Kambag‘allikni qisqartirish

 

xalqimizning ruhi tetik, tani sog‘, turmushi chiroyli bo‘lishi uchun qat’iy kurashish, shu ezgu maqsad yo‘lida fidoyilik ko‘rsatish demakdir

25 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 2023 yil rejalari keng muhokama qilindi.

E’tibor beraylik, kambag‘allikni qisqartirish milliy siyosat darajasiga olib chiqilgani ta’kidlandi. Kambag‘allikni qisqartirish o‘zi nima degani? Bu nima uchun kerak?

Har bir mutasaddi bu savollarni o‘ziga berib, aniq javoblarini ham topa bilishi kerak. Bitta mahalla miqyosida olsak, ehtiyojmand oilalar kamligi ayni vaqtda daromad topayotgan, ish, hunar bilan band fuqarolar, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatayotganlar soni ko‘payayotganini anglatadi. Bu oilalarda turmush o‘zgarishi, bolalar yaxshi o‘qishi, yaxshi ovqatlanishi, har tomonlama sog‘lom bo‘lib ulg‘ayishi uchun sharoit kengayishini bildiradi.

Endi ayollarning kundalik hayotida qancha o‘zgarishlar bo‘lishini tasavvur qilib ko‘rish qiyin emas. Shuning uchun davlat rahbari bu masalani milliy siyosat darajasiga ko‘taryapti. Kambag‘allikni qisqartirish xalqimizning ruhi tetik, tani sog‘, turmushi chiroyli bo‘lishi uchun qat’iy kurashish, shu ezgu maqsad yo‘lida fidoyilik ko‘rsatish, degani. Har birimiz shunday oliy niyatni qalbdan anglab olishimiz zarur.

 

Bitta raqam. O‘tgan yilning o‘zida kambag‘allik darajasi 17 foizdan 14 foizga tushgani, bunda hokim yordamchilari 1 million nafar aholini kasb-hunarga o‘qitib, tadbirkorligini boshlashga ko‘maklashgani, daromadli ish bilan band qilgani muhim omil bo‘lgani qayd etildi.

Prezidentimiz kambag‘allikni qisqartirishning eng asosiy mexanizmi — aholini daromadli ish bilan ta’minlash ekanini ko‘rsatib berdi. Ma’muriy islohotlar doirasida kambag‘allikni qisqartirishga mas’ul 5 idora yaxlit tizimga aylantirildi.

Endilikda mehnat resurslari va ishsizlik hisobini yuritish ham, bandlikka ko‘maklashish va tadbirkorlikni mahallabay rivojlantirish ham bitta — Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligida bo‘ladi. Bundan tashqari, yangi vazirlikka Xitoydan kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha katta tajribaga ega ekspertlar jalb qilinishi aytildi.

Bu uzoq tarix emas, eslaylik. Bir paytlar mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha tizim yaratish u yoqda tursin, hatto uning borligi tan olinmasdi. Keyingi yillarda vazirlik, turli tuzilmalar yaratildi.

Eng muhimi, kambag‘allikni qisqartirish uchun mexanizm sifatida aholini daromadli ish bilan ta’minlash yo‘li tanlandi. Darhaqiqat, daromad manbalarining kamligi yoki yetishmasligi odamlarni, oilalarni kambag‘allikka yetaklovchi asosiy muammo hisoblanadi. Chunki yeyish-ichishidan orttira olmagan oila bolalarini ilmli, hunarli qilishi oson bo‘lmaydi. Kambag‘allik avloddan-avlodga o‘tuvchi juda og‘ir muammodir. Shuning uchun kambag‘allik darajasida yashayotgan fuqarolarni daromadli ish bilan ta’minlash, ularga imkoniyat va yordam berish kambag‘allikdan chiqarish uchun eng maqbul yo‘l hisoblanadi. Yig‘ilishda aniq ko‘rsatmalar berilib, vazifalar belgilandi.

 

Bandlik dasturi

Ekspertlarga barcha viloyatlarda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha amaliy ishlarni tashkil qilish, viloyat hokimlariga esa 2023 yil uchun bandlik dasturini tumanlar kesimida qaytadan ko‘rib chiqish va tasdiqlash topshirildi.

Bu nima uchun zarur? Ma’lumki, bandlik dasturlari iqtisodiyotning barcha yo‘nalishlaridagi dasturlar bilan bog‘langan bo‘lishi muhim. Shunda u real, hayotiy bo‘ladi. Agar bandlik dasturlarida noreal, havoyi raqamlar aks etsa-yu, hayotda o‘zgarish bo‘lmasa, bundan foyda yo‘q. Shuning uchun barcha hududda bandlik dasturlari yana bir marta tanqidiy tahlil orqali qaytadan ko‘rib chiqilishi to‘g‘ri bo‘ladi. Bu jarayonda deputatlar ham bevosita qatnashishi, ko‘rsatkichlar real bo‘lishiga alohida e’tibor qaratishi zarur. Vazifa vazirlikka topshirildi, o‘zlari shug‘ullansin, deb tomosha qilib turish yaramaydi. Sababi, kambag‘allikni qisqartirish nafaqat davlat tashkilotlari, mutasaddi va mutaxassislar, balki taraqqiyotimiz tarafdori bo‘lgan, ezgulikka ergashgan har kimning tashvishi bo‘lishi kerak.

 

Moliyaviy ko‘mak

Prezidentimiz oilaviy tadbirkorlikni yanada rag‘batlantirish maqsadida moliyaviy ko‘mak ko‘lami kengaytirilishini ta’kidladi. Jumladan, 2023 yilda:

— tadbirkorlar faoliyatini kengaytirish uchun kredit miqdorini amaldagi 225 million so‘mdan 300 million so‘mgacha oshirish;

— dehqon xo‘jaliklariga garovsiz kredit miqdorini 50 million so‘mgacha ko‘tarish (amalda 33 million so‘m);

— yaxshi natija ko‘rsatgan tadbirkorlar yana imtiyozli kreditlar olishi mumkin bo‘lishi (hozirgacha faqat bir marta olish mumkin);

— kreditlarning bir qismini plastik kartaga olishga ruxsat berish kabi muammoli masalalarni hal etishga qaratilgan vazifalar belgilandi. Yurtimizdagi minglab oilalar bu yangiliklarni kutayotgan edi.

2023 yilda oilaviy tadbirkorlik dasturiga 12 trillion so‘m beriladi (2022 yilda — qariyb 10 trillion so‘m). Yaqinda imzolangan Prezident qaroriga ko‘ra, oilaviy tadbirkorlikka qo‘shimcha 300 million dollar ajratiladi.

Bu aytishga oson raqamlar. Dunyoda kechayotgan murakkab geoiqtisodiy vaziyat, moliyaviy imkoniyatlar kamayib ketayotgan bir sharoitda shuncha mablag‘ni oilaviy tadbirkorlikka yo‘naltirish davlat rahbari uchun turmush yaxshilanishi, imkoniyatlar berilishi qanchalik muhimligini anglatadi.

Qat’iy va izchil islohotlar natijasida bugun aholiga bir necha yo‘nalishda moliyaviy yordam, subsidiya berilyapti. Har bir fuqaro, muhtoj inson ehtiyoji, zaruratidan kelib chiqib, o‘ziga mos va qulay yordamni tanlashi mumkin.

Oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash dasturlari yildan-yilga kengaymoqda. Tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, mahsulot yaratib, xizmat ko‘rsatib yashaydigan oila jamiyat uchun ham, davlat uchun ham foydaliroq bo‘ladi. Sababi, tadbirkorlik qiluvchi oilada daromad topishning ishtirokchilari ko‘proq, mehnatga, hayotga munosabat boshqacharoq, balandroq bo‘ladi.

Bu yildan boshlab imtiyozli kreditlarning bir qismini plastik kartaga olishga imkoniyat yaratilayotgani ham chuqur o‘ylangan masala, aslida. Chunki endi kredit oluvchida tanlash imkoni ko‘proq bo‘ladi. Ular naqd pul bilan bozorlardan arzonroqqa xomashyo yoki texnika olishi mumkin.

 

Daftardan pasportgacha

Davlatimiz rahbari yangi tizimga ko‘ra, tumanlar alohida toifalarga ajratilgani, 4- va 5-toifalarga kirgan og‘ir tumanlar hokimlari o‘z ish uslublari va yondashuvlarini o‘zgartirishi shartligini qayd etdi.

Tegishli tumanlarda kambag‘allikni qisqartirish ishlari ham yangicha tashkil qilinishi belgilab berildi. Bunda:

— birinchi bosqichda “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” yagona tizimga birlashtirilib, har bir oilaning yagona raqamli pasporti ishlab chiqiladi;

— ikkinchi bosqichda har bir oilani kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha individual dasturlar tuziladi;

— uchinchi bosqichda oila uchun kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlik loyihasi amalga oshiriladi.

Kambag‘allikni tan olish bir masala, lekin uni qisqartirishga kirishish murakkab va muhim. Chunki mamlakatimizda shunday vaziyat yuzaga kelgan

ediki, kim qayerda, nega kambag‘al, unga qanday va qancha yordam kerak, degan savollarga umuman javob yo‘q edi. Endi kambag‘allikni qisqartirish uchun tizim yanada takomillashtirilmoqda.

Odamlar yaqin-yaqingacha hokimlarni kabinetidan tashqarida uchratmas edi. Hattoki qishloq joylardagi aholi viloyat hokimi u yoqda tursin, o‘zining tuman yoki shahar hokimini rasmidan ham tanimasdi. Lekin keyingi yillarda hokimliklarning ham ishlash uslubi o‘zgardi. Hokimlar ijtimoiy himoya daftarlari orqali hududidagi aholi haqida aniq ma’lumotlarga ega bo‘ldi. Kimga, qachon, qanday yordam berish kerakligi tizim orqali hal etilmoqda.

Bir vaqtlar oilalar haqida to‘liqroq ma’lumotlar yetishmagan bo‘lsa, endi oilalarning pasportini yaratish vazifasi qo‘yildi. Pasportlar ijtimoiy muhofaza va ko‘mak ishlarini yanada tizimlashtirish imkonini beradi.

 

Ijtimoiy davlat sari

Biz ijtimoiy davlat deganda, Germaniya, Finlandiya, Avstriya va boshqa rivojlangan, inson huquq va manfaatlari himoyalangan davlatlardagi hayotga intilishni nazarda tutamiz. Shuning uchun ijtimoiy davlat g‘oyasi haqida xalqimiz o‘rtasida targ‘ibotni, tushuntirish ishlarini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratamiz.

Ijtimoiy davlatchilik Osiyo davlatlari — Yaponiya, Janubiy Koreyada ham rivojlanyapti. Bu jarayon bugun O‘zbekistonda ham shakllanmoqda. Aniq natijalar, odamlar hayotida ko‘rib turgan misollar bor. Endilikda bu tizimni Konstitutsiya darajasida mustahkamlash kun tartibida turibdi.

Jamiyatimizdagi faol qatlam ijtimoiy davlat nima ekanini tushuna boshladi. Ijtimoiy davlatda muhtojlarning uy-joy sharoiti haqida qayg‘urilar ekan, yashash uchun zarur bo‘lgan iste’mol mahsulotlarining eng kam miqdori kafolatli belgilab qo‘yilarkan, deb aytishyapti. Kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, xavfsiz mehnat sharoitlari yaratish davlatning fuqarolar oldidagi burchi bo‘ladi, degan g‘oyalar, to‘g‘risi, xalqimizga ancha ma’qul kelyapti.

Ijtimoiy davlat ijtimoiy adolat tamoyillaridan kelib chiqib faoliyat yuritadi. Asosiy maqsad — jamiyatda yaratilayotgan moddiy va ma’naviy boyliklarni ijtimoiy adolat tamoyili asosida boshqarish, hammaga ustuvor huquqlar nuqtai nazaridan teng imkoniyat yaratishdir.

Prezidentimiz boshchiligidagi islohotlar samarasi o‘laroq, O‘zbekiston ana shunday jamiyat yaratish yo‘lida ishonch bilan bormoqda.

 

Ulug‘bek INOYATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari,

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi.

«Yangi O‘zbekiston», 28.01.2022, №19

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish