Parlamеntga qachon?

 

Yil boshidan beri Oʻzbekistonda roʻy berayotgan turli voqealar boshqaruvda katta demokratik oʻzgarishlarga zarurat borligiga aniq ishoralar berayotgandek.

Nihoyasiga yetgan 2022 yilning 27 dekabr kuni ikkita qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga chiqarildi. Bular “Mahalliy vakillik organlari toʻgʻrisida” va “Mahalliy ijro hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonun loyihalaridir. Mazkur qonun loyihalari yillar davomida orqaga surilgan ishning boshlanishi boʻldi. Prezident Farmoni bilan tasdiqlangan 2022 – 2026 yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturiga asosan ishlab chiqilgan hujjat loyihalari katta oʻzgarishlarga asos boʻlishi shubhasiz.

 

Muxtar ILHOMOV,

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashidagi OʻzXDP guruhi aʼzosi:

– Loyihada hokimlarni siyosiy partiyalardan saylangan deputatlar taqdim etishi belgilanmoqda. Lekin hokimlikka taqdim etilgan nomzodning yosh chegarasi boʻyicha hech qanday band kiritilmagan.

Bilamizki, Qonunchilik palatasi deputati va Oliy Majlis Senatiga koʻrsatilgan nozodlarning yoshi 25 yosh, Prezidentlikka nomzodlar esa 35 yoshdan kichik boʻlmasligi Konstitutsiyamizda belgilangan.

Balki, ayni loyihada hokimlikka nomzodlik uchun ham yosh chegarasini belgilishimiz kerakdir. Nimaga desangiz, hokimlikning maʼsuliyati juda katta. Unaqa maʼsuliyatni koʻtarish uchun ham odam maʼlum bir bosqichlardan oʻtgan, qaysidir maʼnoda sinovlarda toblangan boʻlishi kerak. Bu jarayonlar ham oʻz navbatida vaqt talab qiladi. Shuning uchun hokimlikka nomzodlarga ham yosh chegarasi muhim, deb oʻylayman.

 

Nigora Eshmetova,

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati, OʻzXDP Toshkent shahar Kengashi raisi:

– Baʼzi faollarning fikrlariga qoʻshilmayman. Ayniqsa, hududlarda hokimlikka nomzodlar Mahalliy Kengashlarda eng koʻp deputatlik oʻrinlariga ega partiya tomonidan koʻrsatilishi ayrim muammoli holatlarni keltirib chiqarishi mumkinligi, xususan, OʻzLiDeP hududlarda katta ustunlikka ega boʻlishi haqidagi xavotirli fikrlar asossiz, deb oʻylayman.

Sababi, avvalgi va oxirgi saylovlarda ham qator hududlarda Xalq demokratik partiyasi mahalliy Kengashlarda yetakchi mavqeni saqlab qolgan. Koʻplab hududlarda koʻpchilik oʻrinnni egallash uchun OʻzLiDeP bilan jiddiy raqobatga kirgan, yutib ham chiqqan. Biz bu masalada xotirjam boʻlib, yanada faollikka intilaverishimiz kerak. Qaytanga hokimlikka nomzod koʻrsatish masʼuliyati partiyamizni hududlarda yanada faollashtirishga muhim qoʻshimcha imkoniyat beradi.

Bugungi kunda mahalliy Kengashlarda XDPning 1600 nafarga yaqin deputatlari faoliyat koʻrsatmoqda. Hududlardagi deputatlar ham bu narsani yaxshi tushunib olishi kerak: eng koʻp ovoz toʻplagan siyosiy partiya deputatlari mahalliy ijro hokimiyatiga nomzod koʻrsatishi – normal holat. Bu demokratiyaning asosiy tayanch huquqlaridan biri ekanini unutmaslik lozim.

Qonun loyihalari 2023 yil 11 yanvarga qadar jamoatchilik muhokamasida boʻldi, jamoatchilik juda ijobiy qabul qildi, deyarli har bir modda boʻyicha takliflar, fikrlar bildirildi. Endi loyihalar parlamentga kiritilishi kerak.

“Mahalliy vakillik organlari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasida mahalliy vakillik organi faoliyatining iqtisodiy asosi, uning strukturasi va faoliyatining tashkiliy asoslari, xalq deputatlari Kengashlarining vakolatlari, xalq deputatlari Kengashi faoliyatida qonuniylikning kafolatlari, Kengash nazoratini amalga oshirishga oid qoidalar aks etmoqda.

Hozirgi kunda mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida hokimlar bir vaqtning oʻzida ijroiya va vakillar hokimiyati organi rahbarligini amalga oshirmoqda. Ushbu holat manfaatlar toʻqnashuviga hamda hokimiyatlarning boʻlinish prinsiplariga mos kelmaydi.

Jumladan, xalq deputatlari Kengashi hokimning Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga mos kelmaydigan qarorlarini bekor qilish vakolatiga ega. Biroq, hokim oʻzi qabul qilgan qarorni kelgusida xalq deputatlari Kengashi raisi sifatida bekor qilishida noxolis boʻlishi mumkin. Qolaversa, xalq deputatlari Kengashlari oldidagi hokimlarning masʼuliyati talab darajasida kuchaytirilmagan.

Xususan, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi amaldagi qonunda hokimlar tegishli xalq deputatlari Kengashi oldida hisobdor ekanligi qayd qilingan boʻlsada, amalda buni demokratik mezonlar darajasida amalga oshirishning imkoni yoʻq.

Buning ustiga, xalq deputatlari Kengashlari qonun doirasidagi vakolatlarini amalga oshirishi uchun qonunchilikda yetarlicha huquqiy vositalar bilan kafolatlanmagan.

Jumladan, hanuzgacha xalq deputatlari Kengashlari muhokamasiga tegishli maʼlumotlar va materiallarni puxta tayyorlash uchun doimiy asosda faoliyat yurituvchi deputatlar korpusi shakllantirilmagan

va uning huquqiy asoslari ham yaratilmagan.

Mahalliy vakillik organlari faoliyatining ochiqligiga oid qonunchilik talablari keng yoritilmagan, shuningdek, hokimliklar tashkillashtiradigan tadbirlarda ommaviy axborot vositalarining ishtirokini kafolatlovchi huquqiy qoidalar belgilanmagan.

Oqibatda xalq deputatlari Kengashlarining faoliyatiga oid aksariyat maʼlumotlar jamoatchilikka eʼlon qilinmayapti, OAV vakillarining hokimlik tadbirlaridagi ishtiroki past darajada.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qarorlar va boshqa turdagi hujjatlarni qabul qilish hozirda “E-qaror” elektron tizimi orqali amalga oshirilmoqda.

“E-qaror” elektron tizimi orqali hujjatlarni qabul qilish jarayonlari Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 22 iyundagi 390-son “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatiga “E-qaror” elektron tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan tartibga solinadi. Ushbu qarorga muvofiq, “E-qaror” elektron tizimini chetlab oʻtgan holda mahalliy davlat hokimiyati organlarining tegishli qarorlari va farmoyishlarini qabul qilishga yoʻl qoʻyilmasligi, bunday hujjatlar yuridik kuchga ega emasligi hamda u qabul qilingan paytdan eʼtiboran hech qanday huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarmasligi qayd etilgan.

Mazkur qoidalar “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunda oʻz aksini topmagan boʻlib, “E-qaror” elektron tizimidan foydalanishga oid normalarni qonun darajasiga koʻtarish mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining yanada ochiqligini taʼminlashga va qarorlar qabul qilishda qonunbuzilishlarning oldini olishga yuqori samara beradi.

Muhokamaga taqdim etilgan loyihada esa hokimlarning bir vaqtning oʻzida mahalliy ijroiya va vakillik organiga rahbarlik qilish vakolati bekor qilinib, faqat ijroiya organi rahbari boʻlishiga oid qoidalar, xalq deputatlari Kengashlari raisi va uning oʻrinbosarini saylash tartiblari belgilanmoqda.

Jumladan, raislikka nomzodlar xalq deputatlari Kengashiga saylovda eng koʻp deputatlik oʻrinlarini olgan siyosiy partiyadan boʻlmagan har bir siyosiy partiya deputatlari orasidan bittadan taqdim etilishi, Mahalliy vakillik organlari rahbari va mansabdor shaxslari davlat organlarida hamda boshqa tashkilotlarda haq toʻlanadigan lavozimni egallashlari mumkin emasligi kabi bandlar qayd etilmoqda.

“Mahalliy ijro hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasida ham vakillik organlari va ijro hokimiyati oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga solishga asosiy urgʻu berilgan.

Hokimning lavozimga tayinlanish jarayonida jamoatchilik va xalq vakillari ishtiroki rasmiy xususiyatgagina ega. Yaʼni, xalq deputatlari Kengashlari hokimni lavozimga tayinlash toʻgʻrisida tegishli qaror qabul qilingandan soʻng tasdiqlaydi xolos. Hokimlarning xalq vakillari oldidagi masʼuliyati demokratik talab darajasida kuchaytirilmagan, qolaversa, hokimlar bir vaqtning oʻzida qonun chiqaruvchi, mahalliy vakillik va ijro organlarida bir nechta lavozimlarni egallab kelmoqda.

Shuningdek, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonunda hamda boshqa qonunchilik hujjatlarida hokimlarni lavozimidan ozod etishning aniq demokratik asoslari belgilanmagan.

Mahalliy ijroiya hokimiyati organlari faoliyatining ochiqligiga oid qonunchilik talablari keng yoritilmagan, hokimliklar tashkillashtiradigan tadbirlarda ommaviy axborot vositalarining ishtirokini kafolatlovchi qoidalar belgilanmagan.

Misol uchun, 2021 yilda hokimliklarda oʻtkazilgan 40 mingga yaqin yigʻilish va majlislarning 72 foizida OAV vakillari ishtirok etmagan.

Muhokamaga qoʻyilgan “Mahalliy ijro hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasida bir qator masalalarga demokratik oydinlik kiritilmoqda.

Xususan, hokimlikka nomzodlar xalq deputatlari Kengashlariga saylovda eng koʻp deputatlik oʻrinlarini olgan siyosiy partiya yoki teng miqdordagi eng koʻp deputatlik oʻrinlarini qoʻlga kiritgan bir necha siyosiy partiya tomonidan siyosiy partiya aʼzolari orasidan taklif etishi, nomzod aholini qiynayotgan ustuvor muammolarni hal etishga hamda cheklangan resurslardan oqilona foydalanish boʻyicha oʻz dasturini taqdim etishi koʻzda tutilmoqda.

Nomzod xalq deputatlari Kengashlari deputatlari umumiy sonining kamida 2/3 qismidan iborat koʻpchiligi yoqlab ovoz berilganda maʼqullangan hisoblanishi, mahalliy ijroiya hokimiyati rahbarining mahalliy vakillik organi oldidagi masʼuliyatini oshirish maqsadida hokimga nisbatan ishonchsizlik votumini taqdim etish institutini joriy etish taklif etilmoqda.

Bunda xalq deputatlari Kengashlarining deputatlari umumiy sonining kamida 1/5 qismi hokimga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirish taklifi bilan chiqish huquqiga ega boʻlishi, hokim va uning oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy majlisi Senatining aʼzosi, xalq deputatlari Kengashi deputati hamda boshqa haq toʻlanadigan lavozimni egallashlari mumkin emasligi belgilanmoqda

 

Jamoatchilik muhokamasi jarayonida bildirilgan ayrim fikr va takliflar:

“Mahalliy vakillik organlari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi boʻyicha

 

Sabir Butunov,

tadbirkor:

Hudud Kengashiga barcha tashkilotlar mutasaddilarini, ayniqsa, huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning rahbarlarining hisobotini eshittirilishi huquqi belgilanishi, bu jarayonda tashkilot birinchi rahbari shaxsan oʻzi ishtirok etishi majburiy deb belgilanishi lozim…

 

Akbar Vohidov,

ilmiy izlanuvchi:

Mahalliy kengashlar vakolatlari kengaytirilayotgan bir sharoitda, u yerdagi siyosiy raqobat va jamoatchilik nazorati ham kuchaytirilishi lozim. Hech boʻlmaganda, mustaqil nomzodlarga ham mahalliy kengashlarga saylovlarda ishtirok etishga imkon berish adolatdan boʻlar edi…

 

Sherzod Karimov,

davlat xizmatchisi:

Qonun (loyiha)ning 21-moddasiga asosan doimiy asosda ishlovchi deputatlar vakolat muddati tugagach, deputatlikka saylangan vaqtdagi lavozimi saqlanishi, deputatlik vakolati tugagach, avvalgi asosiy ish joyiga tiklanishini belgilab qoʻyish kerak. Bu mahalliy Kengash deputatining keyingi ish faoliyati daxlsizligini taʼminlaydi.

“Mahalliy ijro hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi boʻyicha takliflar.

 

Dilmurod Xaytbayev,

davlat xizmatchisi:

Loyihaning 17-moddasi 8-bandida hokim va uning oʻrinbosarlarining yaqin qarindoshlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarda faqat familiyasi, ismi va otasining ismi koʻrsatib oʻtish mumkinligi belgilangan, lekin bu holat hozirgi davrda ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash imkoniyatini bermasligi mumkin. Shu sababli yaqin qarindoshlari haqida maʼlumot toʻliq va xolisona taqdim etib borilishi, yaʼni familiyasi, ismi va otasining ismidan tashqari, qaysi davlat idorasi yoki tashkilotda qaysi lavozimdaligi va qachondan bu lavozimda ishlab kelayotganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar berib oʻtilishi loyihaga kiritilsa, maqsadga muvofiq boʻlar edi.

 

Shuhrat Turdiqulov,

davlat xizmatchisi:

5-moddaga taklif: hokimlarni fuqarolar tomonidan bevosita saylashni belgilab qoʻyish kerak. Oldin sinov tariqasida respublika 14 ta hududlarining birida va har bir hududdan bittadan tumanda oʻtkazish va bir yildan keyin butun Respublika miqyosida oʻtkazish. Saylovlarda mustaqil nomzodlarning xam ishtirok etishiga imkon berish. Bu, albatta, kelajakda demokratiyaning rivojlanishiga va korrupsiyaning oldini olishga oʻzining hissasini qoʻshadi.

7-moddaga taklif: olti oydan soʻng hokimga nisbatan takroran ishonchsizlik votumini qabul qilish, degan jumlani bir oydan keyin, degan jumla bilan almashtirish. Chunki xalq deputatlari Kengashi ishonchsizlik votumini kiritdimi, u hokim lavozimiga munosib emas.

 

Azat Imatov,

mustaqil izlanuvchi:

Mavjud amaliyot tahlili asosida mazkur qonun loyihasining 5-moddasida mahalliy ijro hokimiyatining rahbarini vaqtincha vazifasini bajaruvchi sifatida tayinlash asoslari va muddatini ham aniqlashtirish tavsiya qilinadi.

 

Jasur Javinov,

tadbirkor:

11-modda. Ushbu moddani quyidagi tartibda tahrir etish tavsiya etiladi. Xalq deputatlari Kengashi raisining oʻrinbosariga nomzodlar xalq deputatlari Kengashida deputatlik oʻrinlarini Kengash raisi saylangan siyosiy partiyadan tashqari barcha siyosiy partiyaning aʼzolari boʻlgan deputatlari orasidan taqdim etiladi.

Qonun loyihalari parlament muhokamasiga kiritilishini keng jamoatchilik, minglab mahalliy Kengashlar deputatlari ham kutmoqda. Bu qachon amalga oshadi, deb oʻylaysiz?

 

Ahmad Qurbonov

tayyorladi.

«O‘zbekiston ovozi», 18.01.2022, №2

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish