Davlat dasturi – davlatning ma`lum vaqt uchun mo'ljallangan chora-tadbirlar rejasi hisoblanadi. Bu muddat odatda bir yilni tashkil etadi. Davlat dasturi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni ham ifodalaydi. Jamiyatning har bir jabhasida olib boriladigan islohotlar uning rivoji, aholi farovonligi, iqtisodiy barqarorlikka xizmat qiladi. Lekin u har doim ko'zlangan maqsadga yetib boradimi? Mutasaddilar uning ijrosi uchun qanchalik jon kuydirishadi?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yilda ikki marta bu masalada eshituv o'tkazadi. Kuni kecha deputatlar Taraqqiyot strategiyasini «Inson qadrini ulug'lash va faol mahalla yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2022 yil birinchi yarim yillikda bajarilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisobotini muhokama qildilar. Kun tartibidagi masala yuzasidan Bosh vazir o'rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo'chqorov ma`ruza qildi.
Mazkur masala dastlab Qonunchilik palatasidagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari yig'ilishlarida atroflicha muhokama qilinib, deputatlar tegishli Hukumat a`zolaridan ko'targan savollariga aniq javoblar oldi.
Ta`kidlanganidek, Davlat dasturi 7 ta ustuvor yo'nalish bo'yicha 100 ta maqsad va 398 ta banddan iborat. Dasturning jami 607 ta yaxlit va kichik bandlarida nazarda tutilgan topshiriqlardan 215 tasining ijro muddati 2022 yilning fevral-iyun oylari etib belgilangan. Shundan 137 ta band va kichik bandlar to'liq bajarilgan, 10 tasining ijro muddati uzaytirilgan. Qolgan bandlar ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan tegishli hujjat loyihalari ko'rib chiqilmoqda.
Prezidentimiz va Hukumatimiz tomonidan geosiyosiy vaziyat bilan bog'liq xatarlar bo'yicha o'z vaqtida ko'rilgan choralar natijasida 2022 yilning birinchi yarim yilligida yalpi ichki mahsulotning o'sishi o'tgan yilning shu davriga nisbatan 105,4 foizni tashkil qilgani alohida qayd etildi.
Davlat dasturida inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish borasida belgilab berilgan ustuvor yo'nalishlar doirasida qator ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, mahalla instituti faoliyatining samaradorligini oshirish, uni jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch bo'g'iniga aylantirish maqsadida «Ijtimoiy himoya yagona reestri» axborot tizimida oila tarkibini avtomatik tarzda shakllantirish funksiyasi yaratildi. Bu orqali kam daromadli oilalarni aniqlash va ularga manzilli yordam ko'rsatish imkoni yaratildi. Kam ta`minlangan oilalardagi bolalarni parvarishlash uchun to'lanadigan nafaqa qamrovi kengayib, nafaqa tayinlashda inobatga olinadigan bolalar yoshi 14 yoshdan 18 yoshgacha oshirildi, mazkur to'lov muddati 6 oydan 12 oygacha hamda nafaqa miqdori o'rtacha 1,5 barobarga oshirildi, ishsizlik nafaqalarining eng kam miqdorlari 3,2 baravarga oshirildi, aholi bandligini ta`minlashga qaratilgan 20 dan ortiq yangi instrumentlar joriy etildi.
Dilbar MAMADJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O'zXDP fraksiyasi a`zosi:
– Hisobot davrida hukumat tomonidan bir qator amaliy ishlar bajarilgani aytib o'tildi. Xususan, partiyamiz Saylovoldi dasturida belgilangan boshlang'ich ta`lim (1-4 sinf) o'quvchilarini bepul nonushta bilan ta`minlash tizimi Qoraqalpog'iston Respublikasining 726 ta, Xorazm viloyatda esa 549 ta maktabda joriy etilgan.
Shuningdek, bugungi kunda aholini o'ylantirayotgan masalalarni o'rganish va ularni hal etish bo'yicha fraksiyamiz a`zolari davlat va xo'jalik boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga ko'plab deputatlik so'rovlari yuborilgan. Lekin ushbu so'rovlarga asoslangan javoblar olinishida muammolar mavjud. Shundan kelib chiqib, davlat va xo'jalik boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga yuborilayotgan deputatlik so'rovlariga javob berilishi ustidan nazoratni kuchaytirish lozimligi ta`kidlandi.
Shu bilan birga, farmasevtika sanoati mahsulotlariga aholining talablari ko'payib borishi, tibbiy jihozlarga ehtiyojlarning yuqoriligini hisobga olib, kundalik ehtiyojlar uchun kerak bo'ladigan preparatlar va tibbiy jihozlarni mahalliy ishlab chiqarishda mahsulotlar sifatini xalqaro talablarga muvofiqligini ta`minlash, ularni aholiga qulay narxlarda taklif qilish bo'yicha tegishli vazirlik va tashkilotlarga takliflar berildi.
Shuningdek, Davlat dasturining bajarilmay qolgan bandlari bo'yicha tushuntirishlar so'raldi. 70-bandda makroiqtisodiy barqarorlikni ta`minlash va yillik inflyasiya darajasini bosqichma-bosqich 5 foizgacha pasaytirishga oid respublika hududlarida savdo infratuzilmasini rivojlantirish masalalari belgilangan. Unga ko'ra, har bir hududda yirik ulgurji-savdo markazlari, jumladan, logistika, muzlatgich, omborxonalarni, yirik tuman, shaharlarda kamida 3 tadan zamonaviy savdo markazlarini tashkil etish, qishloq joylarda ko'chma savdo nuqtalarini ko'paytirish kabi muhim ishlar nazarda tutilgan bo'lsa-da, ijrosi haqida aytarli ma`lumot yo'q. Demak, Davlat dasturi ijrosi haqida jiddiy mushohada yuritadigan vaqt kelmoqda. Chunki yil yarmidan oshib qoldi.
Qizilgul QOSIMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O'zXDP fraksiyasi a`zosi:
– Hisobotda tibbiy xizmatlarni yaxshilash maqsadida 76 ta oilaviy shifokor punktlari, 20 ta oilaviy poliklinikalar hamda 505 ta mahallada tibbiyot punktlari tashkil etilgani aytib o'tildi. Natijada 1,8 mln. nafar aholiga o'z yashash joyida birlamchi tibbiy-sanitariya xizmatidan foydalana olish imkoniyati yaratilgan.
208 ta ko'p tarmoqli tuman markaziy poliklinikalar hamda Toshkent shahridagi 70 ta oilaviy poliklinikada bolalar bo'limlari tashkil etilgani, 4,7 mln. fuqaro skrining tekshiruvidan o'tkazilgani, birlamchi tibbiy-sanitariya xizmati muassasalari uchun Davlat byudjetidan dori vositalari va tibbiy buyumlarga 598 mlrd. so'm mablag' ajratilgani, aholiga bepul beriladigan dori vositalari va tibbiy buyumlar 66 turdan, 120 turga yetkazilgani va boshqa yo'nalishlar haqida batafsil axborot berildi. Bularning barchasi aholi salomatligini mustahkamlash, tibbiy yordam sifatini oshirishga xizmat qiladi, albatta.
Lekin dasturda belgilangan vazifalar to'liq ijro etilmagani joylarga chiqqanda, saylovchilar bilan uchrashganda ma`lum bo'lmoqda. Yurtboshimiz e`tibori bilan ajratilayotgan mablag'larning samarali, maqsadli va manzilli ishlatilishi mutasaddi raxbarlarning mas`uliyatiga bog'liqligiga amin bo'lasan. Holatlar respublika bo'ylab bir xil emasligi buning tasdig'ini ko'rsatadi. Hozir aholi salomatligiga tahdidlar ko'paygan davr. Shunday paytda ijro intizomini kuchaytirish dolzarb masaladir.
Hisobot davrida 644 mingdan ortiq ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar «Ayollar daftari»ga kiritilgan holda, ularga ko'rsatiladigan 41 turdagi xizmatlar to'plami joriy qilingani aytiladi. Ushbu daftarga kiritilgan xotin-qizlarning 68,6 foiziga amaliy yordamlar ko'rsatilib, 156 ming 515 nafar xotin-qizlar kasblarga, tadbirkorlik ko'nikmalariga o'qitilgani va ularning bandligi ta`minlangani qayd etilgan.
Gulshan ASATOVA,
O'zXDP Markaziy Kengashi «Faol ayollar» qanoti rahbari:
– Partiyamiz o'z faoliyatida Davlat dasturi ijrosiga ham e`tiborda bo'ladi, albatta.
Joriy yilning o'tgan davri mobaynida xotin-qizlarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash, ularni kasb-hunarga o'qitish va bandligini ta`minlash maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining joylardagi bo'limlari bilan hamkorlikda «Ayollarga ko'mak» loyihasi doirasida bo'sh ish o'rinlari yarmarkalari tashkil etilib, Bandlikka ko'maklashish markazlari 14 mingdan ortiq bo'sh ish o'rni bilan ishtirok etdi. 3616 nafar ayollarning ishga joylashishi, 945 nafariga kredit olishi, 479 nafari subsidiya olishi, 920 nafariga o'z biznesini ochish uchun yordam berildi. Shuningdek, 3569 nafar ayollar kasb-hunar o'rganish uchun o'quv markazlariga jalb qilindi, 2662 nafar ayollar esa shogirdlikka biriktirildi.
«Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to'g'risida» Prezident qarori bilan joylarda nodavlat notijorat tashkilot maqomiga ega bo'lgan Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari tashkil etildi va ular tomonidan bajariladigan bir qator muhim vazifalar belgilab berildi. Ya`ni, mushkul iqtisodiy ahvolga tushgan ayollarni mehnat bozorida talab etilayotgan kasblar bo'yicha qayta tayyorlashdan boshlab, ularning ishga joylashishiga, tadbirkorlik bilan shug'ullanish istagini bildirgan ayollarga biznes rejalar tuzishda, tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishga, mahallalardagi bo'sh turgan binolardan joy ajratilishiga ko'maklashish va hattoki, ishonchli hamkorlarni topib, ishlab chiqarilgan mahsulotlarning realizasiya qilinishigacha yordam berish vazifalari yuklatilgan.
Lekin, afsuski, ayrim markazlarning o'zi yordamga muhtoj, amaliyot o'tash uchun zarur sharoitlarga ega emas, chekka hududlarda ayollarni o'qitish uchun imkoniyatlar yaratilmagan, joy, transport masalasi muammo. Partiya guruhlarimiz bilan hamkorlikda ushbu qarorning joylardagi ijrosi ham o'rganib chiqilganda qator kamchiliklar borligi ma`lum bo'ldi.
Har qanday dastur, qonun, qaror, farmon ijrosi nazorat qilinsagina ishlaydi, odamlarga to'liq foydasi tegadi. Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari faoliyatini o'rganib, tahlil qilinsa, uning samarali faoliyat yuritishiga ko'mak berilsa, yuzlab xotin-qizlarning bandligini ta`minlashga erishamiz.
Keyingi yillarda mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, intilishlarini ro'yobga chiqarishga ko'maklashish, ularning ta`lim olishi, kasb-hunar o'rganishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish va bandligini ta`minlash masalasi davlat siyosati darajasiga ko'tarildi.
Xususan, respublikadagi 9348 ta mahallada «Yoshlar balansi» shakllantirildi. Uni yuritish to'liq raqamlashtirilib, ishga tushirilgan elektron platforma davlat organlari axborot tizimlarining 19 turdagi ma`lumotlar bazasi bilan integrasiya qilindi. Natijada elektron platformaga kiritilgan yoshlar to'g'risidagi ma`lumotlarni inson omilisiz doimiy yangilab borish imkoniyati yaratildi.
Abdullo SAYFULLAEV,
Navoiy shahridagi «Ma`rifat» mahallasi yoshlar yetakchisi:
– Bu platformaning tashkil etilishi faoliyatimizda juda katta yengillik bo'ldi. Xatlovlarni yanvar oyida boshlaganmiz. Ayni paytda hududimizda 821 nafar yigit-qiz ro'yxatga olingan. Bu raqam, albatta, o'zgarib turadi. Boisi, o'qishga, ishlashga ketganlar bor, qishlash uchun keladiganlar bor. Yoshlar haqidagi ma`lumotlarning elektron bazaga kiritilishi uning shart-sharoiti, holatini aniqlash imkonini beradi. Ularning bandlik, ta`lim darajasi, oilaviy, ijtimoiy holati, salomatligi, nogironligi, yutuqlari haqida bilish mumkin bo'ladi.
Bu, albatta, boshqa yengilliklarni ham keltirib chiqaradi. Turli davlat idoralariga qog'oz hujjatlar ko'tarib yurmaymiz. Taqdim etiladigan ma`lumotlar tayyor holda elektron tartibda uzatiladi. Yoshlarning murojaatlarini qondirish maqsadida ko'rib chiqiladigan anketalar tayyor holida bo'lishi ko'plab ovoragarchiliklarning oldini olish, vaqt tejalishi imkonini beradi.
Vazirlar Mahkamasining qarori asosida yoshlarning ijtimoiy holatidan kelib chiqib 20 turdagi yordam ajratilmoqda. Ayrim yoshlar o'zini o'zi band qilish maqsadida subsidiya so'rab murojaat qilsa, ba`zilari oylik maoshi tayin bo'lgan ish masalasida murojaat qiladi. Hokim yordamchilari tavsiyasi asosida ularga zarur yordam ko'rsatilib, murojaatlari qanoatlantiriladi.
Muhokamalar jarayonida deputatlar hisobot davrida qilingan ishlarni e`tirof etgan holda, Davlat dasturining ayrim bandlari ijrosi kechikayotganiga alohida e`tibor qaratdilar.
Taqdim etilgan hisobot, unda keltirilgan har bir raqam va tahlillar deputatlar tomonidan atroflicha ko'rib chiqilib, Davlat dasturining 2022 yil birinchi yarim yillikdagi ijrosiga oid hisobot qo'llab-quvvatlandi.
Gulruh ODASHBOEVA,
«O'zbekiston ovozi» muxbiri.
«O'zbekiston ovozi», 27.07.2022, №30