Inson qadrini oshirgan kodеks

 

Mehnat insonning ziynati ekani haqida hikmatlar koʻp. Inson oʻzini asosan mehnati bilan namoyon qiladi. Buning uchun unga har tomonlama qulay va erkin sharoit yaratish davlatning eng dolzarb vazifalaridan biridir.

Shu maʼnoda keyingi yillarda yurtimizda katta oʻzgarishlar roʻy berdi. Har kim ilm olib, hunar oʻrganib, mehnat qilishi, oʻzi va oilasining hayoti, turmush tarzini yaxshilashi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Oʻzbekistonning iqtisodiyotini koʻtarish, ijtimoiy masalalarni samarali hal etish, kambagʻallikni qisqartirishda bu juda muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda.

Inson erkinlashgani sari faollasharkan. Daromad topish, xizmat koʻrsatishning bir vaqtlar tasavvur etish qiyin boʻlgan shakllari, imkoniyatlari ochilmoqda. Mehnat masalalari bilan bogʻliq yangidan-yangi munosabatlar yuzaga keldi. Bir soʻz bilan aytganda, mehnat tushunchasi juda kengaydi, huquqiy tartibga solish nuqtai nazaridan murakkablashdi.

Zamon ham, sohalar ham, faoliyat ham, inson ham rivojlanib ketayotgan holatda oʻtgan asrda qabul qilingan Mehnat kodeksi talabga javob bera olmasdi. Uni hozirgi reallikka, taraqqiyotning ilgʻor yoʻnalishlariga moslashtirish zarur edi. Ana shu zarurat sababli Mehnat kodeksi yangi tahrirda qabul qilindi. Joriy yil 28 oktyabr kuni Prezidentimiz tomonidan imzolangan qonun asosida yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi tasdiqlandi.

Odatda, qonun yoki kodeks yangi tahrirda qabul qilinganda, “oldin qanday ediyu endi qanday boʻladi, nima oʻzgaradi”, degan savollar beriladi. Bunday savollarga javoblar aniq va tushunarli boʻlgandagina yangi meʼyorlarning hayotiyligi oshadi.

 

Muhim oʻzgarishlar nimada?

Birinchi holat. Amaldagi Mehnat kodeksi 1995 yilda qabul qilingan boʻlib, unda mehnat faoliyati yangi shakllarining faol rivojlanishi hisobga olinmagan va asosan davlat tashkilotlari va yirik sanoat korxonalarida mehnat qilish bilan bogʻliq munosabatlarga qaratilgan.

Bugungi kunda esa xususiy sektorning mamlaktimiz iqtisodiyotidagi ulushi jadal oshib bormoqda.

Yangi Oʻzbekiston Taraqqiyot strategiyasining 29-maqsadida xususiy sektorning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 80 foizga yetkazish vazifasi qoʻyilgan.

Yangi Mehnat kodeksida kichik biznes va yakka tartibdagi tadbirkorlik sohasida ishlaydigan shaxslarning mehnatini huquqiy tartibga solishga (masalan, mahsulot, tovarlar va xizmatlarga boʻlgan mavsumiy talabning oshishi natijasida mehnat munosabatlarini tartibga solishga) alohida eʼtibor qaratilgan.

Ikkinchi holat. Mehnat shartnomalarini tuzish, ularni saqlash hamda roʻyxatga olish bilan bogʻliq eskicha normalar ayrim hollarda fuqarolarimizning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan edi.

Yangi Mehnat kodeksida esa barcha mehnat shartnomalarini va ularga kiritilgan oʻzgartirishlarni “Elektron hukumat” tizimiga kiruvchi Yagona milliy mehnat tizimida majburiy roʻyxatdan oʻtkazish talablari belgilandi.

Uchinchi holat. “Xodim pensiya yoshiga yetdi”, degan sabab bilan uning ishdan boʻshatilishi malakali xodimlarning noroziliklarini yuzaga keltirardi.

Yangi Mehnat kodeksida esa xodimning pensiya yoshiga yetganligi sababli ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish asosi chiqarib tashlandi.

Toʻrtinchi holat. Xodim ishdan boʻshatilayotganda unga toʻlanadigan ishdan boʻshatish nafaqasini hisoblashdagi adolatsizlikka ham barham berildi. Yaʼni, shu paytgacha xodim biror tashkilotda 1 oy ishlasa ham yoki 10 yil ishlasa ham bir xil ishdan boʻshatish nafaqasini olgan.

Yangi Mehnat kodeksida esa ishdan boʻshatish nafaqasini xodimning ish beruvchida ishlagan ish stajidan kelib chiqqan holda hisoblash belgilanmoqda.

Beshinchi holat. Ish vaqti tartibi turli xil shakllaridan foydalanish (smenali ish, moslashuvchan ish rejimi, ish kunini qismlarga boʻlish va hokazo), shuningdek ish vaqtini hisobga olishning har xil turlaridan foydalanish (kundalik, haftalik yoki umumlashtirilgan ish vaqti hisobi) imkoniyatlari kengaydi.

Oltinchi  holat. Bitta tashkilotda koʻp yil mehnat qilganlik uchun qoʻshimcha taʼtil berish tartibi joriy etiladi. Qoʻshimcha taʼtil xodimning tashkilotdagi toʻliq har 5 yillik ish staji uchun 2 kunga, lekin jami 8 kundan ortiq boʻlmagan muddatga koʻpaytirilgan.

Yettinchi holat. Shu paytgacha xizmat tekshiruvlarini oʻtkazishning aniq huquqiy asosi va tartibi boʻlmaganligi oqibatida xodimlarning mehnat huquqlari buzilgan holatlar ham yoʻq emas edi. Yangi Mehnat kodeksida esa xizmat tekshiruvlarini oʻtkazish va ishdan chetlashtirish tartibi aniq belgilab qoʻyildi.

Sakkizinchi holat. Ish haqining oʻz vaqtida toʻlanmaganligi uchun ish beruvchining javobgarligi (kechiktirilgan har bir kun uchun qayta moliyalash stavkasining miqdoridan kelib chiqib) belgilandi.

Toʻqqizinchidan, ishlab chiqarishda oʻqitish, qayta oʻqitish, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning huquqiy mexanizmlari belgilanib, “Ishlab chiqarishda oʻqitish shartnomasi” instituti joriy etildi.

Oʻninchi holat. Ish beruvchi homilador ayollarga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida antenatal (tugʻuruqqacha) parvarishlash (perinatal skrining va tashxis, majburiy tibbiy koʻriklar va boshqa majburiy tibbiy muolajalar) uchun oʻrtacha ish haqi saqlangan holda qoʻshimcha boʻsh kunlar berishi shartligi toʻgʻrisida yangi meʼyor kiritildi.

Yuqoridagi misollardan Mehnat kodeksidagi yangiliklar insonning huquq va manfaatlarini yanada kafolatli himoya qilishga, unga qulaylik va qoʻshimcha imkoniyat yaratishga qaratilgani yaqqol bilinib turibdi. Shuning uchun yangi meʼyorlarni keng jamoatchilikka yetkazib berish juda muhim ahamiyatga ega.

Bugungi kunda mamlakatimizning barcha hududlarida Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat aʼzolari, olimlar va soha mutaxassislari ishtirokida yangi Mehnat kodeksining mazmun-mohiyati va ahamiyatiga bagʻishlangan turkum seminarlar oʻtkazilmoqda.

Seminarlarda xalqimizga yangi Mehnat kodeksining mazmun-mohiyati, undagi yangi normalar sodda uslubda, aniq qiyosiy-tahliliy maʼlumotlar yordamida tushuntirilmoqda.

Muloqotlarda ishtirok etayotgan yurtdoshlarimiz mehnat huquqi sohasidagi oʻzgarish va yangiliklar boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan muhokamalarda faol ishtirok etmoqda.

Shularga asosan ishonch bilan ayta olamizki, yangi Mehnat kodeksi xodimlarning ish sharoitlarini yanada yaxshilashga, mehnat uchun adolatli haq toʻlanishiga, mehnatga majburlashni yoʻq qilishga, xodimlarning dam olishga boʻlgan huquqlarini yanada kengaytirishga, ish unumdorligini oshirishga, fuqarolarning kayfiyatini koʻtarishga, mehnat qonunchiligimizni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.

 

Ulugʻbek Inoyatov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston XDP fraksiyasi rahbari.

«O'zbekiston ovozi», 9.11.2022, №45

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish