Telekanallarda dori-darmonlar, biologik faol qo'shimchalar reklamasi avj olganiga sabab nimada? Televideniedagi gaplarga qattiq ishongani uchun odamlarning o'zi aybdordir? Telekanallar pulini to'lasa, yaxshiligi yoki foydaliligi isbotlangan-isbotlanmagan narsalarni reklama qilaveradimi? Balki gap tibbiyot tizimiga ishonchdandir? Kimlardir dorilarga, biologik qo'shimchalarga mukkasidan ketganidan hayotini preparatlarsiz tasavvur qila olmaydigan darajaga kelib qoldimi? Savollar ko'p. Rang-barang preparatlardan, shifobaxshligi aytilgan ichimliklardan ko'pchilik mijozlarning ham ixlosi qayta boshladi. Endi yolg'onchi hissiyotlardan xalos bo'lib, telekanallar, reklama beruvchilar, iste`molchilar nega bunchalik jazavaga tushgani haqida chuqur o'ylab ko'radigan vaqt kelmoqda. Sog'liqni saqlash vazirligi asosiy mas`ul bo'lgan mutasaddilar.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a`zosi Qizilgul Qosimova fikriga ko'ra, tomonlar mukkasidan ketishining juda ko'p ob`ektiv va sub`ektiv sabablari bor. Ulardan eng asosiysi tibbiyotda yo'l qo'yligan xatolar, deb baholaydi. Qolaversa, xalqimizda tibbiy madaniyatning qanday darajada ekani ham mana shu holatlarga sabab bo'lmoqda. Shuningdek, dorixonalar tadbirkorlik sub`ekti ko'rinishida bo'lgani bois o'zining tovarini o'tkazish tarafdori ekani ham dori reklamalarining urchib ketishi omillaridan biridir.
Ma`lum bo'lishicha, parlament quyi palatasida bu holatni chuqur tahlil qilish kutilyapti. Aslida bu allaqachon qilinishi kerak edi, kech qolyapmiz. Agar har bir deputat o'z okrugidagi holatni chin dildin o'rganib, aholining bu boradagi fikrlarini o'rgansa, masalaning yechimi osonlashadi. Ana shunda lisenziyani kim qanday qo'lga kiritgani, chiqarilayotgan dori-darmonlarning sifatiga javob berish borasidagi ishlar jadallashadi. Odamlarga naf keltiruvchi ish qilingan bo'ladi.
Mutaxassislar qaerdaki tibbiyot qoloq bo'lsa, o'sha yerda farmakologik biznes rivojlanishini ta`kidlaydi. Endi bir fikr yuritaylik, tibbiyot tizimi bizda qanday darajada? Afsuski, bu savolga aksariyat o'zbekistonliklar yaxshi emas, degan javobni bergani bois ular soxta, hech bir foydasi, davosi bo'lmagan vositalarga ishonishga majbur bo'lmoqda. Achchiq haqiqat shuki, tibbiyotga, tibbiyot xodimlariga, ayniqsa, davlat tasarrufidagi davolash profilaktika tibbiyot muassasalariga xalqning ishonchi kamayib borayotgani farmsanoatning «pul qilish» manbasiga aylanishiga zamin yaratmoqda. Kamiga xususiy klinkalarda narx-navo qimmat, hammaning ham qurbi yetmaydi. Dorixonalarda ham ana shu ahvol.
Yoshi katta, malakali shifokorlar tizim o'zgarishi kerak, deb hisoblaydi. Farm nazorat, farm inspeksiyalar qayta tiklanishi va u vazirlikdan alohida faoliyat yuritishi kerak. Ana shunda mustaqil bo'ladi, ularga xolis fikr bildirish, kamchiliklarini tahlil qilish imkoni ortadi. Ayni paytda shu kabi takliflar ham Sog'liqni saqlash vazirligiga taqdim etilgan.
To'g'risi, men dorilar, xususan, biologik faol qo'shimchalar reklamasiga mutlaqo qarshiman. Har qadamda dori reklamasi, namoyish etilayotgan filmdan ko'ra ko'proq «Alhadaya» yoki yana boshqa turdagi reklamalar kayfiyatga ham, ruhiyatga ham salbiy ta`sir qiladi. Shunga qaramay, qayta-qayta takrorlanishi natijasida ularni iste`mol qiladiganlar ham ko'payadi. Bu esa millat uchun, xalq uchun va tabiiyki, butun bir davlat uchun jiddiy xatarlarni yuzaga keltirishi mumkin. Agar o'sha reklamalarda ta`kidlanganidek, taklif etilayotgan dorilar shifobaxsh bo'lganida odamlar sog'ayib, kasalxonalar bo'shab qolgan bo'lardi. Afsuski, buning aksiga puliga kuygan o'zbegim dardiga darmon topa olmay sarson bo'lmoqda.
Biologik qo'shimchalar arzonmi?
Ishim tushmagani bois bu savolga aniq javob ayta olmasdim. Kecha shu mavzuga qo'l urishdan oldin odamlar bilan gaplashdim. Zulayho ismli tanishim yuragi bezovta qilib turgani uchun biologik qo'shimchalar savdosi bilan shug'ullanadigan klinikalardan biriga borgan. Birinchi oyda oddiy o'tlarning 3 xilini 300 AQSh dollariga sotib olgan. Ta`sirini sezmagan. Bu haqida klinkadagilarga aytsa, 3 oyda ta`sir qilishini tushuntirishgan. Shunday qilib, tanishim ikkinchi oyga 400 dollarga dorilar sotib oladi. Oradan biroz vaqt o'tib, «GUANGZHOU» haqida ijtimoiy tarmoqlarda videolar tarqaladi. Shundan keyin Zulayho ham o'ylab qoladi. Afsuski, klinika uning pullarini qaytarib bermabdi. Puli kuyganidan hali ham dorilarni ichishni davom ettirayotganini ta`kidladi.
Kechga borib, Andijondan kelgan dugonam ham ovqat oldidan ikkita qutida dori olib kelib ichdi. Nima ekanini so'radim. Biror xastaligi bormi, degan andishaga bordim. U esa bamaylixotir «yo'g'e, hammasi joyida, «vision»dan biologik qo'shimchalar», dedi. Tabiiyki foydasi va narxi haqidagi savollarni berdim. «Foydasini sezdim. Immunitetni ko'taradi, deyishgandi. Lekin narxi qimmat. 3 ta dori bir million so'm va bu bir kurs uchun. Kamida uchta mana shunday kurs olishim kerak», deb javob qaytardi. Lekin birozdan keyin holsizlikdan, tushunmagan og'riqlardan qiynalganini ham aytib o'tdi.
O'ylab qoldim, dori ta`sir qilayotgan bo'lsa, nega tez charchab qolyapti? Balkim bu shunchaki dangasalik, deyish ham mumkindir. Ammo yuzlaridagi horg'inlik ham uning so'zlarini tasdiqlab turgandi.
Ikkinchi bir tomoni, bir emas, bir necha o'nlab nomda sotilayotgan va biologik faol qo'shimchalar, deb ta`kidlanayotgan vositalarning bir kursi kamida 3 millon bo'lsa… Ularga tavsiya qilinayotgan vositalar ishonchlimi? Bular endi bizga qorong'u…
Nahotki?
Birgina «GUANGZHOU» misolida olsak, uning respublikamizda 42 ta filiali bor ekan. Xo'p, ularga dorilarni yetkazib berish va shuncha joydagi aholini qamrab olish uchun katta miqdorda ta`minot kerak bo'ladi. Vositalar, xom ashyo xorijdan kelsa, 3-4 ta samolyot osmondan tushmay uchishi kerak, deydi mutaxassislardan biri. Biroq buni hech kim na ko'rdi, na bildi. Shunda ham masalaga mas`ullar, ruxsatnoma berganlar, nazorat o'rnatishi kerak bo'lganlar negadir sukut saqlashni ma`qul ko'rmoqdami?
Jamoatchilikni bir qancha savollar hanuz qiynamoqda. Chunki «GUANGZHOU» bu o'rgamchak to'ridek ildiz otib borayotgan biologik faol qo'shimchalar savdosi bilan shug'ullanuvcha markazlarning birginasi, xolos. Bugun u qadar mashhur bo'lmay odamlar qo'lida, uyida yurgan noma`lum va sifati kafolatlanmagan vositalar qancha? Kim biladi? Lisenziya berganlar nega shuncha vaqtdan beri indamay o'tiribdi? Yo odamlar bilishi kerak bo'lmagan nimalardir bormi?
Jamoat salomatligi haqida qayg'urib, bir g'aribroq firibgar haqida markaziy telekanallargacha lavha tayyorlashga erinmaydigan idoralar xodimlari, nazorat qiluvchi tashkilotlar nega jim qarab turibdi? Ajab, bir masalaning yechimi uchun u muammoga, ortga qaytarib bo'lmaydigan holatga kelib qolishi shartmi?
Zilola UBAYDULLAEVA,
«O'zbekiston ovozi» muxbiri.
«O'zbekiston ovozi», 10.05.2022, №18-19