Qoraqalpog‘iston yutug‘i – O‘zbekistonning yutug‘i

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasini qoraqalpog‘istonliklar katta hayajon hamda qiziqish bilan tingladi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, shu jumladan, ekologiya va suv masalalari yuzasidan bildirilgan fikrlari har bir yurtdoshimizning qalbiga g‘urur va iftixor bag‘ishlamoqda.

 

Xalilla YeSHIMBETOV,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati, Qoraqalpog‘iston Respublikasiga xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi:

– Yurtboshimiz o‘z nutqini o‘tgan yilgi Murojaatnomada belgilangan islohotlarning yakuniy sarhisobi, xalq roziligi yo‘lidagi qilingan ishlar bilan boshlab, kelgusi 2023 yilda amalga oshiriladigan ustuvor rejalar bilan tanishtirdi. Jumladan,  “O‘zbekiston deb atalmish katta va inoq oilaning har bir a’zosi tinch va farovon hayot kechirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish yo‘lida tinimsiz izlanyapmiz. Yakuniga yetayotgan 2022 yil g‘oyat murakkab va sinovli yil bo‘ldi desam, har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi. Ushbu davrda to‘plagan tajribamiz bir haqiqatni yaqqol isbotlab bermoqda “taraqqiyot faqat va faqat jasoratli mehnat orqali bo‘ladi” deb ta’kidladi.

Yakuniga yetayotgan yilda dunyoda davom etayotgan pandemiya, ayrim davlatlar orasidagi urushlar natijasida yuzaga kelayotgan iqtisodiy inqirozlar, qo‘shni Afg‘onistonda kechayotgan voqealar paytida mamlakat iqtisodiyotini barqaror o‘stirish, aholi tinchlik, osoyishtaligini saqlash qanday murakkab bo‘lganligini anglash qiyin emas. Shunga qaramasdan O‘zbekiston jahon siyosati markazlarining biriga aylangani ham rost. Yil davomida mamlakatimizda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkilotlari sammitlari o‘tkazilishi buning isbotidir. Shunday bo‘lishiga qaramasdan davlatlararo o‘zaro ishonchning kamayib, ayrim mojarolarning ortishi davlatlar rivojiga xavf solib turibdi. Bu xavf afsuski, O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmadi.

Prezidentimiz xalqqa murojaat qilar ekan “Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan noxush voqealar xalqimizni qattiq qayg‘uga soldi. Xudoga shukur, ko‘p millatli xalqimizning oqilligi va donishmandligi bilan vaziyat tez izga tushdi” dedi.

Sh.Mirziyoyevning Qoraqalpog‘istonga bo‘lgan alohida mehri, cheksiz g‘amxo‘rliklari tufayli iyul voqealari kengayib ketishining oldi olindi. Davlatimiz rahbari ketma-ket ikki kun Nukusda faollar, deputatlar bilan uchrashib, favqulodda vaziyat joriy qildi, aholi tinchligi ta’minlandi.  

2016 yilda Prezidentimizning “Madaniyatni Mo‘ynoqdan boshlaymiz” – degan chaqirig‘i hozir amalda namoyon bo‘lib turibdi. Mo‘ynoq tubdan yangidan qurildi. A-380 samolyoti qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Orolning qurigan maydonida 1,5 million gektardan ziyod yashil makon paydo bo‘ldi.  

Yangidan Taxiatosh, Bo‘zatov tumanlari tashkil etildi. O‘zbekistonning har bir viloyati tumanlarga ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida biriktirildi va buning samarasini xalqimiz his qilmoqda.  

Prezidentning maxsus farmon va qarorlari bilan har bir tumanda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari tasdiqlandi. Ayniqsa, Nukus shahrida amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlaridan xalqimizning roziligi ularning yuzlarida aks etib turibdi.

Murojaatnomada Qoraqalpog‘istonni har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha ishlar davom ettirilishi ta’kidlandi. Prezidentimizning “Biz uchun Qoraqalpog‘iston yutug‘i – O‘zbekiston yutug‘i, Qoraqalpog‘iston tashvishi bu−  butun O‘zbekiston tashvishi”,  degan gaplari hamisha amaliy harakat dasturi bo‘lib kelgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi.  

Bizning ezgu maqsadimiz – birgalikdagi mehnatimiz bilan Yangi O‘zbekistonda har tomonlama rivojlangan, obod va farovon Yangi Qoraqalpog‘istonni bunyod etishdir.

Asrlar davomida et va tirnoq kabi bir bo‘lib ketgan xalqlarimiz do‘stligiga, hech qanday kuch ta’sir ko‘rsata olmaydi. Chunki, bizning o‘tmishimiz bir, bugunimiz ham, kelajagimiz ham bir!” degan so‘zlari butun Qoraqalpoq xalqi qatori meni ham to‘lqinlantirib yubordi.

Murojaatnomada bayon etilgan har bir yo‘nalish bo‘yicha “inson qadri”, “xalqni rozi qilish” tamoyili asosida yuksak marralar belgilab berilgan. Ushbu marralarni amalga oshirishda tinchlik osoyishtalikni ta’minlash, islohotlar jarayonida faol ishtirok etish har bir deputatning burchi hisoblanadi.

 

O‘zA muxbiri Dovud Abibullayev yozib oldi.

 
 
 

Teglar

Deputat Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish