Dunyo shiddat bilan o‘zgarib bormoqda. Ilm-fan rivojlanishi insonlar hayotiga katta ta’sir ko‘rsatayotgani hech kimga sir emas. Dunyoning istalgan burchagida ro‘y berayotgan voqea hodisalardan o‘sha zahoti xabardor bo‘lishimiz bizni hayratga solmay qo‘ydi. Telefon orqali xohlagan mamlakatdagi yaqinimiz bilan diydorlashish imkoniyati ham oddiy holga aylandi. Umuman olganda “raqamlashtirish” nomi bilan juda ko‘p vazifalarni ish joyimiz yoki xonadonimizdan turib bajarish kutilgan qulaylikka aylanmoqda.
Allohim yana bir nabira ne’matini berdi, uni xonadon daftariga kiritish uchun idoraga borsak, bolamiz allaqachon tug‘ruqxonadayoq ro‘yxatga kiritilganini bildik va bunday qulaylikdan, albatta, xursand bo‘ldik. Turmushda, kundalik hayotda odamlar har kuni duch keladigan noqulayliklar birin-ketin yechilayotganidan mamnun bo‘lishimiz kerak.
Shu o‘rinda anchadan beri yechimi topilmayotgan bir masalani ham shu yo‘l bilan oson hal qilinishi mumkinligini o‘ylab qoldim.
Ma’lumki, yoshlar nikohdan o‘tgach, kelin yangi xonadon ro‘yxatiga (propiskaga) kiritilishi lozim. O‘z-o‘zidan yosh oilada tug‘iladigan farzandlar ham ana shu xonadonda ro‘yxatda bo‘lishlari kerak. Ammo hayotda har doim ham bunday bo‘lmayapti. Ko‘ryapmiz: ba’zida qaynona, ba’zida qaynotalarning allaqanday vajlar asosida kelinlarni ro‘yxatga olishni istamasliklari oqibatida kelinlar va go‘daklar arosatda qiynalishmoqda. Bu muammoni adolatli hal qilish joiz.
Nikoh qayd etilgach, kelin elektron tartib asosida kuyov ro‘yxatda turgan manzilga ro‘yxatga qo‘yilishi joriy etilsa, ko‘plab muammolarning oldi olinib, sarsongarchiliklarga chek qo‘yilardi.
Mutasaddi vazirlik-idoralar bu masalani chuqur o‘rganib, oson hal qilish, qulaylashtirish haqida choralar ko‘rsa, oqilona ish bo‘lar edi.
Maqsuda Vorisova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.