Davlatimiz rahbarining viloyatlarga tashrifi xalqimiz tomonidan iliq kutib olinadi, sababi Prezidentimizning hududlardagi tashriflaridan so‘ng yangidan-yangi to‘qimachilik yoki tibbiyot klasterlari, ishlab chiqarish korxonalari o‘z faoliyatini boshlaydi. Natijada ko‘plab fuqarolarimiz ish o‘rniga ega bo‘lib, bandligi ta’minlanadi. Davlatimiz rahbarining Farg‘ona viloyat Qo‘shtepa tumaniga bu galgi tashrifi doirasida Global textile infinity klasterining to‘qimachilik korxonasi ishga tushdi. Bu yerda paxta yetishtirish va uni qayta ishlashning to‘liq jarayoni yo‘lga qo‘yilgan. 132 million yevro evaziga katta fabrika tashkil etilib, Shveysariyaning Rieter machine works uskunalari o‘rnatildi. Mazkur korxonada 3 ming nafarga yaqin ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlanadi.
Yaqin yillarda ham Qo‘shtepa tumani qizil hududga kiritilib, iqtisodiy ko‘rsatkichlari past bo‘lgan edi, endilikda esa tumanda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 1 trillion so‘mdan oshdi.
Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahrida “Art soft ceramics” yirik ishlab chiqarish korxonasi yiliga qariyb 3 million kvadrat metr keramogranit mahsulot tayyorlash quvvatiga ega. Ayni paytda bu yerda 350 nafar ishchi va mutaxassis mehnat qilmoqda. Mahalliylashtirish darajasi 100 foiz bo‘lgani bois tovarlar xorijnikidan ancha arzon narxlarda bozorga chiqarilmoqda. Shuningdek, ularning 35 foizi Rossiya, Qirg‘iziston va Tojikistonga eksport qilinishi rejalashtirilmoqda. Bu esa o‘z navbatida bir vaqtlar o‘zining chinni mahsulotlari bilan dunyoga dong‘i taralgan Quvasoy shahrining yangi istiqbolini belgilaydi.
Umuman olganda, Farg‘ona viloyatining qaysi tumaniga bormang, o‘ziga xos ishlab chiqarish, hunarmandlik yo‘nalishlari, sanoat rivojlanishi yoki qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish, bog‘dorchilik rivojlanganligiga guvoh bo‘lasiz. Misol uchun, Quva o‘zining anorlari bilan dunyoga dong taratgan bo‘lsa, Oltiariq shirindan shakar uzumlari bilan mashhur. Ko‘hna Marg‘ilonda esa ipakchilik sanoati rivojlangan.
Vodiyning gavhari Marg‘ilon qadimiy shaharlardan biridir. Marg‘ilonda hunarmandchilik IX asrdan boshlab keng tarqalgan. Marg‘ilon tarixda hunarmandlar shahri sifatida ham dong taratgan. Xitoyliklardan ipak yetishtirishni o‘zlashtirish va uni dunyoga yoyish ham ana shu shahar tarixi bilan bog‘liq. Bu yerda tayyorlangan ipak matolar nafaqat yurtimizda, balki dunyo bozorlarida ham nihoyatda e’zozlanadi. Darvoqe, to‘qimachilik va ipak to‘qish sanoati — dastgohlar ham ilk bor shu shaharda paydo bo‘lgan. Bu yerda hunarning biror turi yo‘qki marg‘ilonliklar shug‘ullanishmagan bo‘lsin. Marg‘ilonlik hunarmandlar tayyorlagan go‘zal, bejirim, didingizga mos buyumlarni, matolarni ko‘raman desangiz shahar ko‘chalari, bozorlaridagi rastalarni bir-bir aylaning. Ana shunda nihoyatda chiroyli, milliy an’analar asosida to‘qilgan adras, banaros, beqasam, atlas, shoyi, duxobalarning o‘nlab xillari ko‘z oldingizda namoyon bo‘ladi. Xalqimizning ijodkorligi, yaratuvchiligiga tan berasiz.
Marg‘ilon shahridagi “Oltin ipak karvonsaroyi” turistik markaziga kelgan kishi qadim o‘zbek xonadonlaridagi muhitni his etadi. Majmuaning birinchi qavatida gilamdo‘zlik, kashtachilik, misgarlik kabi xalq hunarmandchiligi xonalari joylashgan.
Prezidentimiz Marg‘ilon shahridagi “Oltin ipak karvonsaroyi” turistik markaziga tashrif buyurib, u yerdagi hunarmandlarimizning mehnatiga yuksak baho berdilar. Davlatimiz rahbarining “Hozirgi yuksak texnologiyalar asrida mana shunday oddiy, samimiy joylarni odam sog‘inadi. Bu hunarlarni, bu madaniyatni bobo-momolarimiz faqat qo‘li bilan emas, qalb qo‘ri bilan yaratgan. Bir paytlar bu yo‘nalishlar yo‘qolib ketishiga oz qolgandi. Ularni asrab-avaylayotganingiz uchun rahmat. Bu madaniyatimizni nafaqat chet elliklarga targ‘ib qilish, balki farzandlarimizga ham singdirish kerak”, degan so‘zlari marg‘ilonlik hunarmandlarimizni qanchalik qadrlashi, ularning mehnatini yuksak baholashidan dalolat beradi. Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning tashrifi viloyatlarimiz uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochilishi, investitsiyalarning kirib kelishi hamda qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilib, aholining turmushi darajasi oshishiga zamin yaratadi.
Dilbar Mamadjanova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.