Nogironligi bo‘lgan shaxslarning sifatli ta’lim olishi davlatimiz e’tiborida!

 

Mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish eng asosiy masala hisoblanadi. Ayni vaqtda yurtimizda nogironligi bo‘lgan shaxslar soni 798 mingni tashkil qilib, shundan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar 127,5 ming nafarni tashkil qiladi. Shu jihatdan mamlakatimizda so‘nggi yillarda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilib, bu masala davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.

2023-yil — "Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim" yili deb eʼlon qilindi. Imkoniyati cheklangan bolalarga ta’lim-tarbiya berish tizimini tubdan takomillashtirish, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirish, o‘quv jarayonini tashkil etishning zamonaviy usullarini joriy etish talab etilmoqda. So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan qator Qaror va Farmonlar qabul qilindi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun hamda “Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya" ratifikatsiya qilindi.

Kelgusi o‘quv yilidan boshlab alohida ta’lim olishga ehtiyoji bor bolalarning 24 foizi, 2025-yilda esa 40 foizi oddiy maktablarda o‘qishi uchun barcha sharoitlar yaratiladi. Shuningdek, inklyuziv ta’limning resurs markazlari soni 14 barobarga ko‘payib, 200 tadan oshadi. Xalq ta’limi tizimida inklyuziv ta’limni rivojlantirish dasturini amalga oshirish ishlari boshlandi, 300 dan ortiq maktablarda imkoniyati cheklangan bolalarning bilim olishi uchun zarur sharoitlar yaratildi. Biroq, olib borilayotgan ijobiy ishlarga qaramay, mamlakatimiz ta’lim sohasida ushbu yo‘nalishda qator kamchilik va muammolar hamon o‘z yechimini kutmoqda.

Xususan, maktabga qatnay olmaydigan imkoniyati cheklangan bolalarning uy sharoitida o‘qitilishiga davlatimiz tomonidan alohida ahamiyat berilayotgan bo‘lsa-da, joylardagi mutasaddilarning e’tiborsizligi oqibatida bu shaklda bilim berish jarayoni sifatli tashkil etilmayapti. O‘qituvchilarga belgilangan tartibda qo‘shimcha haq va yo‘l haqi kompensatsiyasi to‘lansa-da, nogiron bolaning uyiga borib doim ham dars o‘tilmayapti.

Maktab direktorlari, sinf rahbarlari va o‘qituvchilar “Jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan hamda uzoq vaqt davolanishga muhtoj bolalarning uyda yakka tartibda ta’lim olishlarini tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablariga to‘liq rioya etmayapti. O‘quvchilarning nogironlik turlari va guruhidan kelib chiqib, ta’lim berish usullarini ko‘rib chiqish hamda takomillashtirish imkoniyatini cheklamoqda. Qolaversa, uyda yakka tartibda ta’lim oluvchi o‘quvchilarni zarur o‘quv qurollari bilan ta’minlash ishlari yetarlicha yo’lga qo‘yilmagan. Bunday shaklda ta’lim olgan o‘quvchilarning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirganligi to‘g‘risida statistik va tahliliy ma’lumotlar yuritilmasligi uydagi ta’limining sifat darajasini aniqlash imkonini bermayapti. Oliy ta’lim muassasalariga nogironligi bo‘lgan shaxslarni 2 foyiz qo‘shimcha davlat granti kvotalari asosida o‘qishga qabul qilish nogironligi bo‘lgan shaxslar barcha darajalardagi ta’lim tashkilotlarida o‘qishi, qolaversa, o‘z qobiliyatlarini yanada to‘liqroq rivojlantirish uchun butun umri davomida ta’lim olish hamda jamiyat va davlat hayotida ishtirok etish imkoniyatini yaratadi. Xulosa o‘rnida aytganda, nogironligi bo‘lgan shaxslarning oilasi, jamiyat va davlat bilan o‘zaro aloqasini kuchaytirish, ularning qulay muhitda bo‘lishi uchun zarur sharoitlar yaratish oldimizdagi eng muhim va ustuvor vazifa sanaladi.

 

Jahongir Olimov,

O‘zXDP Markaziy Kengashi sektor mudiri.

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish