Kafolat kuchaytirilmoqda, cheklovlar olib tashlanmoqda

 

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Fraksiya a’zolari Banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga banklar ustav kapitalining eng kam miqdorini bosqichma-bosqich oshirishga qaratilgan o‘zgartishlar kiritish haqidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda muhokama qildi.

Qonun loyihasi bilan “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasiga bank ustav kapitalining eng kam miqdorini bosqichma-bosqich besh yuz milliard so‘mgacha oshirish yuzasidan tegishli qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda. Hozirda bank ustav kapitalining eng kam miqdori yuz milliard so‘mni tashkil etadi. Hozirda respublikadagi 31 ta tijorat banklaridan 15 tasining ustav kapitali miqdori 500 mlrd. so‘mdan ortiq, 7 tasi 500 mlrd. so‘mdan 200 mlrd. so‘mgacha, 9 tasi 200 mlrd. so‘mdan kamni tashkil etadi.

Shuningdek, qonunning 17 va 22 moddalaridagi offshor davlatda va (yoki) hududda yashaydigan norezident bo‘lgan jismoniy shaxslar hamda shunday davlatda ro‘yxatga olingan yuridik shaxslar, aksiyadorlar (ishtirokchilar), oxirgi benefitsiar mulkdorlar bank aksiyalarining bevosita yoki bilvosita egalik qiluvchilari bo‘lishi mumkin emasligi to‘g‘risidagi cheklovni qayta ko‘rib chiqish nazarda tutilmoqda.

Fraksiya a’zolari kiritilayotgan o‘zgartirishlar aholining va tadbirkorlik subyektlarining banklarga omonat(depozit) joylashtirishini rag‘batlantirishi, tijoriy va boshqa kreditlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, shuningdek, bank xizmatlari hajmining oshishiga yordam berishini e’tirof etdilar. Loyiha deputatlar o‘z taklif va mulohazalarini bildirgach, konseptual jihatdan ma’qullandi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga bola huquqlari himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ma’lumki, keyingi vaqtlarda bolalarni diniy ta’lim olish uchun nazoratsiz turli chet el davlatlarida qoldirib kelish kabi salbiy holatlar kuzatilayotgan bo‘lib, voyaga yetmaganlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishiga sabab bo‘lmoqda. Shuningdek, ularning tartibsiz diniy ta’lim olishi va diniy ekstremistik oqimlar ta’siriga kirib qolish xavfini vujudga keltirmoqda. Deputatlar loyihani muhokama qilar ekanlar ushbu qonun bilan bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishi kafolatlanishini e’tirof etgan holda, ularning dunyoviy bilimlarni egallashida cheklovlar yuzaga kelib qolmasligi lozimligiga ham e’tibor qaratdilar.

Loyiha moddama-modda muhokama qilingach, ayrim moddalarni yanada takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalarini berilib, hujjat ma’qullandi.

Bugun shuningdek, iste’mol kreditini ajratish tizimini takomillashtirishga qaratilgan «Iste’mol krediti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish kiritish haqidagi qonun loyihasi ham muhokama qilindi.

Amaldagi qonunchilikka binoan faqat Respublikamizda ishlab chiqarilgan va yuridik shaxslar tomonidan sotiladigan iste’mol tovarlari (xizmatlari)ni sotib olish uchungina moliyaviy iste’mol krediti berish talabi mavjud. Bu aholining o‘z hisobidan kredit evaziga xarid qiladigan mahsulotini tanlash imkoniyatini kamaytirishi bilan birga, iste’molchilar huquq va manfaatlari buzilishiga ham olib kelayotgan edi.

Mazkur qonun loyihasi bilan «Iste’mol krediti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan sotiladigan tovarlar (xizmatlar), shuningdek, O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ishlab chiqarilgan tovarlar (xizmatlar) uchun moliyaviy iste’mol kreditlari berish imkoniyatini nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda. Deputatlar qonun loyihasini bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi.

 

 

 

Teglar

Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish