Yangi meʼyorlar

 

Yakuniga qarab ketayotgan 2022 yil esda qolarli koʼplab voqealar bilan jahon tarixida qoladi. Bu yil mamlakatimiz hayotida ham tarixiy oʼzgarishlar, voqealar yuz bermoqda. Аna shunday jarayonlardan biri soʼzsiz konstitutsiyamizga kiritilishi kutilayotgan oʼzgartirish va qoʼshimchalardir.

Hammamizning xabarimiz bor, joriy yil 25-iyunda eʼlon qilingan va 1-avgustga qadar davom etgan «Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritish toʼgʼrisida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi boʼyicha jami 150 mingdan ortiq takliflar kelib tushgan edi.

 

Umumxalq muhokamasidan soʼng Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi masʼul qoʼmitalar tomonidan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi maromiga yetkazilmoqda.

Masʼul qoʼmitalar vakillari hamda ekspertlar ishtirokida Konstitutsiyaviy qonun loyihasining konseptual va tahririy tuzatishlar kiritilgan ayrim moddalari haqida Konstitutsiyaviy komissiyaning rasmiy sahifalari va boshqa ommaviy axborot vositalarida maʼlumotlar berib borilmoqda.

Qonun loyihasida Konstitutsiyaning 26, 37, 1, 41, 45, 46, 98, 99, 112- moddalariga kiritilishi taklif etilayotgan oʼzgartish va qoʼshimchalar haqida maʼlumot berib oʼtilgandi.

Endi esa shu paytga qadar eʼlon qilinmagan ayrim moddalarning mazmun-mohiyatini qisqacha sharhlashga harakat qilamiz.

 

Iltimos qilish huquqi

Аvvalo qayd etish kerak, xalqimizdan fuqarolarning malakali yuridik yordamga ega boʼlish huquqi, jabrlanganlarning huquqlarini himoya qilishda davlatning kafolatini oshirishga qaratilgan koʼplab takliflar kelib tushgandi.

Ushbu takliflar asosida Konstitutsiyamizga 26-1-moddasi sifatida quyidagi yangi meʼyor kiritilishi taklif etilayapti:

Jinoyat uchun hukm qilingan har kim qonunda belgilangan tartibda hukmning yuqori turuvchi sud tomonidan qayta koʼrilishi huquqiga, shuningdek, afv etish yoki jazoni yumshatish toʼgʼrisida iltimos qilish huquqiga ega.

Ilgari ham bu boradagi huquqni qoʼllash amaliyoti bor edi. Yaʼni, sudlanuvchi, uning himoyachisi, qonuniy vakili yoki jabrlanuvchiga birinchi instantsiya sudining qonuniy kuchga kirmagan hukmlari ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat berish yoki protest bildirish imkoniyatini taqdim etuvchi meʼyor milliy qonunchiligimizda mavjud. Lekin bu meʼyor Konstittsiyamizda aks ettirilmagan edi. Bu insonparvar tamoyilning Konstitutsiyamizda aks ettirilishi kelgusida uning toʼgʼridan-toʼgʼri ishlashiga, fuqarolarimizning manfaati himoyasini kuchaytirishga xizmat qiladi.

 

Ekologik huquqlar kafolati

Yana bir muhim yangilik: keyingi yillarda nafaqat respublikamiz aholisini, balki butun dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotgan ekologik muvozanatni saqlash masalasiga o'ziga xos yechim bo'ladigan yangi me`yor Konstitusiyaviy qonun loyihasidan o'rin olishi kutilmoqda.

Loyihada 40-1-modda sifatida taklif etilayotgan moddada quyidagi me`yor o'rin olgan:

Davlat fuqarolarning ekologik huquqlarini ta`minlash, atrof-muhitga xo'jalik faoliyatining va boshqa faoliyatning zararli ta`sir ko'rsatishiga yo'l qo'ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi.

Shaharsozlik hujjatlarining loyihalari qonunda belgilangan tartibda jamoatchilik muhokamasidan o'tkaziladi.

Bu o'zgarish fuqarolarning ekologik huquqlari va majburiyatlarini belgilash, ayniqsa, mansabdor shaxslarning tabiat himoyasi uchun mas`uliyatini keskin oshirish, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi.

 

O'qituvchining qadr-qimmati

Konstitusiyamizga yangi 41-2-modda sifatida taklif etilayotgan me`yorda o'qituvchilarning obro'sini oshirish, ularning jamiyatdagi o'rnini mustahkamlash nazarda tutilmoqda:

O'zbekiston Respublikasida o'qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog'lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma`naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e`tirof etiladi.

Davlat o'qituvchilarning sha`ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o'sishi to'g'risida g'amxo'rlik qiladi.

O'qituvchining maqomi Konstitusiya darajasida kafolatlanishi va davlat himoyasiga olinishi xalqimizning ustozga yuksak ehtiromini ko'rsatadi va bu pedagogikaning yuksalishiga xizmat qiladi.

 

Fuqarolik jamiyatining asosi

Konstitusiyaviy qonun loyihasida 56-moddaga kiritilishi taklif etilayotgan o'zgartish bilan jamoat birlashmalarining aniq tasnifi va fuqarolik jamiyati institutlarining davlat dasturlarini ishlab chiqishdagi ishtiroki haqida so'z boradi.

Fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etadi.

Davlat fuqarolik jamiyati institutlarini qo'llab-quvvatlash choralarini amalga oshiradi, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish va ijtimoiy sheriklik dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ularning ishtirok etishini ta`minlaydi.

Fuqarolik jamiyati institutlari butun dunyoda demokratik jamiyatning asosiy belgilaridan biri sifatida qaraladi. Bu institutlar davlatning fuqarolar oldida mas`uliyatli va javobgar bo'lishini kafolatlaydigan, insonning ustuvor huquqlarini amalga oshirishga yaqindan yordam beradigan, bir so'z bilan aytganda, xalqni xalq, davlatni davlat qiladigan mexanizm hisoblanadi.

 

Yoshlar faol ishtirok etadi

Mamlakatimizda yoshlarimizning ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy, siyosiy huquq-manfaatlarini himoya qilish, yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda barcha idora va tashkilotlar mas`uliyatini kuchaytirish bo'yicha ko'plab qonun hamda qonunosti hujjatlar qabul qilingan.

Yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishning konstitusiyaviy kafolatlarini mustahkamlovchi yangi me`yor shakllantirildi. Bu Konstitusiyamizda yangi 65-1-modda sifatida aks etishi kutilmoqda.

Yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari davlat tomonidan himoya qilinishi hamda ularning jamiyat, davlat hayotidagi faol ishtirokini rag'batlantirish davlatning muhim vazifasi ekanini belgilovchi me`yor kiritilishi taklif etilmoqda.

Qolaversa, mazkur moddaga davlat yoshlarning ma`naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta`lim olishga, sog'lig'ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo'lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishi lozimligi bilan bog'liq me`yor qo'shilishi kutilayapti.

Davlat statistika qo'mitasining ma`lumotlariga ko'ra, 35,5 millionlik O'zbekiston aholisining 20 milliondan ortig'ini 30 yoshgacha bo'lgan bolalar va yoshlar tashkil qiladi. Ushbu ko'rsatkich yoshlarga oid davlat siyosati to'g'ri va samarali yo'lga qo'yilishi dolzarb masala ekanini ko'rsatadi.

 

Advokat katta odamga aylanadi

Inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida fuqarolardan kelib tushgan ko'plab takliflar asosida Konstitusiyamizda «Advokatura», deb nomlanuvchi yangi bob shakllantirilishi kutilmoqda.

Mazkur bobda advokatura tizimini kuchaytirishga xizmat qiluvchi bir qator me`yorlar o'rin olmoqda.

Xususan, Konstitusiyamizning 116-moddasiga kiritilishi taklif etilayotgan o'zgartish va qo'shimchalar quyidagicha:

Jismoniy va yuridik shaxslarga malakali yuridik yordam ko'rsatish uchun advokatura faoliyat ko'rsatadi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda yuridik yordam davlat hisobidan ko'rsatiladi.

Advokatura faoliyati qonuniylik, mustaqillik va o'zini o'zi boshqarish prinsiplariga asoslanadi.

Advokatura faoliyatini tashkil etish va uning tartibi qonun bilan belgilanadi.

Yangi 116-1-modda nazarda tutilmoqda:

Advokat o'z kasbiy vazifalarini amalga oshirayotganda uning faoliyatiga aralashishga yo'l qo'yilmaydi.

Advokatga o'z himoyasidagi shaxs bilan to'siqlarsiz va xoli uchrashish, maslahatlar berish uchun shart-sharoitlar ta`minlanadi.

Advokat va uning kasbiy faoliyati davlat himoyasida bo'ladi. Advokatning kasbiy huquqlari, sha`ni va qadr-qimmati qonun bilan muhofaza qilinadi.

Darhaqiqat, advokatning qo'lidan nimalar kelishini kinolarda ko'p ko'rganmiz. Konstitusiyamizga kiritilishi nazarda tutilayotgan yangi me`yor mamlakatimizda advokatura xizmatini yangi bosqichga olib chiqadi. Advokat prokuror yoki sudya bilan teng maqomdagi shaxs bo'la oladi.

 

Jurnalistlar huquqlari Konstitusiyada himoyalanadi

Lo'nda, aniq va oddiy — ushbu talablar bugun o'zgartirish va qo'shimchalar kiritilayotgan Konstitusiya matnining tuzilishini anglatadi. Ya`ni, uzoq vaqtdan beri davom etayotgan muhokamalar, bildirilayotgan takliflar asosida ravon tilda, normalarni turlicha izohlashni istisno etadigan tarzda, yuridik atamashunoslikka rioya qilingan holda bayon etilayotgan Asosiy qonunimiz pishiq-puxta holatga keltirilmoqda.

Muhimi, unda jamiyatning har bir qatlami manfaatlari inobatga olinyapti. Mamlakatimizda OAV rolining oshib borayotgani esa sohada faoliyat yurituvchi shaxslarning huquq va manfaatlarini ham konstitusiyaviy jihatdan kafolatlashni talab qilmoqda. Zero, bugun har qanday sohada amalga oshirilayotgan islohotlar ijrosini nazorat qilishda, kamchiliklarni ochiq-oydin ayta olishda ommaviy axborot vositalarining o'rni sezilarli daraja oshdi. Buni Konstitusiyaning 67-moddasiga kiritilishi ko'zda tutilayotgan o'zgarishlarda ham ko'rish mumkin.

Ya`ni, davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, axborotdan foydalanish va uni tarqatishga bo'lgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi.

Ommaviy axborot vositalarining va jurnalistlarning faoliyatiga to'sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo'ladi.

Ommaviy axborot vositalari o'zlari taqdim etadigan axborotning to'g'riligi uchun javobgardir, degan qo'shimchalar Bosh qonunimizdan joy olishi mumkin. Bu borada hamkasblar fikri bilan qiziqdik.

 

Muslim MIRZAJONOV, jurnalist:

— Avvalo aytishim kerakki, jurnalistika butun dunyoda eng xavfli kasblar qatorida sanaladi. O'zbekistonda ham, jumladan, shunday. Kunda-kunora u yoki bu hamkasbimizning hokimiyat vakillari yoxud boshqa shaxslarning bosimiga uchrash hollari kuzatiladi. Garchand jurnalistik faoliyat himoyasi bir nechta qonun va qonunosti hujjatlarida belgilangan bo'lsa-da, kodekslarda turli bosimlar va tahdidlarga nisbatan javobgarlik kiritilmagan. Vaholanki, bu masala juda ko'p muhokama qilingan.

Masalan, 2019 yilda jurnalistik faoliyatga to'sqinlik qilganlik uchun javobgarlik kiritish bilan bog'liq qonun loyihasi muhokamaga qo'yildi, 2020 yilda javobgarlikni joriy etishni nazarda tutuvchi yana bir qonun loyihasini ham ko'rdik. 2021 yilda esa yangi tahrirdagi Jinoyat kodeksi loyihasida ham jurnalist faoliyatiga to'sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni joriy etish belgilandi. Afsuski, bularning hech biri qabul qilinmadi. Bundan tashqari, shu mazmundagi islohotlar o'tgan yilgi va bu yilgi Davlat dasturiga ham kiritilgandi. Lekin…

O'zbekiston Konstitusiyaviy komissiyasi asosiy qonunning 67-moddasini o'zgartirish taklifini olqishlaymiz. Bunday himoya biz uchun dastak. Ya`ni, OAV faoliyatiga noqonuniy aralashganlik va to'sqinlik qilganlik, shu jumladan, mansabdor shaxslar tomonidan senzura o'rnatish, tahririyat xodimlariga bosim va tazyiq o'tkazish, materiallar va texnik vositalarni ulardan g'ayriqonuniy ravishda olib qo'yish harakatlari sodir etilgani uchun javobgarlik belgilash singari masalalarning ijobiy hal bo'lishiga turki bo'ladi, degan umiddamiz.

 

Zafar SOLIJONOV, bloger:

— Islohot odatda joyida qotib qolgan, sun`iy to'xtatilgan, rivojlanib ketolmagan sohalarda qilinadi. Bu orqali qolgan rivojlangan, qonuniy tarafdan mustahkamlanib olgan sohalar darajasiga yetib olish maqsad qilinadi. Konstitusiyaviy komissiyaning navbatdagi brifinggi o'tkazildi.

Unda Odiljon Tojiev Konstitusiyaning qaysi moddalariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritilayotgani haqida hisobot berdi. Advokatura, OAV, ekologiya va boshqa shu kabi islohotga muhtoj sohalarga tegishli moddalar shular jumlasidan. Ertaga ustoz va murabbiylar bayrami. Brifingda o'qituvchi maqomi bosh qomus darajasida ham mustahkamlanib qo'yilayotgani aytildi.

Konstitusiya millat taqdirini belgilaydi. Butun diqqatimizni unga qaratish va uning xalq manfaatlariga to'g'ridan-to'g'ri xizmat qilishi, huquqlarini himoyalashini ta`minlashi uchun daxldor bo'lishimiz zarur, deb bilaman va yurtdoshlarimizdan shuni so'rab qolardim.

 

Konstitusiyaviy komissiya matbuot xizmati axborotlari asosida

Zilola UBAYDULLAEVA,

Ahmadjon QURBONOV tayyorladi.

«O'zbekiston ovozi», 5.10.2022, №40

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish