Shoir va jurnalist Nosirjon Dehqonov 60 yoshda!

 

Namangan shahridagi viloyat musiqali drama teatri binosida iste’dodli ijodkor, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Xalq demokratik partiyasi a’zosi hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari, shoir Nosir Abbos qutlug‘ 60 yoshni qarshilagani munosabati bilan yubiley tadbir bo‘lib o‘tdi.

Nosirjon Dehqonov 1963 yilda Namangan viloyatining Chortoq tumanida tug‘ilgan. Toshkent Davlat madaniyat institutida tahsil olgan. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Namangan viloyat Kengashining ijtimoiy-siyosiy nashri bo‘lgan “Xalq irodasi” gazetasida muharrirlik qilgan yillari u partiyaning Markaziy nashri “O‘zbekiston ovozi” gazetasining viloyatdagi muxbiri sifatida ham faoliyat yuritdi.

Gazeta tahririyatlarida ishlagan davrlarida ham jurnalist badiiy ijod bilan bir qatorda siyosiy jarayonlarda ham tashabbus ko‘rsatgan.

Shoirning ijodiy faoliyatida “Qo‘sh irmoq qo‘shiqlari” (2000 yil), “Muhabbatdan arzim bor”(2001yil), “Sabr tabassumi” (2013 yil) she’riy to‘plamlari chop etilgan. “Shayx Umarning osmoni” dostoni, aruz vaznidagi mashqlar, qatra, hikoya va novellalar muallifi.

Shoir va jurnalist Nosir Abbos Habib Sa’dulla, Abdulla Jabbor, Ziyoviddin Mansur, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov va boshqa yana bir qator adabiyotshunoslardan ijodiy saboqlar olgan va shular asosida yosh ijodkorlar bilan muntazam mashg‘ulotlar olib boradi.

Viloyat hokimi o‘rinbosari Botirjon Nuritdinov jurnalist va shoir Nosir Abbosni qutlug‘ yoshi bilan samimiy tabriklab, viloyat hokimining tabrigini o‘qib eshittirdi. Viloyat hokimligining tashakkurnomasi va qimmatbaho sovg‘alarini topshirildi.

Tabarruk 60 yoshga to‘lgan ijodkorni, O‘zbekiston XDP ning ko‘p ming sonli a’zolari nomidan chin dildan tabriklab, uzoq umr, mustahkam salomatlik, ulkan zafarlar tilaymiz.

 

 

 

Teglar

Faxriy
← Roʻyxatga qaytish