Qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibi soddalashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining Yer kodeksiga o'zgartishlar kiritilmoqda.
Unga muvofiq, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlaridan bir qator vakolatlar olinmoqda.
Birinchidan, bilamizki, qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan yerlarni ijaraga berish bo'yicha ochiq elektron tanlovda g'olib bo'lganidan so'ng qo'shimchasiga yana hokim uni tasdiqlashi kerak.
Endi bu vakolat hokimdan olinmoqda. Ya`ni, ochiq elektron tanlovda jismoniy yoki yuridik shaxs g'olib bo'lsa, shuning o'zi kifoya.
Ikkinchidan, yer uchastkalarini ijaraga berishda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan, shuningdek, elektron onlayn-auksion vositasida amalga oshirilgan.
Endi hokimlar yer uchastkalarini to'g'ridan-to'g'ri ijaraga berolmasligi qonun bilan mustahkamlab qo'yilmoqda.
Bu shuni anglatadiki, yer uchastkalarini ijaraga berish asosan ochiq elektron tanlov va elektron onlayn-auksion vositasida amalga oshiriladi.
Bundan maqsad shuki, fuqarolar ortiqcha sarson va ovora bo'lib yurmaydi. Vaqt ketgazib hokimning eshigini poylab o'tirmaydi. Elektron tanlov va auksion orqali yerni ijaraga olgan bo'lsa-da, “hali yerning to'liq egasi emas ekanman”, – degan xavotirlardan xalos bo'ladi.
Firdavs Sharipov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O'zXDP fraksiyasi a`zosi.
«O'zbekiston ovozi», 20.04.2022, №16