Qonun muammo yaratmasligi kеrak

 

Insonning qayeri ogʻrisa, joni oʻsha yerga koʻcharmish. Albatta, har bir tirik organizm borki, xastalanadi, turli kasalliklarga chalinadi. Hech kim bundan muhofazalanmagan. Muhimi, salomatlikda muammo kuzatilsa, davo izlab borishga ishonchli joy boʻlishida.

Shu kunlarda Qonunchilik palatasida qator loyihalar koʻrib chiqilyapti. Ular orasida «Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tibbiyot tizimi rahbarlarining jamoatchilik oldida hisobot berish tizimini joriy etishga qaratilgan oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida» qonun loyihasi muhokamalarga, bahslarga sabab boʻldi. Deputatlarning taʼkidlashicha, mazkur amaliyot qonunchilikda belgilab qoʻyilgan. Xoʻsh, qonunlarimizda aks etgan meʼyor nega yana kun tartibiga chiqdi?

 

Qizilgul QOSIMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston XDP fraksiyasi aʼzosi:

— Hisobdorlik mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisidagi qonunning 24-moddasida belgilangan. Endilikda buni kengaytirish, toʻldirish nazarda tutilmoqda. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish toʻgʻrisidagi qonun boʻyicha QVP boshliqlarining axborotini eshitish belgilangan. Hozirda tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalari va oilaviy poliklinikalar hamda oilaviy shifokor punktlari mudirlarining mahalla fuqarolar yigʻinlarida hisobdorligini taʼminlash masalasi ilgari surilmoqda. Xuddi shuningdek, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari rahbarlari xalq deputatlari tuman (shahar), viloyat SSB rahbarlari esa viloyat Kengashlarida hisobot berishi amaliyoti joriy etilmoqda.

Qonun loyihasining ahamiyatli jihati shundaki, sogʻliqni saqlash tizimidagi islohotlarning samaradorligi va natijadorligini taʼminlash boʻycha chora-tadbirlarni aholi hamda keng jamoatchilikka yetkazishning shaffof mexanizmi yaratiladi. Demak, konseptual jihatdan bu kerak.

Lekin ayrim jihatlarni hisobga olgan holda, loyihani qayta koʻrib chiqish maqsadga muvofiq, deb oʻylayman. Yaʼni, markaziy poliklinikalar shahar yoki tumanda bitta boʻladi. Kichikroq bir shaharchani olganda ham u yerda 50 ga yaqin mahalla mavjud. Har bir oilaviy poliklinikaga koʻpi bilan 8 ta mahalla biriktirilgan boʻlsa, markaziy poliklinika rahbari bir shaharchada kamida 7 ta OPda hisobot berishi kerakligini anglatadi. U qachon oʻz ishi bilan shugʻullanadi? Asosiy vaqti hisobot berish bilan oʻtib ketmaydimi, degan masala bor. Umuman, qancha vaqtda axborot berilishi kerak, degan masala koʻpchilikni qiziqtirdi.

Shaffoflikni taʼminlash, davlat byudjetidan ajratilgan mablagʻ qancha va qayerga sarflanayotgani, nima oʻzgarishlar amalga oshirilyapti, umuman, faoliyati bilan bogʻliq hisobot berilishi toʻgʻri. Ikkinchi tomoni esa qancha muddatda axborot yoki hisobot berish masalasi oydinlashishi zarur.

Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini ijtimoiy himoyalash bilan bogʻliq masala ham taklif etilyapti. Farmatsevtika tizimi xodimlarining salohiyati, bilimini oshirish kerak. Buni toʻliq qoʻllab-quvvatlaymiz. Ammo ularning ijtimoiy himoyasi bilan bogʻliq meʼyor bahsli savollarga sabab boʻldi. Oʻylaymizki, har bir qoʻyilgan savol yuzasidan oʻrganishlar olib boriladi va qayta ishlangan, takliflar inobatga olingan holda keyingi oʻqishlarga tayyorlanadi.

Qonun loyihasi Qonunchilik palatasi yalpi majlisida birinchi oʻqishda maʼqullandi, ikkinchi oʻqishgacha tayyorlash jarayoni savol-javoblarga boy boʻladigan koʻrinadi.

 

Birovning choʻntagiga qoʻl solish – ogʻir jinoyat

Quyi palatada Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlarning bank hisobvarogʻidagi pul mablagʻlari daxlsizligini taʼminlashga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasi ham koʻrib chiqildi.

Taklif etilayotgan oʻzgartirishlarning ahamiyati shundaki, bugungi kunda tadbirkorlik subyektlarining bank hisob raqamlaridan qonun hujjatlarida belgilanmagan tartibda pul mablagʻlari yechish holatlari mavjud. Amaliyotda mazkur harakatlar soliq organlari, bank muassasalari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan sodir etilmoqda. Ushbu noqonuniy yechilgan pul mablagʻlari sud yoki ularning yuqori organlari tomonidan aniqlangan taqdirda ularga nisbatan hech qanday javobgarlik choralari qoʻllanilmasdan qolmoqda. Shuningdek, Jinoyat kodeksida davlat organlarining mansabdor shaxslariga nisbatan ortiqcha undirilgan va toʻlangan pul mablagʻlarini oʻz vaqtida qaytarmaslik uchun javobgarlik belgilanmagan.

Shu kabi salbiy holatlarni bartaraf etish maqsadida Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga tegishli oʻzgartirishlar kiritilmoqda. Xususan, Jinoyat kodeksining 19212-moddasi bilan jismoniy va yuridik shaxslarning bank hisobvaragʻidagi pul mablagʻlarini ularning roziligisiz qonunga xilof ravishda oʻtkazish yoki olib qoʻyish yuzasidan javobgarlik kuchaytirilmoqda. Ortiqcha undirilgan pul mablagʻlarini jismoniy va yuridik shaxslarning birinchi talabiga asosan qaytarmaganlik harakatlari maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilganda mansabdor shaxslar hamda xizmatchilarga yangi jazo choralari qoʻllanilishi taklif etilyapti. Unga koʻra, bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilanmoqda.

Oʻzbekiston XDP fraksiyasi aʼzolari amaldorlarning fuqarolar hayotiga, ishlab chiqaruvchilar, xizmat koʻrsatuvchilar faoliyatiga oʻta qoʻpol tarzda aralashishi, daxl qilishiga nisbatan qonunchilik murosasiz boʻlishi zarurligini taʼkidladi. Taklif va mulohazalardan keyin qonun loyihasi maʼqullandi.

 

SUGʻURTALASH YECHIM BOʻLA OLADIMI?

Suv borliqning yashashi, tiriklik manbai, uni asrash, oqilona foydalanish bugun har qachongidan dolzarb. Qonunchilik palatasida qizgʻin muhokamalarga sabab boʻlayotgan yangi qonun loyihalaridan yana biri shu masala bilan bogʻliq – «Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi toʻgʻrisida».

Maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda suv xoʻjaligi tizimida jami 73 ta suv ombori va sel-suv ombori, 1688 ta nasos stansiyasi, 49 ta GES va boshqa obyektlar mavjud. Suv xoʻjaligi obyektlarining aksariyat qismi faoliyat boshlaganiga 40 yildan ortiq vaqt boʻlgan. Bu esa, ularni oʻz vaqtida taʼmirlash-tiklash va rekonstruksiya qilishni talab etadi. Xususan, ularni zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash, texnik soz holatda saqlash hamda xavfsiz va ishonchli ishlashini taʼminlash zarur.

Taʼkidlanishicha, deputatlar Guldara va Dehqonobod (Qashqadaryo viloyati), Koʻksaroy (Navoiy viloyati), Oqchopsoy (Samarqand viloyati), Xangaransoy (Surxondaryo viloyati), Sardoba (Sirdaryo viloyati) suv omborlarida oʻrganishlar olib borgan. Jarayonda loyihalashtirish, qurilish, nazorat ishlarida xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgani maʼlum boʻlgan.

Parlament vakillari qonun loyihasi bilan sohada buyurtmachi, loyiha va pudrat tashkilotlarining majburiyatlari, musataddi vazirlik hamda idoralarning vakolatlari toʻliq belgilanishi gidrotexnika inshootlaridan foydalanish, ularning xavfsizligini taʼminlashga xizmat qilishini taʼkidladi. Shuningdek, gidrotexnika inshootlaridan foydalanish davrida sodir boʻlgan avariya natijasida yetkazilgan zararni qoplash, xavfsizligini taʼminlash sohasida xalqaro hamkorlik masalalari ham aks etmoqda. Bu orqali xavfsizlik qoidalarining buzilishi boʻyicha javobgarlik belgilanishi nazarda tutilayotgani maqsadga muvofiq, deb baholandi.

Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi toʻgʻrisida amalda qonun bor. Parlamentga kirgan loyiha uni takomillashtirishni nazarda tutadi. Qonun loyihasida 5 ta yangi tushuncha taklif etilmoqda.

Qonun loyihasining 5-bobida gidrotexnik vositalardan foydalanish davrida yuzaga kelgan zararni qoplash masalasi ilgari surilgan. Buning uchun sugʻurtalash tizimidan foydalanishni joriy etish aytilmoqda. Ayni paytda mavjud inshootlarni inobatga olsak, sugʻurtalash orqali byudjet mablagʻlarini u choʻntakdan olib, bunisiga qoʻyish mexanizmi paydo boʻladi. Bu katta summani tashkil qiladi va ushbu masala Moliya vazirligi bilan kelishilishi lozim.

Ikkinchidan, suv inshootlari 50-100 yil ishlaydi. Qaysidir yilda biror bir kor-hol roʻy berganda sugʻurta kompaniyalari ishlayotgan boʻlishiga kafolat berish imkonsiz. Alternativ jihatdan qaralganda, ana shunday inshootlar atrofida yashovchi aholini ixtiyoriy sugʻurta qilish imkoniyati bor.

Yana bir fikrga koʻra, gidrotexnik inshootlarda fuqarolik javobgarligi boʻlishi muhim. Zarar kim tomonidan qoplab berilishi esa ikkinchi darajali masala hisoblanadi. Asosiysi, javobgarilkni his qilish va shu asosida faoliyat olib borish zarur. Chunki suv inshootlaridagi xavf katta zarar va oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Biror-bir zarar kelib chiqadigan boʻlsa, yukning hammasi toʻgʻridan-toʻgʻri byudjetga tushmasligi uchun ham sugʻurta institutidan foydalanishga ehtiyoj borligi qayd etildi. Byudjet esa soliq toʻlovchining puli hisoblanadi. Yana bir tomoni esa sugʻurta kompaniyasiga ham talablar qoʻyiladi. Agar koʻrsatilgan shartlarni bajara olmasa, sugʻurta kompaniyasi bilan shartnoma tuzilmaydi. Shu sababli sugʻurtalash tizimi qanday ishlashi bilan bogʻliq masalalar atroflicha koʻrib chiqilib, tasdiqdanishi kerak.

Agar sugʻurta kompaniyasi sugʻurtalashdan bosh tortsa, demak, bu signal hisoblanadi. Oʻsha tizimda qandaydir nosozlik borligidan dalolat beradi. Bu esa har ikkala tomonning masʼuliyatini oshiradi. Masalan, Amerika tajirbasiga koʻra 19-asrning oxirida Kaliforniyada yer qimirlaganida sugʻurta kompaniyalari zararlarni qoplab berishni boshlagan. Agar mana shunday yirik davlat inshootlariga majburiy sugʻurta joriy etilsa, bu byudjetga ham, fuqarolarga ham ijobiy taʼsir qiladi. Sugʻurta bozorining rivojlanishiga hissa qoʻshadi, deyishmoqda mutasaddi va mutaxassislar.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

«Oʻzbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 25.01.2022, №3

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish