Insoniyat va sivilizasiyalar tarixidan ma`lumki, har bir jamiyatda muayyan davrda yuksalish, yangilanish, taraqqiyot sari tub burilish ro'y beradi. Bunga juda ko'plab omillar asos bo'ladi.
Barchamiz keyingi yillarda mamlakatimizda ana shunday yuksalish davri ro'y berayotganining guvohi bo'lyapmiz. Avvalo, jamiyatimizda ijtimoiy ong yangilanmoqda, siyosiy-huquqiy madaniyat rivojlanmoqda, fuqarolik pozisiyasi mustahkamlanmoqda. Bu fuqarolik jamiyati yuzaga kelishi uchun kuchli asos hisoblanadi. Shunday holatda aholining barcha qatlamlari uchun huquqlar va imkoniyatlar tengligini ta`minlash, jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun hammaga imkoniyat yaratish dolzarb vazifa hisoblanadi. Bu fundamental masala avvalo, Konstitusiyada aks etishi zarur.
Xalq demokratik partiyasi Konstitusiyaviy islohotlar tashabbusini shu nuqtai nazardan ham qo'llab-quvvatlagan, asosiysi, bu jarayonda dasturiy g'oyalarini aks ettirish uchun faol ishtirok etishga prinsipial masala sifatida yondashib kelmoqda.
O'zbekiston Xalq demokratik partiyasining ijtimoiy adolat, ijtimoiy tenglik va ijtimoiy demokratiya mezonlariga mos keladigan ijtimoiy demokratik davlat barpo etish haqidagi bosh dasturiy g'oyasi Konstitusiyamizda mustahkamlanishi ustuvor siyosiy maqsadlarimizdan biridir.
O'zi, umuman, Konstitusiyaviy islohotlar haqida dastlabki takliflar 2021 yilda bo'lib o'tgan Prezident saylovi bilan bog'liq uchrashuvlardayoq bildirila boshlangan edi. Ma`lumki, Xalq demokratik partiyasining saylovoldi uchrashuvlarida ham Konstitusiyaga o'zgartish va qo'shimchalar bo'yicha bir qator takliflar berilgan edi. Xususan, keyingi yillarda amalga oshirilayotgan ijtimoiy islohotlarga mos ravishda Konstitusiyamizda O'zbekiston ijtimoiy davlat ekanini belgilash bo'yicha taklif bildirilgan edi.
Partiyamiz, yuqoridagilardan kelib chiqib, ikki bosqichdagi ustuvor vazifalarga e`tibor qaratdi.
Birinchi bosqichda Konstitusiyaviy o'zgartish va qo'shimchalar kiritishning ahamiyati, huquqlar va imkoniyatlar tengligi, ijtimoiy demokratiya g'oyalari Bosh qomusimizda aks etishining zaruratini keng tushuntirishga, elektorat, umuman, aholi vakillarida munosabat shakllantirish bo'yicha targ'ibot ishlari olib borildi.
Bu jarayondagi tadbirlar, targ'ibot materiallari, turli uchrashuvlarda Konstitusiyani keyingi yillarda amalga oshirilgan izchil islohotlar bardavom bo'lishi, ilg'or demokratik tajribalar, zamonaviy me`yorlar nuqtai nazaridan yanada boyitishning mohiyatiga urg'u berildi.
Ikkinchi bosqichda partiyamiz elektorati vakillarini o'ylantirib kelgan, ijtimoiy muhofazaga muhtoj qatlamning huquq va manfaatlari himoyasi bilan bog'liq bo'lgan, yillar davomida yig'ilib qolgan masalalarni tizimli hal qilish bo'yicha bevosita muloqot orqali takliflar olishga, fikr-mulohazalarni bilishga intildik.
Birinchi navbatda, O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashida 15 nafar, Qoraqalpog'iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar partiya kengashlarining har birida jami bo'lib 70 nafardan iborat Ishchi guruhlar tuzildi. Ishchi guruhlar tarkibiga partiya faxriylari, iqtisodchilar, siyosatchilar, tibbiyot xodimi, xalq ta`limi vakillari, professor-olimlar, jamiyatda o'z o'rniga ega bo'lgan faol ayollar va yoshlar hamda bir qator soha mutaxassislari jalb qilindi.
Joylarda 1200 nafardan ortiq targ'ibot guruhlari a`zolari, 1500 nafardan ortiq mahalliy kengash deputatlari, 10 mingga yaqin boshlang'ich partiya tashkiloti hamda partiyaning 300 mingga yaqin faol ayollar va yoshlar qanoti a`zolari ishtirokida Konstitusiyaviy islohotlarga bag'ishlangan turli tadbirlar o'tkazildi.
Xalq demokratik partiyasidagi Konstitusiyaga o'zgartirish kiritish bo'yicha Ishchi guruhlariga aholi vakillarining 2000 ga yaqin taklifi qabul qilindi. Aholidan to'plangan takliflar Ishchi guruhi tomonidan huquqiy jihatdan asoslash va takomillashtirish maqsadida, ekspertlarni jalb qilgan holda, muhokamadan o'tkazildi hamda soha va hududlar kesimida tasniflab, Konstitusiyaviy komissiyaga 200 dan ortiq taklif taqdim etildi.
Ijtimoiy himoya — bosh masala
Elektorat vakillari tomonidan yuborilgan takliflarda, hududlardagi muloqot tadbirlarida fuqarolarning ustuvor huquqlarini kafolatlash bo'yicha davlatning mas`uliyatini kuchaytirish, ijtimoiy, iqtisodiy yoki boshqa holatidan qat`i nazar, barchaga teng munosabatda bo'linishiga erishishga alohida e`tibor qaratilgan edi. Bu masala Xalq demokratik partiyasining bosh dasturiy maqsadi, asosiy shiorlaridan biri bo'lgan “Barchaga g'amxo'rlik davlatning burchidir”, degan g'oyaga ham har tomonlama muvofiq kelgani uchun tegishli taklif Konstitusiyaviy komissiyaga yetkazilgan edi.
Bu taklif, aytish mumkinki, g'oya Konstitusiyaviy qonun loyihasining 13-moddasida ifoda etilmoqda. Ushbu moddada “O'zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga muvofiq inson, uning hayoti, erkinligi, sha`ni, qadr–qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi. Insonning sha`ni va qadr–qimmatini, huquq va erkinliklarini hurmat qilish, ularga rioya etish, ularni himoya qilish davlatning majburiyatidir”, deb belgilab qo'yilmoqda.
Inson qadri ulug'lanadi
Barchangizga ma`lum, Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasining 1-moddasida “Hamma odamlar o'z qadr-qimmati hamda huquqlarida erkin va teng bo'lib tug'iladilar. Ularga aql va vijdon ato qilingan, binobarin bir-birlariga nisbatan birodarlik ruhida munosabatda bo'lishlari kerak” deb belgilangan. Qolaversa, bunday qoidalar Germaniya, Italiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Belgiya, Yangi Zelandiya, Finlyandiya, bir qator MDH mamlakatlari va boshqa davlatlar Konstitusiyalarida keltirib o'tilgan.
Mazkur normaning kiritilishi partiyamiz uchun, a`zolari va xayrixohlari uchun juda muhim ahamiyatga ega.
Konstitusiyaning 37-moddasida majburiy mehnat va bolalar mehnatining eng yomon shakllaridan foydalanish taqiqlanishi hamda qonunga binoan javobgarlikka sabab bo'lishi belgilanmoqda. Bu o'z navbatida har bir fuqaroning manfaatlari himoya etilishi, majburiy mehnatning oldi olinishi kafolati mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Shuningdek, ushbu moddada mehnatga haq to'lashning eng kam miqdori insonning o'zi va oilasi yashashi uchun etarli bo'lishi kerak ekanligi belgilanmoqda. Bu me`yor mamlakatda turmush farovonligini ta`minlashda, ijtimoiy barqarorlikni yanada mustahkamlashda alohida o'rin tutadi.
Aholi vakillari tomonidan turli hududlarda, mahallalarda o'tkazilgan uchrashuvlarda mana shu yo'nalishdagi ishlar bardavom bo'lishi, yanada izchil bo'lishi kerakligi haqida ham takliflar bildirilgan edi.
Konstitusiyaviy qonun loyihasiga 37-1-modda sifatida davlat fuqarolarni ishsizlikdan himoya qilish va kambag'allikni qisqartirish choralarini ko'rishi, davlat fuqarolarning bandligini ta`minlash uchun ularning kasbiy tayyorgarligi hamda qayta tayyorlanishini tashkil etishi va rag'batlantirishi belgilab qo'yilmoqda.
Konstitusiyaviy qonun loyihasida davlat iste`dodli yoshlarga moliyaviy ahvolidan qat`i nazar, o'qishni davom ettirishga kafolat berishi haqida me`yor belgilanayotgani jamiyatda ijtimoiy adolatni ta`minlashga, qanchadan-qancha iste`dodli yoshlarni qo'llab-quvvatlashga asos bo'ladi.
Albatta, bu jamiyatning intellektual elitasini shakllantirishga, samarali inson resurslariga va davlatning barqaror, dinamik, innovasion rivojlanishiga hissa qo'shadi.
Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qiluvchi respublika jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda umumxalq muhokamalari, muloqotlar o'tkazildi. Tadbirlarda nogironligi bo'lgan shaxslarning jamiyatga faol integrasiyasi bilan bog'liq bir qator masalalarda taklif-mulohazalar bildirilgan edi.
Konstitusiyaviy qonun loyihasida davlat nogironligi bo'lgan shaxslarning ijtimoiy, iqtisodiy hamda madaniy sohalar ob`ektlari va xizmatlaridan to'laqonli foydalanishi uchun shart–sharoit yaratishi, ishga joylashishiga, ta`lim olishiga ko'maklashishi, zarur axborotni to'sqinliksiz olish imkoniyatini ta`minlashi haqida to'laqonli me`yor aks etmoqda.
Konstitusiyaviy komissiya Xalq demokratik partiyasi siyosiy mafkurasining negizini tashkil etadigan g'oyalar Asosiy qonunimizda kafolatlanishi bilan bog'liq 40 ga yaqin takliflarni muhokama qildi.
Xalq demokratik partiyasi xalqimizning xohish-irodasi sifatida bildirilgan tashabbuslar, partiyamiz elektorati, ijtimoiy muhofazaga muhtoj qatlam bildirgan takliflar Konstitusiyamizda to'liq aks etishi uchun bundan keyin ham ishlarni izchil davom ettiradi.
Konstitusiyaviy qonun loyihasida xalqimizning ko'nglidagi fikr-mulohazalar, takliflar o'z ifodasini topgan. Yangilanayotgan Konstitusiya yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti, Yangi O'zbekiston g'oyasini ro'yobga chiqarish uchun mustahkam huquqiy asos bo'ladi, deb ishonamiz.
Ulug'bek Inoyatov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O'zXDP fraksiyasi rahbari.
«O'zbekiston ovozi», 28.09.2022, №39