Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Fraksiya a’zolari dastlab Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsman) 2022 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni tingladi.
Keyingi yillarda Ombudsman faoliyati kengaydi, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha natijalar yaxshilanmoqda. Xususan, 2022 yil 1 yanvardan Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillari ham doimiy asosda faoliyat yurita boshladi. Murojaatlarni har tomonlama o‘rganish, tezkor hal etishda bu muhim ahamiyat kasb etmoqda. Hududlarda sayyor qabullar muntazam tashkil etib kelmoqda.
Hisobotda keltirilishicha, 2022 yilda Ombudsman nomiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan 17761 ta murojaat kelib tushgan. Bu 2021 yil bilan taqqoslaganda 5,2 foizga kamdir. Ombudsman tomonidan 2022 yilda oila huquqi yo‘nalishida 683 ta murojaat ko‘rib chiqilib, ularning 327 tasi parlament nazorati subyekti sifatida o‘rganilgan.
Fuqarolarga moddiy yordam ko‘rsatilishi, nogironlik nafaqasini olish, pensiya olishdagi muammolar va boshqa masalalarda ham murojaatlar qonun doirasida hal etilgan. Fraksiya a’zolari hisobot bilan tanishar ekan, partiya elektorati manfaatlari himoya qilinishi bilan bog‘liq ko‘rsatkichlarni alohida e’tirof etdilar. Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi chekka hududlarda ko‘proq istiqomat qilishini inobatga olib, Ombudsmanning mintaqaviy vakillari faoliyatini yanada jonlantirish yuzasidan taklif va mulohazalarini bildirdilar.
O‘zXDP fraksiyasi a’zolari qiynoqlarga qarshi kurashda, fuqarolarning huquqlarini qat’iy himoya qilishda Ombudsman faoliyati ta’sirchanligini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida so‘rashdi. Ombudsman Feruza Eshmatova qonunchilikni takomillashtirish, ayni paytda parlament quyi palatasida muhokama jarayonida turgan qonun loyihasini qabul qilishni tezlashtirish maqsadga muvofiq bo‘lishini qayd etdi.
Shu bilan birga, davlat hokimiyati, huquq-tartibot idoralari faoliyatini tahlil qilish, tizimli takliflar ishlab chiqish kerakligi ham tavsiya etildi. Muhokamalardan keyin hisobot ma’qullandi.
Yig‘ilishda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sog‘liqni saqlash organlari faoliyati haqida jamoatchilikning xabardorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risidagi Qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Yurtimizda sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarning natijalari, sog‘liqni saqlashni boshqarish hududiy organlari, birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasalarining faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikning xabardorligini oshirish, shuningdek, ushbu organlar va muassasalar faoliyatining ochiqligini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi bilan «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Unga muvofiq, mahalliy Kengashlar tomonidan yarim yillik yakunlari bo‘yicha sog‘liqni saqlashni boshqarish hududiy organlari, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari rahbarlarining sog‘liqni saqlashni rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlarining ijro etilishi, kasalliklarning profilaktikasi holati, sog‘lom turmush tarzi va to‘g‘ri ovqatlanishni shakllantirish hamda sog‘liqni saqlashning asosiy ko‘rsatkichlari to‘g‘risida hisobotini eshitish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga fuqarolar yig‘ini tomonidan aholi biriktirilgan tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarining, oilaviy poliklinikalarning va oilaviy shifokor punktlari rahbarlarining sog‘liqni saqlash holati, fuqarolar sog‘lig‘iga ta’sir etuvchi omillar, shu jumladan, tegishli hududning sanitariya-epidemiologiya jihatidan xotirjamligi to‘g‘risida hisobotlarni eshitishni nazarga tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Deputatlar ushbu qonun loyihasi sog‘liqni saqlash organlari faoliyatining shaffofligini ta’minlashga hamda aholini tibbiy yordam ko‘rsatish holati to‘g‘risidagi xabardorligini oshirishga xizmat qilishini alohida e’tirof etdi. Loyiha moddama-modda muhokama qilindi, ayrim tavsiyalar berilib, ma’qullandi.