Deputatlik yonib ishlash, kerak boʻlsa oʻzidan, oromidan, halovatidan kechish degani. Odamlarning quvonchu tashvishlariga sherik boʻlish, saylovchilarning ishonchi uchun kurashish degani. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylovlar boʻlganiga ham 3 yil toʻlay, deb qoldi. Hozir deputatlikning eng qiziq pallasi. Deputatlikka birinchi saylanganlarku allaqachon uning nimaligini anglab, tushunib olishdi. Rejalashtirilgan ishlarning roʻyobi goh koʻrinib, goh koʻrinmay turibdi.
Deputatlarning yana bir toifasi borki, ulardan ikki karra koʻproq masʼuliyat talab etiladi. Boʻshab qolgan oʻrinlarga saylangan deputatlarni nazarda tutyapmiz. Yaʼni, ular hozir ayni qaynab turgan qozonning ichiga tushib qolishdi goʻyo. Ularda deputatlikka moslashishga, koʻnikishga vaqt kam. Deputatlikka saylanishdan oldin belgilab olgan maqsadlarini amalga oshirishlari uchun ham koʻp muddat qolgani yoʻq.
Bugun ularning koʻnglidan nimalar oʻtAyapti? Rejalari qanday?
Ziyba Allaniyazova,
xalq deputatlari Taxtakoʻpir tuman Kengashi deputati:
– Deputatlik ishimni tajribali deputatlarning faoliyatini oʻrganishdan boshladim. Saylovchilar bilan uchrashuvlar, odamlarning murojaatlari va fikrlarini tinglash va ularning dardini eshitib, yordam qilish kishiga oʻzgacha zavq berar ekan.
Saylov okrugim tumandagi «Mustaqillik» mahallasida joylashgan. Bugungi kunda bu hududni oʻrganib chiqdim va u yerda ichki yoʻllarni taʼmirlash, toza ichimlik suvi, bandlik, tibbiy xizmat sifatini oshirish boʻyicha muammolar borligi aniqlandi. Deputat sifatida birinchi navbatda ushbu masalalarni bartaraf etishga eʼtibor qarataman. Ularning ijobiy hal qilinishi uchun deputatlik vakolatimdan toʻliq foydalanaman.
«Yoshlar daftari», «Ayollar daftari», «Temir daftar»ga kiritilgan oilalarda boʻlganimda, Prezidentmizning kam taʼminlangan oilalarni qoʻllab-quvvatlash borasida olib borayotgan ishlaridan haqiqatda davlatimizda inson qadri qanchalik ulugʻ ekanligini tushundim. Deputatlar xalq dardi bilan yashab, doimiy muloqot qilib, uchrashib, qiynab kelayotgan masalalarni oʻrganib borishi va yechimi boʻyicha tizimli ishlar olib borishi zarur. Xalqqa xizmat qilish uchun bor kuch va imkoniyatimni safarbar etaman.
Baxit MASHARIPOV,
xalq deputatlari Shumanay tuman Kengashi deputati:
– OʻzXDP Shumanay tuman Kengashi partiya elektorati hisoblangan ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlar bilan tizimli ishlab kelmoqda. Partiya kengashi raisi sifatida deputat boʻlib saylanishim muammolar yechimiga imkon topishda menga yana bir imkoniyat boʻldi.
Deputat boʻlib saylanishim bilan saylovchilar murojaatlari bilan ishlashni ishimning asosiy qismiga aylantirdim. Sababi, aholi bilan uchrashar ekansiz, ularni oʻylantirayotgan muammolarni hal etishga yordam berishga intilasiz. Men saylangan hudud «Ketenler» OFY hududi boʻlib, u yerda 12 ovul, 23 ta koʻcha hamda 616 oila — 5534 kishi istiqomat qiladi. Saylov okrugim hududida asosan ichki yoʻllar taʼmiri, elektr energiyasi, aholini ish bilan taʼminlash va boshqa masalalar mavjud. Ularni chuqur oʻrganish hamda yechimi boʻyicha takliflar tayyorlab, tuman Kengashi sessiyasiga olib chiqish zarur. Bu boʻyicha partiya guruhimiz bilan ishlarni boshlab yuborganmiz.
Yaqinda ham saylovchilarim bilan uchrashdim. Unda qator murojaatlar tushdi. Xususan, «Ketenler» OFY hududidagi «Tinchlik» koʻchasiga tungi yoritqichlar oʻrnatish, «Baxt qushi» koʻchasini asfaltlash, «Koʻkli» koʻchasi aholisini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash masalalari nazoratga olinib, tegishli tashkilotlarga deputatlik soʻrovlari yuborildi.
Akmal GʻANIYEV,
xalq deputatlari Koʻkdala tuman Kengashi deputati:
– Toʻgʻrisi, deputatligim ayrim oʻy-fikrlar bilan boshlandi. Qolgan ikki yil muddatga boʻlsa ham xalqimga, qishlogʻimiz aholisiga yordamim tegishini niyat qilganman. Xabaringiz bor, tumanimiz Prezilentimizning qarori bilan Chiroqchi tumanidan ajralib chiqdi. Yangi hududning, albatta, tashkiliy-idoraviy masalalari boʻladi. Moliyasi qayta tashkil etiladi. Shu bois maqsadlarim asta-sekin bosqichma-bosqich amalga oshishi uchun harakat qilamiz.
«Arabbandi» qishlogʻimizdagi eng dolzarb masala – bogʻcha. Davlat bogʻchasi faoliyat yuritmaydi. Deputat sifatida birinchi navbatda shu masalani tuman hokimiyati masʼullari oldiga qoʻymoqchiydim. Toʻgʻri, xususiy bogʻchalarga ruxsat berilgan. Ammo ularning oʻz talablari, qonun-qoidalari bor. Davlat bogʻchasi qurilishini rejaga kiritish taklifini bermoqchiman.
Maktabimizda ayrim muamolar bor. Oʻquvchilar ikki navbatda oʻqishadi. 9 ta oʻquv xonasida 600 ga yaqin oʻquvchi taʼlim oladi. Laboratoriya xonalarini ham darsxona qilib berganmiz. Toʻgarak mashgʻulotlari uchun ham xonalar mavjud emas. 200 oʻrinli qoʻshimcha maktab binosi qurilishi masalasini koʻtarmoqchiman.
Hozir darsdan keyin qoʻshimcha mashgʻulot oʻtish uchun ham sharoit yoʻq. Bolalar ota-onasini majburlab qoʻshimcha darslar uchun boshqa uzoq hududlarga borib kelyapti. Maktabning ozroq qoʻshimcha yeri bor. Shunga 200 oʻrinlik bino hamda futbol maydonchasi tashkil etilsa, qishlogʻimiz aholisi juda xursand boʻlardi. Albatta, bularning yechimi mablagʻ bilan bogʻliq. Ayni paytda yangi tashkil etilgan hokimiyatga bu borada qatʼiy talab ham qoʻyib boʻlmaydi. Deputatlik davrimda ana shu masalalar hal etilishiga koʻmaklashsam, katta yutuq boʻladi.
Farhod MIRZAMURATOV,
xalq deputatlari Shumanay tuman Kengashi deputati:
– Saylanganimdan beri aholidan koʻplab murojaatlar kelib tushmoqda. Ularni tahlil qildim: askariyat qismi uzoq yillardan beri yigʻilib qolgan masalalar ekani maʼlum boʻladi. Hozirda fuqarolarimiz ham oʻzining maishiy muammolari emas, hududni rivojlantirish, yashash sharoitini yaxshilash boʻyicha takliflarni ilgari surishyapti. Jumladan, «Munchoqli» mahallasida ichki yoʻllarni taʼmirlash, tabiiy gaz yetkazib berish, bolalar uchun sport maydonchasi qurish hamda chiqindilar uchun konteynerlar oʻrnatish boʻyicha murojaatlar bor. Ular oʻrganilib, tegishli tashkilotlarga deputatlik soʻrovlari bilan chiqilmoqda.
Aholi bilan tizimli ishlarni tashkil etib, hudud rivoji uchun xizmat qilaman.
Aybek YESHKABULOV,
xalq deputatlari Shumanay tuman Kengashi deputati:
– Maktabda oʻqituvchi boʻlib ishlayman. Mana, deputat ham boʻldim. Bu, albatta, nomzodimni koʻrsatgan Xalq demokratik partiyasi hamda meni qoʻllab-quvvatlagan saylovchilarimning ishonchidir. Uni oqlashga harakat qilaman. Deputat boʻlsam, xalqqa shu orqali nafim tegsa, deb koʻpdan beri oʻylab yurardim va uni maqsadga aylantirdim. Endi deputat sifatida odamlarni oʻylantirib kelayotgan masalalarni aniqlab, ularning yechimi boʻyicha oʻz takliflarimni bildirish, ularga koʻmakdosh boʻlish imkoni tugʻildi.
Men birinchi navbatda ishimni oʻz saylovoldi dasturimda belgilangan vazifalar va saylovchilarga bergan vaʼdalarimni bajarishga qarataman. Faoliyatimni boshlashim bilan saylov okrugidagi muammolarni oʻrgandim, aholi bilan uchrashib, ularning fikrlarini tingladim va murojatlarini eshitdim.
Murojaatlar koʻp. Jumladan, «Janbil» koʻchasini taʼmirlash, «Boʻzatov» koʻchasidagi elektr energiyasi tarmoqlarini yangilash, tuman tibbiyot birlashmasiga avtomashinalar turargohi qurish kabi masalalar bor. Ular bugungi kunda deputatlik nazoratiga olingan va tegishli tashkilotlar bilan ijroni taʼminlash boʻyicha ishlar boshlab yuborildi.
Azamat SЕYTBЕKOV,
xalq deputatlari Chimboy tuman Kengashi deputati:
– Men bir necha yillardan beri Xalq demokratik partiyasi safida boʻlib, partiyaning turli tadbirlari, amaliy loyihalarida ishtirok etib kelaman. Deputatlarni koʻrib, men ham ular qatori xalqning dardiga darmon boʻladigan vakil boʻlsam, deb oʻylardim. Bugun mana shu niyatim amalga oshgan, tuman Kengashi deputatiman.
Saylangan hududim tuman markazidan uzoqroqda joylashgan. Aholi asosan dehqonchilik, chorvachilik bilan shugʻullanadi. Deputat boʻlib saylanishim bilan ovul oqsoqollari bilan uchrashib, aholini oʻylantirayotgan muammolarni oʻrgandim. Hududda asosan yoshlar bandligini taʼminlash va toza ichimlik suvi masalalari bor. Bugungi kunda yoshlar talab yuqori boʻlgan kasblarga oʻqitish, tadbirkorlik ishini boshlash va buning uchun imtiyozli kredit olishlariga koʻmaklashyapmiz. Shuningdek, ichimlik suv bilan taʼminlash masalasida tegishli tashkilotlarga deputatlik soʻrovlari bilan chiqilib, ijorosi nazoratga olmoqda.
Deputatlik lavozim emas, bu bizga berilgan ishonch. Ushbu ishonchni sidqidildan oqlash, xalqqa xizmat kilishdan zavqliroq ish boʻlmasa kerak. Shu uchun ham bor kuch-gʻayratimizni sarflashga tayyormiz.
Nurali RAHMONOV,
xalq deputatlari Dehqonobod tuman Kengashi deputati:
– Faoliyatim davomida deputatlikka uchinchi marta saylanishim. Ayni paytda hozirgi siyosatni qoʻllab-quvvatlash, xalq bilan birga boʻlish, odamlarni oʻylantirayotgan masalalarni hal etish, ularni eshitishga tayyorman. Xalqning vakiliman va albatta, bu menga katta masʼuliyat yuklaydi. Hududdagi muammolarni tegishli tashkilotlar, yuqori davlat idoralariga yetkazishga harakat qilaman. 28 yil soliq sohasida ishladim. Tumanimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni yaxshi bilaman. Doim odamlar orasida boʻldim, hamon shunday.
Hududimizda ishsiz qatlam vakili asosan xotin-qizlarni tashkil qiladi. Bundan tashqari, oʻqishga kirmagan, maʼlumotga ega boʻlmagan yoshlar ham bor. Xohlovchilarga imtiyozli kreditlar ajratilyapti, subsidiyalar berilyapti. Mahallalarda hokimiyat vakillari har bir xonadonga kirib, ularning moslashuviga qarab, aholi bandligiga koʻmaklashishmoqda. Tadbirkorlar orqali parrandalar tarqatilyapti. Tumanimizda kavrak yetishtirish daromadli hisoblanadi. Bu ishga oilalar jalb qilinib, ularga yordam koʻrsatilmoqda. Bu jarayonlarda deputat sifatida ham masʼuliyat bilan ishtirok etmoqchiman.
Muhayyo MAHMUDOVA,
Chiroqchi tuman Kengashi deputati:
– Shuni bilamanki, saylovchilar, mahalla ahli bizga, davlatga, rahbariyatga ishonishadi. Tuman Kengashi deputatlari bilan har chorshanba odamlarni oʻylantirayotgan masalalarni oʻrganib borayapmiz. Hududimizda suv masalasi dolzarb edi. 2 ta artizan keltirilib, 80 ta xonadon suv bilan taʼminlandi.
Yaqinda 100 ta elektr simyogʻoch uchun ariza topshirgandik. Tegishli idora vakillari kelib, shu masalani ham oʻrganib ketishdi. Bu ham ijobiy hal etiladi, deb oʻylaymiz. 1 km. yoʻl qildik, 3 km. yoʻlga shagʻal tushirilyapti. «Yashil makon» umummilliy loyihasi asosida daraxtlar ekildi.
Ham deputat, ham mahalla raisi sifatida el ichidaman. Oʻzimning jamiyatga kerakligimni his qilaman. Odamlarning ishonchi, suyanchi menga motivatsiya beradi, kuch-quvvat bagʻishlaydi. Tumanning ishongan vakili sifatida jamiyat rivojlanishiga hissa qoʻshishimiz, odamlarga hamisha yordam qoʻlini choʻzishimiz kerak. Maqsadimiz aniq, xizmat qilishdan charchamaymiz.
Durbek ABDURAHMONOV,
xalq deputatlari Andijon viloyat Kengashi deputati:
– Deputatlikka ikkinchi marta saylanishim. Ham deputat, ham bank xodimi sifatida imkoniyat va qonun darajasida ehtiyojmand oila farzandlari uchun taʼlim krediti ajratishga eʼtibor qaratyapman. Asosan, ish faoliyatimdan kelib chiqqan holda, aholiga qulayliklar yaratishga koʻmaklashish harakatidaman. Xususan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam vakillarini uy-joy bilan taʼminlash maqsadida ipoteka kreditlari ajratilishi, odamlarning daromadini oshirish, bandligini taʼminlash maqsadida subsidiya berish masalalari eʼtiborimizda.
Deputat aholi turmush darajasi yanada yaxshilanishiga koʻmaklashishi, ularni oʻylantirayotgan masalalarni hokimiyatga, tegishli tashkilotlarga yetkazishi kerak. Hududimdagi muammolar haqida mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari bilan fikrlashib turamiz. Bu yil koʻpgina koʻchalar asfalt boʻldi, elektr tarmoqlari yangilandi. Ammo gaz masalasida hamon eʼtirozlar, murojaat boʻlib turibdi. Buyogʻiga bu masalaga ham yechim topish uchun kurashamiz. Hokim yordamchilari bilan ham hamkorligimiz yoʻlga qoʻyilgan. Ular orqali kimga qanday yordam kerak, qaysi oilani tadbirkorlikka jalb etish kerak, qaysi hududda nima muammo borligidan xabardor boʻlib turamiz. Deputat sifatida qabullar ham tashkil etilmoqda. Aholi bilan doimiy muloqotdamiz.
«Oʻzbekiston ovozi» muxbiri
Gulruh ODASHBOYEVA yozib oldi.
«O'zbekiston ovozi», 9.11.2022, №45