Talabalarni turar-joy va yotoqxonalar bilan ta’minlash holati o‘rganilmoqda

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi va Xalq deputatlari Toshkent viloyat deputatlaridan iborat ishchi guruh Chirchiq davlat pedagogika universiteti va O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti talabalarini turar-joy va yotoqxonalar bilan ta’minlash holatini o‘rgandi. Maqsad bu boradagi tizimli muammolar va ularni hal etish bo‘yicha takliflar tayyorlashdan iboratdir. Ishchi guruh dastlab Chirchiq davlat pedagogika universitetida bo‘lib, Markaziy Kengash boshqarma boshlig‘i Yusupov Boymurot Jumayevich, O‘zbekiston XDP Toshkent viloyati Kengashi raisi Umaraliyev Akmal Akbaraliyevich, Chirchiq shahar Kengashi raisi Nortoji Raxmonberdiyeva, Xalq deputatlari Chirchiq shahar deputati Anvarbek Maxsumov o‘rganish yuzasidan universitet rahbariyati va mas’ul xodimlari bilan suhbatlashishdi.

Hozirda Chirchiq davlat pedagogika Universitetida jami 1436 o‘ringa mo‘ljallangan 3 ta Talabalar turar joyi mavjud. Shundan 1-sonli Talabalar turar joyida 288 nafar, 2-sonli Talabalar turar joyida 507 nafar, 3-sonli Talabalar turar joyida 626 nafar talaba yashaydi. 1-sonli Talabalar turar joyida 2018 yilda kapital ta’mirlangan, 2- va 3-sonli Talabalar turar joylari yangidan bunyod etilib, 2020/22 yillarda foydalanishga topshirilgan.

Universitetda hozirgi kun holatiga Davlat-xususiy sheriklik (DHSh) shartlari asosida qurilgan TTJ mavjud emas. Toshkent viloyati hokimining 2022 yil 07 oktabrdagi 53610-0-Q/22-sonli qaroriga asosan Chirchiq shahar “Iftixor” MFYga yondosh “Yangi O‘zbekiston” massivi hududida joylashgan qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan 1 (bir) gektar yer maydoni universitetga TTJ qurilishi uchun doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib berilgan. Hozirda mazkur yer maydonida DXSh shartlari asosida TTJ qurish bo‘yicha tadbirkorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda.

2022 yilda universitetning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan 630 o‘rinli yangi TTJ qurib foydalanishga topshirilgan. 2023 yilda universitetning budjetdan tashqari mablag‘lari (50 foiz) va davlat budjetining subsidiya mablag‘lari (50 foiz) hisobidan yangi 700 o‘rinli TTJ qurish rejalashtirilgan. Hozirgi kunda yangi 700 o‘rinli TTJ qurish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari tayyorlangan va davlat ekspertizasidan o‘tkazilgan. 2023 yil fevral oyida “Shaffof qurilish” platformasi orqali bosh pudratchi tashkiloti aniqlanib, qurilish ishlarini boshlash rejalashtirilgan.

Universitetda hozirgi kun holatiga ko‘ra, 4174 nafar talaba ijarada yashaydi. Ularning 2446 nafari (58.6%)ning TTJga ehtiyoji mavjud. 2022 yilda yotoqxona bilan ta’minlanganlik 21.4% ni tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilda 47.7% ga oshirish rejalashtirilgan.

Universitet Kengashining 2022 yil 27 avgustdagi 1-sonli yig‘ilish qaroriga asosan Talabalarni TTJga joylashtirish ishlarini adolatli va shaffof tarzda amalga oshirish bo‘yicha 1-prorektor rahbarligida 11 kishidan iborat Ishchi guruh tashkil etilgan.

Talabalar TTJga quyidagi mezon-talablari asosida joylashtirilgan:

  1. “Mehribonlik uyi”ning tarbiyalanuvchisi.
  2. Chin yetim.
  3. Boquvchisini yo‘qotgan.
  4. Boquvchisidan birini yo‘qotgan.
  5. Kam ta’minlangan oilaning farzandi.
  6. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilaning farzandi.
  7. Nogironligi bo‘lgan shaxslar.
  8. Oilada 2 va undan ortiq to‘lov-kontrakt asosida o‘qiydigan talaba.
  9. Jamoatchilik ishida faol, namunali xulqi bilan o‘rnak bo‘lgan hamda fanlarni yaxshi va a’lo baholarga o‘zlashtirgan talaba.

Universitet Kengashining 2022 yil 27 avgustdagi 1-sonli yig‘ilish qaroriga asosan Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari, Chin yetimlar, Boquvchisini yo‘qotganlar, ko‘zi ojiz (yoki ko‘zida kasalligi bor) 1-guruh nogironligi bo‘lgan talabalar hamda Talabalar kengashi raislari – jami 38 nafari to‘lovdan to‘liq ozod qilingan. Tayanch harakatida nuqsoni bo‘lgan 2-guruh nogironlari, TTJ qavat sardorlari bo‘lgan talabalarning jami – 49 nafari to‘lovdan qisman (50%) ozod qilingan.

2021 yil 1 maydan universitetning ijara huquqi asosida yashayotgan 4174 nafar talabalaridan 2504 nafar (60%)ga oylik ijara to‘lovining 50%i O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan qoplab berilgan. 2023 yilda ham universitetning ijara huquqi asosida yashayotgan talabalari uchun oylik ijara to‘lovining 50%i to‘lab berishga 900.000.000 mln. so‘m mablag‘ ajratish rejalashtirilgan.

Universitetda talabalarni yotoqxona bilan ta’minlash uchun elektron tizim joriy etilgan bo‘lib, u universitetning internetdagi cspi.uz rasmiy sayti orqali e’lon qilib boriladi.

Ishchi guruh tomonidan o‘rganilgan universitetning 2 va 3-sonli TTJlari yangi jihoz va mebellar bilan ta’minlangan. Jihoz va mebellarning foydalanishga yaroqlilik holati yaxshi. Shuningdek, umumiy ovqatlanish xonasi, yuvinish va sanitar xonalari talabga to‘liq javob beradi. Tayanch harakatida nuqsoni bo‘lgan hamda 1-guruh ko‘zi ojiz talabalar uchun maxsus xonalar ajratilgan.

Universitetda yangi tizim - uybor.uz platformasi orqali ijaraga uy topgan talabalar to‘g‘risida ma’lumot to‘liq emas. Universitetga yaqin hududda joylashgan Shodlik, Amir Temur va Kimyogarlar MFY raisi, yoshlar yetakchisi va hokim yordamchisi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Ularning yordami bilan ijara zahiralari shakllantirilganligi o‘rganish davomida aniqlandi.

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Men OʻzXDPni tanladim Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Yoshlar qanoti
← Roʻyxatga qaytish