Bugun ulug‘ o‘zbek va boshqa turkiy xalqlarning shoiri, mutafakkiri va davlat arbobi, G‘arbda Chig‘atoy adabiyotining buyuk vakili deb qaralgan, sharqda “Nizomi millati va din” ya’ni “Din va millatning nizomi” unvoni bilan ulug‘langan buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiyning tavallud topgan kuniga 582 yil to‘ldi. Nizomiddin Mir Alisher Navoiy temuriylar saltanatiga tegishli Xuroson mulkining markazi — Hirotda 1441 yil 9 fevral kuni tug‘ilib, shu yerda umrining asosiy qismini o‘tkazgan. Bu inson yaratib ketgan ulkan ma’naviy meros hanuzgacha ma’naviy ozuqa vazifasini o‘tab kelmoqda.
Alisher kichiklik chog‘idan olimu-fozillar davrasida yurganligi sababli ilmga, she’r va musiqaga bo‘lgan ishqi o‘zgacha edi. Uch-to‘rt yoshlarida davrining mashhur shoiri Qosim Anvorning bir she’rini yod aytib, mehmonlarni hayratga soladi. Bir yildan so‘ng uni maktabga berdilar. U bo‘lajak sulton Husayn Bayqaro bilan birga o‘qidi. Uning zehni va iqtidori haqidagi gaplar esa el orasida tarqalib boradi.
Ilm olish jarayonida Alisher Navoiy 50 ming bayt, 100 ming misra she’r yod olgani shunchaki nutq o‘stirish emas, ma’rifat, tafakkur mashqi ham edi. Navoiy 15 yoshlarida o‘z she’rlari bilan zamonasining mashhur shoirlari diqqatini tortdi. Xondamirning yozishicha, she’rlari bilan endigina tanilib kela boshlagan Alisher o‘z davrining dongdor shoiri Mavlono Lutfiy xizmatiga boradi. Mavlono undan she’r o‘qishni iltimos qiladi. Alisher o‘zining: Orazin yopg‘och, ko‘zimdin sochilur har lahza yosh, Bo‘ylakim, paydo bo‘lur yulduz nihon bo‘lg‘och quyosh. Matla’i bilan boshlanadigan g‘azalini o‘qiydi. She’rdan hayratga tushgan keksa shoir bunday deydi: “Valloh, agar muyassar bo‘lsa edi, o‘zumning forsiy va turkiy tillarda aytgan o‘n-o‘n ikki ming baytimni shu g‘azalga almashtirardim va buni o‘zimning katta yutug‘im deb hisoblar edim”. Bu turkiy (o‘zbek) she’riyatiga juda katta iste’dod kirib kelayotganidan nishona edi.
Bizga ma’lumki Alisher Navoiy ijodining yuksak cho‘qqisi "Xamsa" asari (1483-1485)dir, shoir birinchilardan bo‘lib, turkiy tilda to‘liq “Xamsa” yaratdi va turkiy tilda shunday ko‘lamdor asar yozish mumkinligini isbotlab berdi. Bu asar "Hayratul-abror", “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Sab’ai sayyor” va “Saddi Iskandariy” o‘z ichiga oladi. Ushbu to‘plamni Nizomiy Ganjaviyning “Panj Ganj” (“Besh xazina”) asariga havas sifatida yozilganligini o‘quvchilarga anglatmoq maqsadida “Xamsa”ning kirish qismida:
“Emas oson bu maydon ichra turmoq,
Nizomiy panjasig‘a panja urmoq.”
deya ta’kid etadi.
Umrini ilm-ma’rifatga bag‘ishlagan Navoiy tufayli insoniyat tarixida dunyoning turli joylarida yashayotgan turkiy xalqlar yakqalam qilindi, millat ma’naviy merosi umumjahon xazinasidan mustahkam o‘rin oldi. Mustaqil O‘zbekistonda Navoiyni anglash davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Respublikadagi eng yirik viloyatlardan biri va uning markazi, O‘zbekiston Davlat mukofoti, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Til va adabiyot instituti, opera va balet akademik teatri, O‘zbekiston Davlat kutubxonasi, Samarqand Davlat universiteti va boshqa yuzlab madaniy-ma’rifiy muassasalar, jamoa xo‘jaliklari ulug‘ shoir nomi bilan ataladi. 2016 yili Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universiteti ochilishi ham bu insonga va uning kelajak avlod uchun qoldirgan ma’naviy xazinasiga hurmat hisoblanadi.
Biz bunday buyuk ajdodlarimizdan faxrlanib, ulardek Vatanni sevishimiz, ilm-ma’rifat va jamiyat rivoji uchun tolmay xizmat qilishimiz darkor.
Bahodir Kamalov,
O‘zXDP Markaziy Kengashi xodimi.