O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda partiyadan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentiga saylov o‘tkazish masalasi muhokama qilindi.
Saylovni o‘tkazishdan maqsad yoshlarning huquqiy va siyosiy bilimlari, ongi va madaniyatini yuksaltirish, ularni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va amaldagi boshqa qonun hujjatlariga hurmat ruhida tarbiyalash, yoshlarda parlament faoliyatiga daxldorlik tuyg‘usini shakllantirish, yoshlarda erkin fikrlash qobiliyati va nutq madaniyatini o‘stirish, ularning faol fuqarolik pozitsiyasini yanada mustahkamlash, parlamentda Partiya elektorati manfaatlarini himoya qilish, partiyaning dasturiy maqsad va vazifalarini targ‘ib qilish, yoshlarni mamlakatimizdagi siyosiy jarayonlarga keng jalb etishdan iboratdir.
Yig‘ilishda saylovni tashkil etish va o‘tkazish, uni targ‘iboti bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilindi va vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilish qarori bilan saylovni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha Markaziy Kengash Tashkiliy qo‘mitasi tuzildi hamda Shtab a’zolari tasdiqlandi.
Shuningdek, Yoshlar parlamentiga saylov jarayonida yoshlarning to‘laqonli va samarali ishtirokini ta’minlash maqsadida partiyaning quyi tashkilotlarida tashkiliy qo‘mitalar hamda hududiy saylovoldi shtablari tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.