Konstitusiyaviy islohotlar zarurati haqida ayrim mulohazalar
ARMON O'LIMDAN OG'IR
– Qarang, qancha odamlar shularni bilmay qamalib ketdi!
Onasini, bolasini bir ko'rishga zor bo'lib, qon qaqshab o'tganlar bo'ldi!
Umumxalq muhokamasi bo'yicha tashkil etilgan tadbirdan keyin bir ayol shunday deb kuyundi.
Haqqing, huquqing borligini, bular senga joning bilan birga berilganini bilmay ketish og'ir fojia. Lekin u bir seniki emas. Bu avvalo, sen onangdek yaxshi ko'radigan Vatanning, ota-bobolaring ter va qon to'kkan, yaqinlaring yashaydigan jamiyatning fojiasidir. Bu haqqing borligini bilib turib, kasbiga, qasamyodiga, insoniylikka xiyonat qilganlarning fojiasidir.
Yotar joyim omonat bo'lgan muxbirlik vaqtlarimda bir mushtipar inson pasportinimi, propiskasinimi ko'rsata olmagani uchun arqonga osib urishganini yig'lab, ezilib aytganida taskin berishdan durustroq yordam qilolmaganimdan haligacha qiynalaman. Shu odam formali kimsalarni ko'rsa, dag'-dag' qaltiroq tutardi. O'sha vaqtlar ham qonun, Konstitusiya bor va siyosiy-huquqiy mavzularda maqolalar yozilar, qonun chiqaruvchilar, huquq himoyachilari baland notalarda so'zlashishar edi.
QO'RQUV VABOGA O'XSHAYDI
Hadik, xavotir, qo'rquv odamlarning ruhiyatiga o'tirib, uzoq davom etsa, suyagiga ham singib ketadigan yomon ruhiy holat. Bunday hislar ko'p jamiyat rivojlanmaydi, aksincha, cho'kib, qorong'ulikka g'arq bo'lib qolaveradi. Qonunlar va qomus yaratish ehtiyojlaridan biri ham qo'rquvning oldini olish bo'lgan bo'lsa, ne ajab. Huquq buzilishi, haq olinishidan hadik, xavotir bo'lmasa, hech kim hech narsadan qo'rqmasa, Konstitusiyaga ham zarurat qolmasdi, ehtimol.
Hadik, xavotir va qo'rquvdan eng ko'p aziyat chekkanlik, ziyon ko'rganlik bo'yicha ko'rsatkichlarni aniqlashni imkoni topilsa, uzoq va yaqin tariximizga ko'ra, yomon o'rinlarda bo'lganimiz aniq.
Kim kimdan yoki nimadan qo'rqardi?
Mehnatkash, tadbirkor, uddaburon odamlar yaqin-yaqingacha (kimlardir hozir ham qo'rqar) boy bo'lishdan qo'rqardi. “Puling ko'paysa, darrov orqangdan tushishadi”. “Maska shou”, har xil “tadbir”lar uyushtirilardi.
Barcha toifa odamlar formali xodimlarning qo'liga tushishdan, to'g'rirog'i, qonunsizlik, adolatsizlik, madaniyatsizlikdan qo'rqardi.
Bitta jinoyat qilgan odam boshqa jinoyatlar uchun ketishdan qo'rqardi.
Bolasi bir kecha uyiga kelmagan onalar o'g'lining jigari ezilishidan qo'rqardi.
Yana, masalan, Surxondaryoda haydovchilar qaysi bir mashinalardan tezroq yurib qo'yishdan qo'rqardi.
Xavotirning, hadikning, qo'rquvning turi ko'p, rangi har xil.
Konstitusiyamiz odamni ziyon keltiradigan hislardan asraydigan, himoyalaydigan qudratga ega, hadik va xavotirni tarqatib, kuch, ishonch beradigan hujjatga aylanmoqda. Bu juda zarur.
Ko'pchilikning ichida, ruhiyatining tub-tubida hadik, xavotir, qo'rquv yashaydi. Buning sababi ko'p, tomiri chuqur masala. Qo'rquv vabodek gap, odamdan odamga yuqib, jamiyatni abgor qiladi.
Xalq bilan muloqot, qat`iyat, huquq-tartibot idoralaridagi misli ko'rilmagan islohotlar natijasida jamiyat bu kasallikdan ancha tuzalib qoldi. Eng yomoni, u qaytalishi mumkin.
Prezident shuning uchundir har doim fuqarolarning ustuvor huquqlariga daxl qilmaslik, himoyasiz odamlarning huquqiga, daxlsizligiga ko'z olaytirmaslik masalalari haqida qat`iy talab qo'yadi. Endi bu masalalar Konstitusiyada aniq yozib qo'yilmoqda. Kodekslarda ko'zga ilinmaydigan joylarda qolib ketgan huquqning oltin qoidalari 2022 yilga kelib hamma ko'radigan mo'`tabar joyga bitib qo'yilmoqda:
“Insonning qadr-qimmati, asosiy huquq va erkinliklari daxlsiz, ajralmasdir, ular har kimga tug'ilganidan boshlab tegishli bo'ladi”.
“Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o'zining aybsizligini isbotlab berishi shart emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin”.
“Hech bir shaxs o'ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emas”.
O'zbekistonda qancha odam shunday huquqi borligini biladi? Ko'p emas, ehtimol juda kamdir. Huquqni bilmaslik odamni yanada kuchsizroq qiladi. Kuchsiz odamlar ko'paygan jamiyat yaratishdan, ijod qilishdan bilib-bilmay to'xtab qoladi. No'noq va madaniyatsiz tergovchining noqonuniy harakati, shu tariqa shifokorning bemorni davolash ishtiyoqiga salbiy ta`sir ko'rsatadi. Qo'shnisi adolatsizlikka duchor bo'lganini ko'rgan doyaning ko'ngli keng va yorug' bo'lmaydi. Aksincha, aybsiz yaqini oqlangani, ota uchun qizi yoki o'g'li javob bermaganini ko'rgan odamlar o'nlab, yuzlab odamlarga yaxshi energiya tarqatadi. Bitta adolat jamiyatga minglab yaxshilik olib kirish qudratiga ega bo'ladi. Umumxalq muhokamasidagi tadbirdan keyin uchragan ayolning ko'zlari yana ko'p gaplarni aytib bera oladi.
48 SOAT MO'`JIZASI
Konstitusiyaviy komissiyaning birinchi muhokama yig'ilishida Senatning sud-huquq masalalari bo'yicha qo'mitasi raisi 48 soat qoidasi haqidagi taklifni mazmunli va hayajonli fikrlar bilan bildirganida butun zal shu odamdan ko'zini uzgani yo'q. Hatto kamerachilar uyoq-buyoqqa yurmay qo'ygandi o'shanda.
Nima uchun shunday bo'lgani tushunarli: qatag'on yillaridan buyon yaqin-yaqingacha bo'lgan og'ir davrda bu savdo boshidan o'tmagan biror oila, sulola qoldimikan?.. Nohaq olib ketish, nohaq ushlab turish va azoblashlar asorati ko'pchiligimizning ong ostimizda og'ir asoratlar qoldirgan. Gap bir mamlakat, bir xalq haqida ketar ekan, bu o'ta jiddiy masalaga aylanadi.
Majlis kuni hayron bo'ldim, bu taklif nima bo'larkin, degan savol hech xayolimdan ketmadi. Keyingi yig'ilishda 48 soat masalasi Konstitusiyaviy qonun loyihasiga taklif sifatida ochiq muhokama qilindi. Bugungacha, 15 iyulgacha bo'lgan davrda butun mamlakatimiz bo'ylab qancha odam shu haqda eshitdi, ozmi-ko'pmi tushunchaga ega bo'ldi.
“Ushlab turishga, hibsga olishga va hibsda saqlashga yoki ozodlikni boshqacha tarzda cheklashga faqat sudning qaroriga ko'ra yo'l qo'yiladi. Shaxs sudning qarorisiz qirq sakkiz soatdan ko'p muddat ushlab turilishi mumkin emas”.
“Agar hibsga olish yoki ozodlikni boshqacha tarzda cheklash to'g'risidagi qaror belgilangan muddatda sud tomonidan qabul qilinmasa, shaxs darhol ozod qilinishi kerak”.
“Shaxsni ushlash chog'ida uning huquqlari va ushlanish asoslari unga tushunarli tilda tushuntirilishi kerak”.
Amerika kinolaridagi huquqbuzarlikda ayblangan odamga organ xodimi madaniyat bilan huquqlarini tushuntirayotgan holat ko'z oldiga keladi kishining. Konstitusiya o'zgarsa, butun o'lkamiz bo'ylab muhit, munosabat o'zgarishini tasavvur qildingizmi siz ham?..
KONSTITUSIYA QUDRATI
Qo'rquv, xavotir odamzot tanasiga, ruhiga kirgan eng qadimiy, eng mudhish hislardan bo'lsa kerak. Faqat qaysidir xalqlar va jamiyatlar bunga qarshi chora ko'roldi, hokimiyat, turli organlar kuchayib xalqni qo'rqitishga jur`at etmasligi uchun demokratik institutlar yarata oldi. Qaysi davlat ko'proq demokratlashgan bo'lsa, o'sha joyda odamlar kamroq qo'rqadi, kamroq hadiksiraydi, kamroq xavotirlanadi. Bizda shunday institutlarning Konstitusiyaviy asoslari endi yanada mustahkamlanyapti. To'g'risi, shu masalada bir fuqaro sifatida shukr qilaman.
Mana, masalan, 99-modda o'zgarmoqda. 2 ming 2 yuzi 22 yilda Konstitusiyada shunday mazmundagi modda turishi xalqaro tashkilotlar u yoqda tursin, oddiy odamlar oldidagi hijolatli masala (edi). Hokimlarning o'zi aytyapti, deputatlar bizning, yuzimizdan o'tolmasdi, hadiksirardi, hijolat bo'lardi, deb.
Yangi me`yorlar kiritilsa, kamida 200 nafardan ortiq hokim, 6 ming nafardan ortiq deputat bir-biridan hijolat bo'lishdan qutulib, bir-biriga nisbatan chinakamiga ishlashga o'tadi. Shunda “vakillik hokimiyati o'zini ham, xalqni ham, davlatni ham aldayapti”, degan kinoyali, lekin og'ir gaplarga umuman o'rin qolmaydi. Butun mamlakatda siyosiy muloqot muhiti yuzaga keladi, jamiyatda ijodkorlik, talabchanlik, yaxshilik kayfiyati butunlay yuksaladi.
“Konstitusiya”, degan so'zning mahobati, salobati boshqacha. Bu so'zga insoniyatning juda uzun, chuqur va enli tarixidan chiqarilgan saboqlar, odamning odamga munosabati, hokimiyat va itoat muvozanati bo'yicha to'plangan boy bilim, achchiq xulosalar ham jamlangan.
Qomusimiz shunday hujjat bo'lsinki, O'zbekistonning qaysi bir hududida, qishloqdami, shahardami, tog'dami, cho'ldami – farqi yo'q – o'zini chorasiz, himoyasiz his qilgan odam undan kuch, kafolat topa olsin.
“Har bir inson o'z shaxsini erkin rivojlantirish, qonun bilan taqiqlanmagan hamda boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini buzmaydigan bo'lsa, har qanday harakatni amalga oshirish huquqiga ega”.
“Qonunda belgilanmagan majburiyat hech kimning zimmasiga uning roziligisiz yuklatilishi mumkin emas”.
Konstitusiya erkinlik osmonini kengaytirsin, demokratik tortishuvlar ko'paysin, xavotir va hadik genimizga o'tirib qolmasin, har bir inson ozod va mukarram ekanini anglash imkoniga ega bo'lsin. Huquq masalasida hech narsa insondan ustunroq ko'rilishi mumkin emas. Qanchalik shoirona tuyulmasin, shuni istayman va orzu qilaman.
To'lqin To'raxonov.
«O'zbekiston ovozi», 15.07.2022, №28