Umidvor va manfaatdormiz

 

Maktabgacha taʼlimdagi oʻzgarishlarni bugun har bir yurtdoshimiz koʻrib turibdi. Sohada yigʻilib qolgan muammolarni hal etish va 3 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalarning toʻlaqonli taʼlim-tarbiya olishini taʼminlash masalasi kechiktirib boʻlmas vazifa sifatida ilgari surilmoqda.

Sababi bogʻchalar taʼlim muassasasi vazifasini bajarish oʻrniga ota-ona ishda boʻlgan vaqtda bolaga qarab turadigan muassasaga aylanib qolgani, qamrovning pastligi, binolarning taʼmirtalabligi, boshqa maqsadlarda ishlatilgani, metodik jihatdan toʻliq taʼminlanmagani, pedagoglar ijtimoiy himoyasi va maoshining pastligi kabi kompleks muammolarni hal etish kechiktirib boʻlmas masala edi. Keyingi 20 yil davomida davlat tasarrufidagi maktabgacha taʼlim muassasalari soni 45 foizga kamaygani, 2,45 million boladan 818 ming nafarigina bogʻchalarga qamrab olingani bu fikrlar isboti boʻla oladi.

Ilgari maktabgacha taʼlim muassasalari infratuzilmasi va moddiy-texnik bazasining yaroqsiz holati bolalarni maktabgacha taʼlim bilan toʻliq qamrab olishni taʼminlashga imkon bermasdi.

Ayrim mutasaddilarning sustkashligi tufayli sohani rivojlantirish boʻyicha belgilangan ishlar vaqtida bajarilmagani, nodavlat bolalar bogʻchasini ochish borasidagi harakatlar paysalga solingani, joylardagi bogʻchalarda qurilish ishlari toʻliq yakuniga yetkazilmagani kabi kamchiliklar oʻz ortidan uzluksiz xatoliklarni ergashtirib kelardi. Oʻrganish shuni koʻrsatdiki, maktabgacha taʼlimni boshqarishning amaldagi tizimi mavjud muammolarni oʻz vaqtida aniqlash va bartaraf etish, shuningdek, mazkur sohani yanada rivojlantirish uchun innovatsion qarorlarni ishlab chiqish va joriy etish imkonini bermay qolgan edi.

Prezidentimizning ilgʻor tashabbuslari bilan taʼlimning ilk bosqichini rivojlantirishning koʻplab yoʻnalishlari belgilab olindi. Xususan, maktabgacha taʼlim tizimini tarkibiy jihatdan tubdan isloh qilish, mazkur muassasalarga bolalarni toʻla qamrab olish boʻyicha muhim vazifalar qoʻyildi.

Bogʻcha tarbiyasini olgan bola bilan bogʻchaga bormagan bolani solishtirganda, ularning fikrlash darajasi oʻrtasida yer bilan osmoncha farq borligini sezish qiyin emas.

Har qanday taʼlimning asosi — metodika, jumladan, maktabgacha taʼlimniki ham. Maktabgacha taʼlimni sifat bosqichiga koʻtarishda yangi taʼlim metodlari, innovatsion texnologiyalarning ahamiyati katta. Sababi MTTning moddiy-texnik bazasi yuqori boʻlsa-yu, tarbiyachi bola bilan ishlamasa, unga har kuni yangi maʼlumotlarni oʻrgatmasa, hamma qilingan harakatlar natijasi nolga tenglashib qoladi.

Maktabgacha taʼlim sohasiga ixtisoslashgan kadrlar tayyorlash masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Qabul qilinayotgan barcha-barcha qarorlarni amalga oshiradigan, farzandlarimizga eng zarur hayotiy tushuncha va koʻnikmalarni oʻrgatadigan yuqori malakali tarbiyachilarni tayyorlash masalasi kun tartibiga chiqdi.

Maktabgacha taʼlim tizimida oliy maʼlumotli mutaxassislarga ehtiyoj esa pedagogika universitetlarida maktabgacha taʼlim yoʻnalishiga qabul kvotalarining oshirilishi va nomutaxassis kadrlarni qayta tayyorlovdan oʻtkazish evaziga toʻldirilmoqda. Ilgʻor xorijiy tajribalar asosida maktabgacha taʼlim tizimidagi pedagog kadrlar malakasini oshirish boʻyicha oʻquv-reja va dasturlarni takomillashtirish, oliy taʼlim muassasalari maxsus sirtqi boʻlimlarining “Maktabgacha taʼlim” yoʻnalishi boʻyicha 2018 – 2023 yillar uchun kvotalar ajratish masalasiga eʼtibor qaratildi.

Dunyo mamlakatlarining maktabgacha taʼlim sohasidagi tajribalarini oʻrganish va ulardan milliy mentalitetimizni hisobga olgan holda foydalanish natijasida xalqaro standartlar darajasidagi maktabgacha taʼlim tizimi yaratiladi.

Tizimni tanqidiy oʻrganish va yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish boʻyicha komissiya tashkil etildi. Komissiya tomonidan maktabgacha taʼlim sohasidagi qonunchilik, korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarni yuzaga keltiruvchi normalarni aniqlash nuqtai nazaridan tahlil etildi. Shuningdek, maktabgacha taʼlim sohasida davlat siyosatini samarali roʻyobga chiqarishga toʻsqinlik qiluvchi tizimli muammolarni aniqlash hamda kompleks oʻrganish ishlari amalga oshirildi.

Bularning hammasi yaxshilik uchun. Taʼlim-tarbiya biz uchun najotdir! Maktabgacha taʼlimning porloq kelajagidan barchamiz umidvor va manfaatdormiz.

 

Oʻrol Oʻrozboyev,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzXDP fraksiyasi aʼzosi.

«O‘zbekiston ovozi», 1.02.2022, №4

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish