Strategik hujjatlar xalq ta`limini rivojlantirishga xizmat qiladi

 

Insoniyat tarixi guvohlik beradiki, qaerda, qachon ta`lim, tarbiya jarayonlari to'g'ri yo'lga qo'yilgan bo'lsa, o'sha joyda, albatta, o'sish, yuksalish ro'y bergan. Keyingi yillarda davlatimiz rahbari tashabbuslari asosida ta`lim tizimini rivojlantirishga qaratilayotgan e`tibor zamirida Uchinchi Renesans g'oyasini ro'yobga chiqarishdek ezgu maqsad mujassam.

Prezidentimizning 2022-2026 yillarda xalq ta`limini rivojlantirish bo'yicha milliy dasturni tasdiqlash to'g'risidagi farmoni, shuningdek, Xalq ta`limini rivojlantirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risidagi qarori ta`lim tizimidagi islohotlarni yangi bosqichda izchil davom ettirish bo'yicha strategik hujjatlar hisoblanadi.

Tegishli farmon bilan 39 ta aniq chora-tadbirni o'z ichiga olgan 2022-2026 yillarda xalq ta`limini rivojlantirish bo'yicha milliy dastur tasdiqlandi. Ushbu dasturda xalq ta`limi tizimini zamon talablariga muvofiq isloh etish bo'yicha 6 ta ustuvor yo'nalishda vazifalar belgilandi.

Ilg'or xorijiy tajriba asosida ta`lim sifatini oshirish birinchi ustuvor yo'nalish sifatida qayd etilgani bejiz emas. Har bir soha, ayniqsa, ta`lim sohasi dunyoda har kuni o'smoqda, inson kapitalini tezkor va samarali rivojlantirish bo'yicha yangidan-yangi yondashuvlar, metodologiyalar vujudga kelmoqda. Milliy ta`lim tizimimizni ilg'or tajribalarga moslashtirmasdan turib, global olamda o'z o'rni va so'ziga ega bo'ladigan yosh avlodni voyaga yetkazish imkonsizdir. Keyingi o'quv yiliga, shu yil sentyabrga qadar ta`lim jarayoniga yangi milliy o'quv dasturini joriy etish vazifasi belgilandi.

Alohida ta`kidlash kerakki, jamiyatda o'qituvchi kasbi hurmatini joyiga qo'yish bo'yicha oxirgi yillarda misli ko'rilmagan yutuqlarga erishildi. Pedagoglar faqat ta`lim-tarbiya jarayonlari bilan mashg'ul bo'lishi, kasbi bilan bog'liq bo'lmagan ishlarga jalb etilishi taqiqlandi. O'tgan yillarda pedagoglarning hurmatini tiklash, qaddini ko'tarish ustuvor masalalardan bo'lgan bo'lsa, endilikda Milliy dasturda jamiyatda o'qituvchi kasbi nufuzini oshirish vazifasi qo'yilmoqda.

O'qituvchilik shunday kasbga aylandiki, har kuni o'z ustida ishlamagan, zamonaviy bilimlarni o'zlashtirmagan pedagog o'quvchilarga sifatli ta`lim berish uyoqda tursin, ularning e`tiborini ham torta olmaydi, fanlarga qiziqtira olmaydi. Ayniqsa, yangi o'quv yilidan yangi milliy dasturning joriy etilishi pedagoglarning doimiy kasbiy rivojlanishini, o'ziga nisbatan talabchanlikni oshirishni talab etadi.

Etakchi davlatlar tajribasi shuni ko'rsatdiki, har bir soha bo'yicha zamonaviy boshqaruv, tizimli monitoring va jamoatchilik nazorati institutlarini faol yo'lga qo'yish, ularni muntazam ravishda takomillashtirib borish zarur. Bu masalalar 10 mingga yaqin maktablardagi ta`lim jarayonlarini samarali olib borishda dolzarb ahamiyatga ega, albatta.

Shuning uchun ham Prezidentimizning 2022-2026 yillarda xalq ta`limini rivojlantirish bo'yicha milliy dasturni tasdiqlash to'g'risidagi farmonida ilg'or maktab direktori va namunali o'qituvchi mezonlarini ishlab chiqish, ular asosida rahbar va pedagog kadrlar faoliyatini baholab borish, umumiy o'rta ta`lim muassasalarida ma`naviy-ma`rifiy ishlarni tizimli tashkil etish, mazkur yo'nalishda uzluksiz monitoring, baholash va prognozlash mexanizmlarini yo'lga qo'yish, bola ta`lim-tarbiyasida oila, ayniqsa, ota-onaning o'rnini oshirish, umumiy o'rta ta`limda barcha ma`lumot almashinuvi jarayonlarini Xalq ta`limi tizimini boshqarishning yagona dasturiy majmuasi orqali amalga oshirish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.

Shuningdek, farmonda aniq maqsadli ko'rsatkichlarga erishish vazifalari qo'yildi. Xalq ta`limi vazirligi 2024 yil 1 sentyabrga qadar Milliy o'quv dasturining ta`lim jarayoniga to'liq joriy etilishini, shu jumladan, 2022 yil yakuniga qadar 3-, 6-, 7- va 10-sinflar uchun, 2023-2024 yillarda 4-, 5-, 8-, 9- va 11-sinflar uchun darsliklar, mashq daftarlari hamda o'quv qo'llanmalar yaratilishini ta`minlashi kerak.

2022 yil 1 sentyabrga qadar 3-, 6-, 7- va 10-sinf o'qituvchilari Milliy o'quv dasturi asosida ishlab chiqilgan qisqa muddatli malaka oshirish kurslarida o'qitiladi.

Xalq ta`limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlari negizida Pedagoglarni yangi metodikalarga o'rgatish milliy markazlari, A.Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti negizida esa A.Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o'rgatish milliy-tadqiqot instituti tashkil etiladi. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, uning huzuridagi ta`lim va ilmiy tashkilotlar Xalq ta`limi vazirligi tasarrufiga o'tkazilib, pedagogika yo'nalishi bo'yicha o'quv dasturlarni ishlab chiqishda yetakchi oliy ta`lim muassasasi etib belgilandi.

Prezidentimizning “2022-2026 yillarda xalq ta`limini rivojlantirish bo'yicha milliy dasturni tasdiqlash to'g'risida”gi farmonida ta`lim tizimidagi islohotlarni jadallashtirish bo'yicha boshqa vazirliklar zimmasidagi vazifalar ham aniq ko'rsatib qo'yildi. Bu bejiz emas, albatta.

Xalq ta`limi katta tizim, maktablarda ta`lim-tarbiya jarayonlari sifatli yo'lga qo'yilishi boshqa ko'plab tashkilotlar ham samarali ishlashini taqozo qiladi. O'zi, umuman, bu masala davlatimiz rahbarining doimiy nazoratida bo'lib, joylarda hokimlar maktablardagi sharoitni yaxshilash bo'yicha asosiy mas`ul etib belgilangan.

Prezident farmoniga ko'ra, Xalq ta`limi vazirligi Moliya vazirligi, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishgan holda, 2022 yil 1 sentyabrga qadar 2023-2024 yillarda maktablarda ma`nan eskirgan kompyuter sinflarini yangilash bo'yicha dasturni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi. Mazkur dasturni moliyalashtirish uchun respublika byudjeti hisobidan 200 milliard so'm, mahalliy byudjetlar hisobidan 200 milliard so'm miqdorda mablag'lar ajratiladi.

2023 yildan boshlab Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Moliya vazirligi mas`ulligida umumiy o'rta ta`lim muassasalarini zamonaviy kompyuterlar bilan ta`minlashni moliyalashtirish manbalarini aniqlash choralari ko'riladi.

Prezidentimiz tomonidan xalq ta`limi tizimini rivojlantirish bo'yicha qabul qilingan strategik ahamiyatga ega hujjatlarda bir-biridan muhim vazifalar belgilab berildi. Ularning ijrosini ta`minlash, oldinga qo'yilgan aniq maqsadli natijalarga erishish nafaqat mutasaddi vazirlik-idoralar, hokimliklar, shu bilan birga, parlament va xalq deputatlari Kengashlari zimmasiga ham katta mas`uliyat yuklaydi.

Hududlardagi, saylov okruglaridagi o'rganishlar jarayonida, nazorat-tahlil tadbirlarida mamlakatimizdagi barcha deputatlik birlashmalari farzandlarimiznig kelajagi, vatanimiz istiqboli bilan chambarchas bog'liq bo'lgan ta`lim masalasiga befarq bo'lmasligi zarur. Chunki maktab, qaysi sohada faoliyat yuritmaylik, hammamizga daxldor masala bo'lib qolaveradi.

 

Ulug'bek Inoyatov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O'zbekiston XDP fraksiyasi rahbari.

«O'zbekiston ovozi», 18.05.2022, №20

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish