Deputatlar nima ish qiladi o'zi? Majlisdan chiqib majlisga kiradimi faqat? Kinoya va pichingga yo'g'rilgan bunday savollar yo'q emas mahallada, ko'cha-ko'yda. O'ylashimizcha, faqat yaxshi deputatlar emas, umuman, ko'plab sohalarda zo'r ishlab, natija ko'rsatadigan mutaxassislar yetishmaydi. Har bir muammoning o'ziga xos bir nechta sabablari bo'ladi. Bu haqda ko'p gapirish mumkin. Lekin murojaatlarni hal etishga kelganda, deputatlarga ham oson tutmaslik kerak. Ayniqsa, mahalliy Kengash deputatlariga…
Ular har kuni fuqarolarni qabul qiladi, deputatlarga oson bo'lmagan sharoitda muammolarga mutasaddilar bilan birgalikda yechim topishga intiladi.
QASHQADARYO VILOYATI
Murojaatlar turlicha bo'lishi mumkin. Ammo har birining ortida odamlar hayoti bilan bog'liq masalalar bo'ladi. U xoh shaxsiy, xoh hududiy muammolar bo'lsin, aholining ijtimoiy faoliyatiga ta`sir qiladi. O'zXDP Qashqadaryo viloyat, tuman va shahar kengashlari huzuridagi Jamoatchilik qabulxonalarida joriy yilning yanvar-mart oylarida aholidan 281 ta murojaat qabul qilingan. Ularning 212 tasi, ya`ni 76 foizi deputatlar, hamkor tashkilotlar orqali hal etilgan. Murojaatlar tahlili shuni ko'rsatadiki, ularning asosiy qismini uy-joy hamda moddiy yordam masalalari tashkil etmoqda.
Bugungi kunda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlaridagi O'zXDPdan saylangan 119 nafar deputat “Saxovat va ko'mak” jamg'armasidan maqsadli foydalanish imkoniga ega. Haqiqatda muhtoj fuqarolarga yordam ajratish maqsadida deputatlar ishchi guruhlari faoliyat ko'rsatmoqda. Xususan, Muborak, Nishon va Qarshi shahar Kengashidagi deputatlar bugungi qadar jamg'armadan murojaatlar asosida, 50 nafardan ortiq partiya elektorati vakillariga moddiy yordam, pul mablag'lari ajratilishiga ko'mak ko'rsatishdi.
Ulardan ayrimlarini keltirib o'tamiz. Xalq deputatlari Qarshi shahar Kengashidagi O'zbekiston XDP guruhi a`zolari Rashid Murtozoev, Yu.Saydaliev Qarshi shahridagi “Geolog” mahallasida yashovchi “Temir daftar”ga kiritilgan Gulnora Mirzaeva murojaatini o'rgandi. Ayolning o'g'li chet elda bo'lib, halokat sababli operasiya qilinishi kerak ekan. Ona chet elga zudlik bilan uchib ketish uchun deputatlardan yordam so'ragan. Deputatlar tashabbusi bilan jamg'armadan 5 mln. so'm moddiy yordam ajratilgan.
Xalq deputatlari Nishon tuman Kengashidagi O'zbekiston XDP guruhi a`zolari tomonidan xotin-qizlarga ko'mak berilmoqda. “Orzu Bo'stoni” mahallasida yashovchi D.Boboqulova farzandlarini boqishga qiynalayotgani sababli moddiy yordam so'ragan. Masala xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyasiga kiritilib, 2 million so'm moddiy yordam berilgan. To'g'ri, bu miqdor, mablag' uncha katta emasdir. Ammo bir oilaning ozroq vaqt bo'lsa-da tirikchiligi o'tib turishi, biron ish boshlab olishi, oyoqqa turib olishi uchun katta yordam bo'ladi.
Joriy yil aprel oyi boshida O'zXDP Yakkabog' tuman kengashi raisi, “Uchtepa” saylov okrugidan deputat Nazira Elmurodova tashabbusi bilan “Uchtepa” va “Istiqlol” mahallalaridagi “Ayollar daftari” ro'yxatiga kiritilgan, kam ta`minlangan nafaqadagi xotin-qizlardan jami 25 nafari qadimiy Samarqand shahriga sayohatga olib borilgan.
Yakkabog' tumanidagi “Kattabog'” MFY, “Uvat” qishlog'i aholisini anchadan buyon ichimlik suvi muammosi qiynab kelayotgandi. Fuqarolar tuman Kengashi deputati, Kengash kotibiyat mudiri Shuhrat Yusupovga ushbu masalada yordam so'rab murojaat qilishdi. Hududdan saylangan deputat masala bo'yicha tegishli tashkilotlarga deputatlik so'rovlari bilan chiqdi. Harakatlar natijasida qishloq aholisini toza ichimlik suvi bilan ta`minlash ishlari boshlangan. Xususan, qishloqdagi asosiy yo'l bo'ylab ichimlik suvi o'tkazish jarayoni davom etmoqda. Yaqin kunlarda ushbu qishloq aholisini qiynab kelayotgan muammo yechim topishi kutilmoqda.
Shuningdek, “Kattabog'” qishlog'ida elektr ustunlarni yangi beton ustunlarga almashtirish, ichki yo'lni ta`mirlash, 1-guruh nogironi Salim Abdievning salomatligini tiklash masalalarida amaliy yordam so'ralgan. Deputat Shuhrat Yusupov muammolarni joyiga borib o'rganib, tegishli tashkilotlarga deputatlik so'rovi chiqarib, tez kunda ijobiy hal qilish chorasini ko'rmoqda.
Bu misollar 2-3 nafar deputatning faoliyatidan edi. Endi tasavvur qiling, har bir tuman, shahar, viloyatning qanchadan-qancha deputati, xalq saylagan vakillari bor. Ularga har kuni qancha murojaatlar bo'ladi, har oyda odamlarni o'ylantirayotgan qancha masalalar hal etiladi?
XORAZM VILOYATI
Xorazmlik deputatlar ham ortda qolishayotgani yo'q. O'zXDP viloyat, shahar va tuman kengashlari qoshidagi 13 ta Jamoatchilik qabulxonasiga yanvar-mart oylari mobaynida fuqarolardan 233 ta murojaat tushgan bo'lib, ularning 187 tasiga qonun doirasida javob berilgan va qolgan 46 tasi esa o'rganish jarayonida.
Murojaatlar tahlil qilinganda ko'rindiki, aholini ish bilan ta`minlash, uy-joy xizmatlari sifatini yaxshilash, odamlarning salomatligi masalalari dolzarb bo'lib turibdi. Agar deputatlarga, partiya kengashlariga bo'layotgan murojaatlar birlashtirilib, ularda ko'proq ko'tarilayotgan masalalar tahlil etilsa, ana shu sohalarga alohida e`tibor qaratilsa, murojaatlar, odamlarning o'y-tashvishlari kamayishiga erishiladi.
Keling, ayrim deputatlarning faoliyatiga bir nazar tashlaymiz. Xalq deputatlari Xiva shahar Kengashi deputati Leninza Atajanovaga “Do'stlik” mahallasida yashovchi fuqarolar Anaposhsha Yusupova farzandining operasiyasi uchun, Shohista Matyaqubova ko'zini operasiya qildirish uchun yordam so'raydi. Ushbu masalalar sessiyaga kiritilib, zarur mablag' ajratilishiga erishildi.
Xalq deputatlari Xiva shahar Kengashi deputati Atanazar Pirnazarovga “Buyuk yo'l” ko'chasidan Mahfuza Egamova farzandi operasiyasi, “Kiyat” mahallasida yashovchi Marks Hasanov jarrohlik amaliyoti uchun yordam so'rashdi. Ularga ham zaruriy mablag' ajratildi.
Xalq deputatlari Urganch tuman Kengashi deputati Barno Berdievaga “Anjirchi” mahallasidan Gulchehra Saparova boquvchisi yo'q qizi Fotima Saparovaning uyini ta`mirlashda yordam so'rab murojaat qildi. Deputat va homiy tashkilotlar yordami bilan masala ijobiy hal etildi.
“Qovunchi” mahallasidagi “Oq alam bobo” qabristoni xaroba holga kelib qolganligi sababli ko'p yillardan beri foydalanilmagan. Fuqaro G'ofur Sobirov deputat Mash`al Vaisovga ushbu qabristonda obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish uchun ruxsat olishda amaliy yordam so'raydi. Deputatlar ko'magi bilan qabriston obodonlashtirildi.
Savol tug'iladi? Deputatlar har bir murojaatni hal qilib berishga majburmi? Yo'q, qonunan deputatga bunday majburiyat yuklatilmagan va bu borada uning vakolatlari ham cheklangan. Aytaylik, yo'llarni ta`mirlash, ichimlik suvi keltirish, xonadonni ta`mirlab berish, salomatligini tiklash uchun operasiyalarga pul ajratish uchun uning hisobida mablag' bo'lmaydi. Ammo murojaatlarda ko'tarilgan masalalarni tegishli organlarga yetkazish, bildirish, deputatlik so'rovi yuborish, nazorat o'rnatish vakolatiga ega. Buni hamma saylovchi ham, fuqaro ham tushunavermaydi. Sayladikmi, muammolarimizni hal qilib berishga majbur, deb hisoblashadi. Uchrashuvlarda deputatlar buni aholi vakillariga tushuntirishi, ammo muammolarni hal etishda qo'ldan keladigan yordamlarini ayamasliklarini yetkazishi kerak.
JIZZAX VILOYATI
Bir marta ko'chasi ta`mirlansa, yillab eskirib yotgan elektr simlari almashtirilsa, yillar davomida kelmagan suvlar uchun quvurlar yotqizilib, ichimlik suvi kelib tursa, saylovchi nega bezovta bo'lsin?! Boshqa mayda masalalar vaqt ham, katta mablag' ham talab etmaydi. Shunchaki e`tiborning o'zi uni hal qilish uchun yetarli.
Ma`lumotlarni yig'ish davomida Arnasoy tuman Kengashi deputati Ra`no To'rabaeva faoliyati e`tiborimizni tortdi. U “Zarafshon” mahallasida xonadonma-xonadon yurib, aholini o'ylantirayotgan masalalarni o'rgandi. Deputat Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati vakili M.Boboeva bilan birga fuqarolardan tushgan 12 ta murojaatning 6 tasini hududning o'zida hal etish choralarini ko'rdi. Shuningdek, deputatga “Turkiston” ko'chasi, 15-uyda yashovchi Zarina Meliqulova eshitish moslamasi kerakligi, Jamila Xo'jamurodova esa “Turkiston” ko'chasini kechki vaqtlarda yoritish masalasida murojaat qildi. Deputat ko'magi bilan masalalar ijobiy hal etildi.
Yana bir tuman Kengashi deputati Muhiddin Suyarovga G'afur G'ulom mahallasi, “Do'stlik” ko'chasidan Nafisa Ahmedova yog'ingarchilik ko'p bo'lgan kunlarda yo'l chetida suv to'planishi natijasida xonadonlarga suv kirayotgani, Durdona Asrorova iste`mol krediti olish, “Bo'ston” MFYdan Nasiba Turkaboeva uy-joy bilan ta`minlash, “Baxt” mahallasidan Gulnora Sandiboeva moddiy yordam olish masalasida murojaat qildi.
“Buloqboshi” QFY, “Uzunbuloq” qishlog'idan Lapas Tojiboev qishlog'idagi eskirgan simyog'ochlarni almashtirtish masalasida “13-Olmazor” saylov okrugi deputati Sanaqul Lapasovga murojaat qildi. Deputat kiritgan so'rov asosida tuman elektr tarmoqlaridan 17 dona beton ustunlar olib borildi.
Baxmal tuman “Jarbuloq” QFYdan Qurboev Arziqul ichki yo'lni ta`mirlash masalasida tuman Kengashi deputati Sh.Xoliqovga murojaat qiladi. Deputat yordami bilan tuman hokimining qurilish bo'yicha o'rinbosari hamda tuman obodonlashtirish bo'limi hamkorligida ushbu masala o'rganilib, ko'chaga shag'al yotqizish ishlari boshlanishi belgilandi.
Xalq deputatlari Zomin tuman Kengashi deputati M.Qo'ldoshevga “Duoba” QFYdan S.Qulbekov “Boytepa” qishlog'i 8-sonli umumta`lim maktabi filialini asosiy maktabga aylantirish, qo'shimcha o'quv xonalari va sport zali qurish masalasida murojaat qildi. Deputat masala yuzasidan Jizzax viloyat XTBga deputat so'rovi bilan chiqdi, uni hal etish choralari ko'rilmoqda.
Ma`lumki, deputatlik so'rovi aholi murojaatlarini hal etishda muhim o'rin tutadi. Xalq vakili odamlarning murojaatlariga asoslanib, ularda ko'tarilgan masalalar bo'yicha tegishli organlarga so'rov bilan chiqadi. Deputatning ana shu birgina xati bilan uzoq vaqt davomida yechimini kutayotgan masalalarga mutasaddilar va nihoyat, e`tibor qaratishadi. Davlatimiz rahbari aytgan oddiy odamlarni rozi qilish, inson qadri ustunligi tushunchalari ana shu quyi bo'g'in rahbariyati, mutasaddilari ko'proq ahamiyat qiladigan masaladir.
ANDIJON VILOYATI
Deputatning bir o'zi katta kuch emas. Ammo ular birlashsa, maqsad va g'oyalarini mushtarak qilsa, ana shunda kuchli bo'g'inga, odamlar tayanchiga aylanadi. Xalq deputatlari Bo'ston tuman Kengashida 25 nafar deputat bo'lib, ularning 15 nafari O'zXDPdan saylangan. O'zbekiston XDP tuman kengashi va tuman Kengashi deputatlari ishtirokida qabullar tashkil etilmoqda. Deputatlarga o'tgan yil davomida 332 ta murojaat kelib tushgan bo'lib, 320 tasi ijobiy hal etilgan. 2 ta murojaat nazoratda turibdi. Shuningdek, muammoli murojaatlar yechimi bo'yicha deputatlar tomonidan mutasaddi tashkilotlarga 2021 yilda 70 ta deputatlik so'rovi yuborilgan. So'rovlarning 68 tasi ijobiy hal etilib, 2 ta so'rov nazoratga olingan. 2022 yilning 3 oyi davomida jami 116 ta murojaat kelib tushgan bo'lib, 9 ta murojaat nazoratda turibdi. Ular ham o'z yechimini topish arafasida ekan.
Deputat Rahimaxon Sulaymonova Nodiraxon Obidovaga murojaatiga asosan, onkologik kasallikdan muolaja olishi uchun order olib berildi. “Saxovat va ko'mak” jamg'armasi tomonidan moddiy yordam ajratildi.
Deputat Matlubaxon To'ychieva ko'magi bilan “Bo'ston” mahallasi, “Quruvchi” ko'chasida yashovchi Mo'ydinova Gulnoraxonning uy-joyi kuyib ketgani, oilaviy holati og'irligi haqidagi murojaatiga asosan “Saxovat va ko'mak” jamg'armasidan moddiy yordam berildi. Fuqaro Gulbahor Xudoyberdievaga buyrak serrozi kasalligidan davolanishi uchun tashkiliy va moddiy yordam ko'rsatilgan. Xursandbek Hojiakbarovning murojaatiga asosan mutasaddi tashkilotlar orqali yangi transformator qo'yib berilgan.
Deputatlarning barchasi ham murojaatlarga birdek e`tiborli bo'lavermaydi. Besh qo'l barobar emas. Bir deputat saylovchilar bilan muntazam aloqani yo'lga qo'ygan bo'lsa, boshqa biri bu borada biroz sustkashlik qiladi. Ayrimlari esa odamlar tashvishiga befarq. Ammo xalq deputatlari Bo'ston tuman Kengashiga partiyamizdan saylangan har bir deputat faoliyati namuna qilib ko'rsatishga arziydi, deyishmoqda.
NAVOIY VILOYATI
Xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashida partiyamizdan saylangan 11 nafar, tuman, shahar Kengashlarida 45 nafar deputat faoliyat olib boradi.
Ma`lumki, Taraqqiyot strategiyasining “Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish” yo'nalishida xalq deputatlari Kengashlarini hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirish, mahalliy byudjetni shakllantirish va nazorat qilishdagi asosiy bo'g'inga aylantirish vazifasi ilgari surilgan. Navoiylik deputatlar ham shunga mos ravishda faoliyat yuritishga, murojaatlarni ijobiy hal etishga harakat qilmoqda.
Partiya kengashlari va deputatlik birlashmalarining amaliy harakatlar Dasturi tasdiqlangan bo'lib, unga asosan 45 ta deputatlik so'rovi chiqarilgan bo'lib, uning 21 tasi ijobiy hal etilgan, 24 tasi nazoratga olingan.
Deputatlar o'zlari saylangan hududlarning aholisi bilan muntazam ravishda uchrashuvlar, sayyor qabullar o'tkazish orqali muammolarini o'rganmoqda. Xususan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”ga kiritilgan 87 nafar fuqaroning murojaati o'rganilib, 69 tasi ijobiy hal etilgan. Sayyor qabullarda ishtirok etgan 132 nafar fuqaroning 110 ta muammosi o'rganilib, hozirgacha 77 tasi ijobiy yechimini topgan.
Raqamlardan ko'rinib turibdiki, joylarda yechimini kutayotgan masalalar oz emas. Muammo va murojaatlardan qochib yuradigan deputatlar ham yo'q emas. Partiyamiz tashkilotlari ularni faollikka undash choralarini ko'radi, degan umiddamiz. Bir-birimizni ozroq tanqid qilib turmasak, o'smaymiz, rivojlanmaymiz.
Gulruh ODASHBOEVA,
“O'zbekiston ovozi” muxbiri.
«O'zbekiston ovozi», 20.04.2022, №16