Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yigʻilishlarini seshanba kuni kuzatishga odatlanganmiz. Bu safargi majlis dushanba kuni boʻlib oʻtdi. Har doim ham xalq vakillarining kech soat 17.00 da yigʻilish boshlaganini kuzatavermaymiz.
Kun tartibida “Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qirgʻiziston Respublikasi oʻrtasida oʻzbek-qirgʻiz Davlat chegarasining alohida uchastkalari toʻgʻrisidagi Shartnomani ratifikatsiya qilish haqida”gi hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirgʻiziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi oʻrtasida Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish toʻgʻrisidagi Bitimni ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihalari turardi.
Darhaqiqat, chegara masalasi birgina oʻzbek-qirgʻiz muammosi emas, balki butun Markaziy Osiyoning ogʻriqli nuqtasi hisoblanadi. 1923-24 yillardagi milliy hududiy chegaralanish va unda keyingi amalga oshirilgan maʼmuriy oʻzgarishlar bunga asosiy sabab boʻlgan. “Islohot”lardan koʻzlangan maqsad ham aynan shu boʻlgani koʻp taʼkidlanadi. Oʻtgan yillar davomida chegara bilan bogʻliq hal etilmagan masalalar bir necha bor yuzaga chiqqan.
Keyingi yillarda Oʻzbekiston tashqi siyosatida Markaziy Osiyo omili ustuvorlik qilayotganini butun dunyo tan olmoqda. Mintaqadagi davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari ham mintaqaning siyosiy tabiatiga ijobiy taʼsir etmoqda. Keng hamkorlik, yaxshi qoʻshnichilik va eng asosiysi, oʻzaro ishonch ortib bormoqda. Kecha Oliy Majlis quyi palatasi yigʻilishida koʻrilgan masala ham keyingi yillardagi muloqotning samarasi, oʻzbek diplomatiyasining yutugʻi desak, mubolagʻa boʻlmaydi.
Mazkur qonun loyihalari dastlab kun davomida siyosiy partiyalarning parlamentdagi barcha fraksiyalari yigʻilishlarida atroflicha muhokamalardan oʻtgan.
Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligida hukumat aʼzolari ishtirok etdi. Qonun loyihalari yuzasidan Bosh vazirning oʻzi axborot berdi.
Taʼkidlanganidek, oxirgi 5 yilda Qozogʻiston bilan 2356 km.lik davlat chegarasi demarkatsiya qilingani, Qirgʻiziston bilan 1170 km, Tojikiston bilan 193 km.lik chegara chiziqlari kelishilib, delimitatsiya qilingani aytildi.
Maʼlumot uchun, ikki davlat oʻrtasidagi chegara chiziqlari qayerdan oʻtishi kelishilib, xaritada belgilanish jarayoni delimitatsiya, ana shu kelishilgan hududdan chegara belgilari belgilanishi, yaʼni chegara simlari tortilishi demarkatsiya deb aytiladi.
Tojikiston bilan 10 ta, Qirgʻiziston bilan 3 ta, Qozogʻiston bilan esa 2 ta chegara-oʻtkazish punktlari qayta tiklangani aytib oʻtildi.
Bosh vazir oʻz nutqida ijtimoiy tarmoqlarda koʻplab muhokamalarga sabab boʻlgan Andijon (Kampirobod) suv omori bilan bogʻliq holatga oydinlik kiritdi. Andijon suv ombori maydoni 4957 gektar ekani va sobiq ittifoq paytida 4127 gektar yer maydoni berilgani, hozir Andijon viloyati Qoʻrgʻontepa tumanidan 1 ming 19 gektar yer shu farqni yopish uchun berilayotgani, sobiq ittifoq davrida Oʻzbekiston tomonidan 200 km. dan ortiq Kampirobod chap qirgʻoq kanalini qurib berish majburiyati olingani qayd etildi. Afsuski, ayrim sabablar bilan ushbu kanal qurilmasdan qolib ketgan. Aynan shu majburiyat bajarilmaganligi sababli Namangan viloyatining Pop va Chust tumanlaridagi Gʻovasoy uchastkasidagi togʻli hududdan 12 ming 700 gektar atrofida yaylov yer maydonlari kompensatsiya tarzida berilayotgani taʼkidlandi.
Eʼtiborlisi, Andijon (Kampirobod) suv omborining sigʻimi 1 mlrd. 576 mln. kubometrni tashkil qiladi. Toʻplangan suvi bilan Oʻzbekistonning 175 ming, Qirgʻizistonning esa bor-yoʻgʻi 25 ming gektar ekin maydonlari sugʻoriladi.
Agar “Andijon” suv omboridan Qirgʻizistonning Botken viloyatigacha ushbu kanal va qoʻshimcha gidrotexnik inshootlarni qurib beradigan boʻlsak, respublikamiz byudjetidan katta mablagʻ talab etiladi. Andijon va Fargʻona viloyatlaridagi 20 dan ortiq aholi punktlarini koʻchirishga majbur boʻlamiz.
Eng achinarlisi, 2 ming gektardan ortiq qishloq xoʻjaligida foydalanilayotgan yer maydonlarini yoʻqotishimiz mumkin ekan. Shu bois, amaldagi kelishuv eng maqbuli, bizningcha.
Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzosi, fargʻonalik deputat Dilbar Mamadjanovaning chegara masalasidagi kelishuvlardan keyin oilalar koʻchishiga toʻgʻri kelishi mumkinmi, degan savoliga Bosh vazir aniq javob berdi.
Maʼlum qilinishicha, Oʻzbekiston chegara chizigʻida taxminan 130 atrofida xonadonni koʻchirishga toʻgʻri keladi, buning uchun 50 mlrd. soʻm atrofida kompensatsiya koʻzda tutilayotganligi va bu masalada hech kim norozi boʻlmasligi taʼminlanadi.
Qirgʻizistonga togʻli hududdan berilayotgan yaylov yeri evaziga “Gʻovasoy” daryosining tabiiy oqimiga toʻsqinlik qiladigan hech bir gidrotexnik va boshqa inshootlar qurilmasligi, suvning texnik ifloslanishiga yoʻl qoʻymasligi kelishilgani, Soʻx eksklaviga kirib-chiqish uchun alohida koridor koʻzda tutilmayotgani, balki oʻzaro kelishuv asosida chegaradan oʻtish tartibini soddalashtirish masalasi koʻrilayotgani aytildi.
Maʼlumot uchun, anklav fransuzcha soʻz boʻlib, “qulqlab olish”, “oʻrab olish”, degan maʼnoni anglatadi. Yaʼni, bir davlat hududi yoki hududining bir qismi boshqa davlat hududi bilan oʻrab olinishiga nisbatan qoʻllaniladi. Demak, oʻrab oluvchi davlat uchun oʻrab olingan hudud anklav, hudud tegishli davlat uchun eksklav, deb yuritiladi. Soʻx Qirgʻiziston uchun anklav hisoblansa, biz uchun eksklav boʻladi.
Qayd etilganidek, qonun loyihalari bilan oʻzbek-qirgʻiz davlat chegarasining 35 ta uchastkasini oʻz ichiga olgan umumiy uzunligi 302,29 kilometrdan iborat chegara chizigʻini delimitatsiya qilish ishlarini yakuniga yetkazish nazarda tutilmoqda.
Deputatlar taʼkidlaganidek, ushbu hujjatlarning qabul qilinishi Oʻzbekiston bilan Qirgʻiziston davlatlari oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishga, oʻzbek-qirgʻiz davlat chegarasini belgilash borasidagi masalalar toʻliq oʻz yechimini topishiga xizmat qiladi. Shuningdek, mamlakatlarimizning savdo, sarmoyaviy, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport, qishloq va suv xoʻjaligi, qurilish, ekologiya, turizm, madaniy-gumanitar sohalarda ulkan salohiyatidan foydalanish imkonini beradi.
Oʻzbekiston mintaqadagi eng aholisi koʻp mamlakat va oʻz navbatida yildan-yilga suvga boʻlgan talabimiz ortib bormoqda. Demak, biz uchun suv resurslari strategik ahamiyatga ega. Qolaversa, muhokamali hududlar masalasida qancha tez yechim topsak, shuncha yaxshi. Sababi, muammoning kamligi bizga yutuqlar uchun koʻproq vaqt ajratishimizga imkon beradi.
Qizgʻin muhokamalardan soʻng qonun loyihalari deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Nuriddin Ismoilov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri:
– Aytish kerakki, soʻnggi yillarda koʻp qirrali oʻzbek-qirgʻiz munosabatlari yangi darajaga koʻtarildi. Ikki tomonlama hamkorlikning tabiati va mazmuni tubdan oʻzgardi, oʻzaro ishonch mustahkamlandi.
Taʼkidlash joiz, ikki mamlakat yetakchilarining siyosiy irodasi tufayli yillar davomida yechilmay kelayotgan masalalar hal etilmoqda. Xususan, davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish boʻyicha bir toʻxtamga kelinmoqda. Bu ikki davlat munosabatlaridagi erishilgan eng katta yutuqlardan biridir.
Qabul qilingan qonunda oʻzbek-qirgʻiz Davlat chegarasining kelishilmagan 35 ta uchastkasini oʻz ichiga olgan umumiy uzunligi 302,29 km. boʻlgan chegara chizigʻini delimitatsiya qilish ishlarini yakuniga yetkazish nazarda tutilgan.
Ulugʻbek Inoyatov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston XDP fraksiyasi rahbari:
– Qonun loyihalari Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzolari tomonidan atroflicha koʻrib chiqildi.
Alohida taʼkidlandiki, oʻziga xos murakkab davrda qoʻshni davlatlar bilan tomonlar uchun birdek manfaatli boʻlgan yechimlarga kelish nihoyatda muhim ahamiyatga egadir.
Davlatimiz rahbari boshchiligida barcha davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan samarali hamkorlikni rivojlantirishga, bu jarayonda milliy manfaatlarimizni himoyalashga, xalqimizning tinchligi va osoyishtaligini kafolatlashga juda chuqur eʼtibor qaratilmoqda.
Oʻzbekiston xalqaro aloqalarda ishonchli hamkorga aylandi. Avvalo qoʻshni davlatlar bilan doʻstona munosabatlarning rivojlanib borayotgani aniq natijalarga erishilishiga asos boʻlmoqda.
Keyingi yillarda qoʻshni davlatlar, xususan, Qirgʻiziston bilan doʻstlik va hamkorlik munosabatlari jadal rivojlandi, koʻp asrlik yagona tarix, oʻxshash madaniyat, mushtarak til orqali xalqlarimiz oʻrtasidagi birodarlik aloqalari tobora mustahkamlanib bormoqda.
Bugun koʻrib chiqilayotgan delimitatsiya va demarkatsiya bilan bogʻliq Shartnoma va Bitim birinchi navbatda Oʻzbekiston va Qirgʻiziston Prezidentlari oʻrtasidagi oʻzaro mustahkam ishonchga asoslangan oliy darajadagi muzokaralar mahsuli ekanini alohida taʼkidlash lozim.
Ushbu qonun loyihalari, birinchidan, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi delimitatsiya va demarkatsiya masalalarini xalqaro huquq meʼyorlariga muvofiq ravishda hal etilishiga mustahkam huquqiy asos yaratadi.
Ikkinchidan, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasida oʻzaro ishonch va doʻstlik muhitini mustahkamlab, strategik aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Uchinchidan, xalqlarimizning tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash kafolatlarini yanada kuchaytiradi. Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi teng huquqli hamkorlikning yangi davri boshlanishiga katta turtki beradi, deb ishonamiz.
Bu qonun loyihalariga asos boʻlgan Shartnoma va Bitimga yetib kelish uchun Hukumat va mutasaddi vazirlik-idoralar ulkan hajmdagi ishni bajarganini alohida taʼkidlash lozim. Bunday kelishuvlarga erishish oson emas va bir vaqtning oʻzida juda koʻplab omillarni hisobga olish kerak boʻladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Xalq demokratik partiyasi qonun loyihalarini qoʻllab-quvvatladi.
Shohista Turgʻunova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Oʻzbekiston XDP fraksiyasi aʼzosi:
– Oʻzbekiston va Qirgʻiziston yaqin qoʻshni mamlakatlar sifatida, koʻp yillik yagona tarix, oʻxshash madaniyat, mushtarak til va maʼnaviy qadriyatlar uygʻunligi kabi aloqador jihatlari bilan bir-biriga chambarchas bogʻlangan.
Oxirgi yillarda Oʻzbekiston – Qirgʻiziston doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlari izchil mustahkamlanib, ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini alohida mamnuniyat bilan qayd etish mumkin.
Xususan, respublikamiz oliygohlarida tahsil olayotgan qirgʻiz yoshlari safi 14 baravar oshgan boʻlsa, Qirgʻiziston universitetlaridagi oʻzbek talaba yoshlari soni 7 baravarga koʻpaydi. Oʻzbek va qirgʻiz xalqlari turkiy xalqlar hisoblanib, yaqin qoʻshnichilik va doʻstona munosabatda boʻlishgan. Bu ikki xalq oʻrtasida kelishib boʻlmaydigan masalaning oʻzi boʻlmasligi kerak, deb hisoblaymiz.
Ahmad QURBONOV
tayyorladi.
«O'zbekiston ovozi», 16.11.2022, №46