalishini kuchaytirish orqali milliy iqtisodimizning raqobatbardoshligini oshirishga va pirovardida aholi turmush darajasini yaxshilashga xizmat qiladi.
Sharofiddin Nazarov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo'mitasi raisi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
«Yangi O'zbekiston», 6 mart, 2022 yil.
«O'zbekiston ovozi», 8.03.2022, №10