Zamonaviy Buyuk ipak yo'li: Dunyo taraqqiyoti, sivilizasiyasi bilan hamqadamlik

Yangilanayotgan O'zbekiston uchun samarali logistika tizimini tashkil qilish juda muhim, strategik masaladir. Tarixga nazar solsak, O'zbekiston hududi asrlar davomida Yevropa va Osiyoni bog'lovchi Buyuk ipak yo'lining markazi bo'lib kelgan. Vaqt o'tishi bilan dengiz transportining rivojlanishi, yuksalish nuqtalarining Yevropa va Amerika qit`a­lariga ko'chishi hamda boshqa ko'plab omillar sabab ushbu savdo-sotiq yo'lining ahamiyati pasaygan.

Bugungi kunga kelib Osiyo davlatlari shiddat bilan rivojlanmoqda, ularning jahon bozoridagi o'rni, mavqei tobora oshib bormoqda. Dunyo aholisining salmoqli qismi istiqomat qilayotgan Xitoy va Hindistonning rivoji esa yangi, zamonaviy Buyuk ipak yo'liga ehtiyojni kuchaytirmoqda. Bu Buyuk ipak yo'lining qoq markazida joylashgan va jadal rivojlanayotgan O'zbekiston uchun ikki qit`ani bog'lovchi ko'prik sifatida o'z mavqeini yanada mustahkamlash, jahon bozoriga o'z mahsulotlari, xizmatlari bilan chiqish uchun katta imkoniyat yaratadi.

Mamlakatda aholi daromadini oshirish, qo'shimcha ish o'rinlari yaratish, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish, uni tashqi bozorlarga yetkazish orqali ko'p tomonlama tashqi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishda transport logistikasi tizimining o'rni muhim ahamiyatga ega.

Samarali logistika tizimi tashqi bozorda mahsulot harakatini optimallashtirish orqali tovar va xizmatlarning xaridorlar uchun sifatli, arzon narxlarda yetkazilishini ta`minlaydi. Bu esa tashqi bozorda mamlakatning iqtisodiy raqobatbardoshligini oshirib, jahon iqtisodiyotiga integrasiyalashuviga ijobiy ta`sir qiladi. Shu bilan birga, logistika tizimidagi kichik uzilishlar ishlab chiqarishdagi katta yo'qotishlarga olib kelishi mumkin.

Bugungi kunda logistika tizimi nafaqat iqtisodiyotni yuksaltiruvchi yordamchi tarmoq, balki iqtisodiyoti rivojlangan hamda qulay sharoitda joylashgan mamlakatlarning asosiy daromad manbaiga ham aylanib bormoqda. Jahon iqtisodiyotida logistika tizimiga jami yalpi mahsulotning qariyb to'rtdan bir qismi to'g'ri kelmoqda.

O'zbekiston logistikasi mustaqillikkacha va mustaqillik davrining boshlarida faqatgina ichki bozor imkoniyatlariga yo'naltirilgan edi. Tizim shundan kelib chiqib, korxonalar o'rtasida gorizontal ravishda rivojlanib bordi. Bunda korxonalar o'rtasida tovar yetkazish sifatini oshirishga va mahsulotni eng kam xarajatlar bilan yetkazib borishga asosiy e`tibor qaratildi. Shu davrlarda mamlakatimiz xalqaro transport aloqalarida faqat shimoliy yo'lakdan foydalandi, janubiy, g'arbiy va sharqiy xalqaro transport yo'laklariga avtomobil, temir yo'l, havo transporti bilan chiqish imkoniyati yo'q edi.

Keyingi yillarda zamonaviy yo'l-transport infratuzilmasini shakllantirish, dunyo bozorlariga yangi yo'llar ochish, chet mamlakatlar bilan bog'laydigan ilg'or transport kommunikasiyasi tarmoqlarini yaratish bo'yicha samarali ishlar qilindi. Natijalar o'zaro taqqoslanganda, oxirgi yillardagi ko'rsatkichlar yaqqol ko'zga tashlanadi. Misol uchun, 2005 yil temir yo'l, havo, avtomobil transportlarida jami yuk tashuvlar hajmi 242 million tonnani, 2014 yilda 484,9 million tonnani tashkil etgan bo'lsa, 2021 yilda 1,45 milliard tonnaga yetdi. Boshqacha aytganda, oxirgi yillarda jami yuk tashuvlari hajmi qariyb uch barobar o'sgan.

 

Bunday o'sish qaerdan keldi va nimani anglatadi?

Ochiqlik, do'stlik va yaxshi qo'shnichilik siyosati, barcha davlatlar bilan o'zaro manfaatli savdo-sotiq va iqtisodiy aloqalar mustahkamlanishi mamlakatimiz logistika tizimi rivojlanishiga katta turtki bo'ldi.

Eksport faoliyatini liberallashtirish va soddalashtirish, eksport tarkibi va geografiyasini diversifikasiya qilish, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning eksport salohiyatini kengaytirishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Natijada xalqaro iqtisodiy munosabatlarda O'zbekistonning o'rni va ahamiyati ortib boryapti.

 

Iqtisodiyotimiz “qon tomirlari” kengaymoqda

Davlatlararo do'stlik aloqalari mustahkamlanishi, shuningdek, tuzilayotgan yangi shartnomalar logistika rivoji uchun katta imkoniyatlar yaratmoqda. Bunda iqtisodiyotimizning asosiy qon tomiri hisoblangan yagona temir yo'l tarmog'ini yaratishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Masalan, bugungi kunda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Mozori Sharif – Kobul – Peshavor va Xitoy – Qirg'iziston – O'zbekiston transport va tranzit yo'laklarini yaratish borasida keng ko'lamli ishlar olib borilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning joriy yil 3-4 mart kunlari Pokistonga rasmiy tashrifi doirasida ikki davlat o'rtasida Strategik sheriklikni rivojlantirish bo'yicha qo'shma deklarasiya imzolanishi Mozori Sharif – Kobul – Peshavor temir yo'li qurilishida yana bir muhim qadam bo'ldi. Bu O'zbekiston va O'rta Osiyo mamlakatlariga dunyo okeaniga chiqishga eng yaqin yo'l bo'lib, Janubiy Osiyo temir yo'l tizimini Markaziy Osiyo va Yevroosiyo temir yo'llari bilan uzviy bog'laydi. Yevropa va Osiyo qit`alarini eng qisqa quruqlik yo'li bilan bog'laydigan ko'prik sifatida O'zbekistonning tranzit salohiyatini oshiradi. Jumladan, loyihani amalga oshirish natijasida Pokistondan O'zbekistonga yuklarni tashish muddati hozirgidek 35 kun emas, balki 3-5 kunni tashkil qiladi, yuk tashish narxi pasayadi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko'ra, mazkur xalqaro temir yo'lni qurish orqali konteynerlarni tashish narxi qariyb uch barobar arzonlashadi.

Loyihaning ahamiyatli yana bir jihati shuki, Afg'onistonni Markaziy va Janubiy Osiyoni bog'laydigan ko'prik sifatida qo'llab-quvvatlaydi, shu orqali ijtimoiy-iqtisodiy, transport va kommunikasiya muammolariga yechim topiladi. Asosiysi, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlashga ham katta hissa qo'shadi.

Qulay logistika haqida gap ketganda, Xitoy – Qirg'iziston – O'zbekiston temir yo'li qurilishi loyihasini alohida qayd etish zarur. U Osiyo Tinch okeani va Xitoydan Qirg'iziston hamda O'zbekiston orqali yuklarni Yevropa mamlakatlariga tashish uchun yangi xalqaro transport koridorini yaratadi, yuklarni yetkazib berish vaqtini kisqartiradi, mamlakatimizning tranzit salohiyatini yanada oshiradi. Qirg'iziston Prezidentining O'zbekistonga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo'yicha Prezidentimizning tegishli farmoyishi bilan “yo'l xaritasi” tasdiqlandi. Unda Xitoy – Qirg'iziston – O'zbekiston temir yo'li qurilishi loyihasini jadallashtirish belgilangan.

Shu bilan birga, Osiyo Tinch okeani mamlakatlari – Xitoy – Qirg'iziston – O'zbekiston – Turkmaniston – Ozarbayjon – Gruziya – Turkiya – Yevropa xalqaro multimodal koridor yo'nalishida yuk tashuvlarini oshirish maqsadida 5 mamlakat (jumladan, O'zbekiston) o'rtasida bitim imzolandi. Tomonlarning yuk tashuvlariga imtiyozlar taqdim etgan holda umumiy tarif stavkalari belgilandi. 2020 yilda mazkur bitim doirasida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 33 ming 480 tonna mahsuloti Yevropaga eksport qilindi. Ushbu transport koridorining O'zbekiston hududi orqali tranzit tashuvlari 2021 yilda 1,7 barobar oshib, 134,7 ming tonnani tashkil etdi. Mazkur multimodal yo'nalishni tashkil etish va rivojlantirish bo'yicha imzolangan 5 tomonlama hujjatga 2021 yildan Turkiya ham qo'shildi.

O'zbekiston, Turkmaniston, Eron, Ummon va Qatar o'rtasida imzolangan Ashxobod bitimi Markaziy Osiyo mamlakatlari, Fors ko'rfazi va Ummon portlari o'rtasida uzluksiz yuklarni tashish va tranzit tashuvlarni amalga oshirish uchun ishonchli transport yo'lagi yaratilishiga muhim asos hisoblanadi. O'zbekiston – Turkmaniston – Eron – Ummon yo'nalishida tashuvlarni rivojlantirish maqsadida Turkmaniston va Eron hududi orqali yuklarimizning tashilishi uchun 70 foizgacha chegirmalar olinishiga erishildi. Natijada O'zbekiston va Eron o'rtasida jami xalqaro yuk tashuvlari 3,4 barobar oshib, 1,08 million tonnani tashkil etdi. O'zbekiston va Turkmaniston o'rtasida esa jami xalqaro yuk tashuvlari 1,4 barobar oshdi.

 

Istiqbolli loyihalar hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qiladi

Xalqaro transport kommunikasiyasi tizimida avtotransport magistrallarining ham o'rni beqiyos. Bugungi kunda respublika hududidagi xalqaro ahamiyatga ega bo'lgan umumiy foydalanishdagi 11 ta yo'nalishda avtomobil yo'li mavjud. Ularning uzunligi 3 ming 993 kilometrni tashkil qiladi. Bu yo'llarni zamonaviy talablarga moslashtirish va texnik imkoniyatlarini oshirish borasida tizimli ishlar qilinmoqda. Jumladan, bugungi kunda uzunligi 1 ming 26 kilometr xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo'llarining texnik imkoniyatlari kengaytirilib, zamon talablari asosida 4 tasmali holatda qurish va rekonstruksiya qilish orqali foydalanishga topshirildi.

Loyihalarda sementobeton qoplamali yo'llar qurish, avtomobillar qayrilib olish joylarini yer usti yoki yer ostidan o'tkazish, yo'l va ko'priklar hamda transport yechimlarini mukammal loyihalash hisobiga xavfsizlik va qulaylikni oshirishga alohida e`tibor qaratilmoqda.

Prezidentimizning 2020 yil 28 dekabrdagi “O'zbekiston Respublikasining 2021-2023 yillarga mo'ljallangan investisiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga muvofiq, xalqaro moliya institutlari mablag'lari hisobiga amalga oshiriladigan istiqbolli loyihalar ro'yxati va manzili tasdiqlandi. Ushbu dasturga asosan qiymati 661,4 million dollarlik 6 ta loyiha (817 kilometr) amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, kelgusi yillarda 1 ming 297 kilometr uzunlikdagi yo'llarda qurilish-ta`mirlash ishlari bajarilishi rejalashtirilgan 25 ta istiqbolli loyiha belgilandi. Ular doirasidagi bunyodkorlik ishlariga 2 770 million dollar mablag' yo'naltirilishi ko'zda tutilgan.

Mazkur loyihalar yurtimizning tranzit salohiyatini yanada oshirish hamda Yevropa koridorining respublika hududidan o'tishiga imkoniyat yaratadi. Shu bilan birga, Xitoy, Rossiya, Qozog'iston va Qirg'izistonga tranzit salohiyatini oshirish, chegaraoldi hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, tranzit tashuvchilarga qulay shart-sharoit yaratilishiga erishiladi.

 

Taraqqiyot sari ishonchli yo'l

Kelgusi yillarda ham O'zbekistonda logistika tizimi rivojiga alohida e`tibor qaratiladi. 2022-2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasida Jahon bankining “Logistika samaradorligi” indeksida (LPI) O'zbekiston o'rnini 77-pog'onadan past bo'lmagan darajagacha ko'tarish vazifasi belgilab berilgan. 2030 yilga borib O'zbekiston logistik samaradorligi bo'yicha eng yuqori o'rinlarda bo'lgan Germaniya, Niderlandiya, Shvesiya, Belgiya, Singapur, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Avstriya va AQSh kabi 50 ta davlat qatoridan o'rin olishi reja qilingan.

Jahon banki tomonidan har ikki yilda bir marta chop etib kelinayotgan logistika samaradorligi hisobotiga e`tibor qaratadigan bo'lsak, logistika tizimini yaxshilash borasida O'zbekistonda ijobiy tendensiya kuzatilmoqda. Xususan, mazkur hisobotga ko'ra, O'zbekiston 2016 yilda 160 davlat orasida 117-o'rinni egallagan bo'lsa, 2018 yilga kelib o'z o'rnini 18 pog'onaga yaxshiladi va 99-o'rindan joy oldi. Ya`ni qisqa muddat ichida mamlakatda transport infratuzilmasi sifati oshishi, xalqaro tashishlarni tashkil qilishda qulaylik yaratilishi, yuklarni kuzatish va o'z vaqtida yetkazish darajasi yaxshilanishi hisobiga logistika samaradorligi ko'rsatkichida o'sishga erishildi.

Taraqqiyot strategiyasida Transport va logistika xizmatlarini rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish vazifasi ham belgilangan. Bunda 18 ta katta, 22 ta o'rta va 80 ta kichik shahar o'rtasida transport logistikasi tizimi va infratuzilmasini rivojlantirish, hududlarda yuklar shakllanishining asosiy nuqtalarini hisobga olgan holda transport logistikasi markazlari tarmog'ini tashkil etish, xalqaro yuk tashishlardagi transport hujjatlarini elektron ko'rinishga bosqichma-bosqich o'tkazish, yuk tashish xarajatlarini 30 foizgacha kamaytirish, mavjud konteyner terminallarini davlat-xususiy sheriklik asosida rivojlantirish, temir yo'lda konteyner tashishlar ulushini kamida 2 barobar oshirish kabi dolzarb vazifalar belgilab berilgan.

 

Havo transporti – tashqi iqtisodiy aloqalar rivojida muhim yo'nalish

Temir yo'l va avtotransport bilan bir qatorda havo transporti logistikasini rivojlantirish bo'yicha ham bir qator vazifalar belgilanmoqda. Jumladan, Samarqand xalqaro aeroportini yirik transport xabiga aylantirish, bunda mahalliy yo'nalishlar bo'yicha parvozlar sonini haftasiga 7 tadan 20 tagacha, geografiyasini 4 ta yo'nalishdan 5 tagacha oshirish, xalqaro yo'nalishlar bo'yicha parvozlar sonini haftasiga 25 tagacha, geografiyasini 4 ta yo'nalishdan 8 tagacha oshirish, “ochiq osmon” rejimini joriy etish hisobiga 8 ta xorijiy aviakompaniyani jalb qilish va 17 ta yangi muntazam xalqaro yo'nalishni yo'lga qo'yish rejalashtirilgan. Shuningdek, Toshkent va Farg'ona vodiysida xalqaro aeroportlarni rivojlantirish choralari ko'riladi.

Xalq demokratik partiyasi a`zolari o'z dasturiy maqsadlaridan kelib chiqib, mazkur islohotlarni to'liq qo'llab-quvvatlaydi va ularni amalga oshirish jarayonlarida faol ishtirok etadi. Yurtimizdagi islohotlar natijasida iqtisodiyotimiz yanada yuksaladi, tashqi iqtisodiy aloqalar kengayadi, logistika tizimi rivojlanadi. Bu partiyamiz uchun prinsipial ahamiyatga ega bo'lgan masalalar samarali hal etilishi, jumladan, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarilishi, xizmatlar kengayishi, ularning tashqi bozorlarga chiqishi, pirovardida yurtimizda qo'shimcha va barqaror ish o'rinlari yaratilishi, aholi daromadlari oshishiga xizmat qiladi.

 

Ulug'bek VAFOEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O'zbekiston XDP fraksiyasi a`zosi.

 

«Yangi O'zbekiston», 11 mart, 2022 yil.

«O'zbekiston ovozi», 16.03.2022, №11.

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish