Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida aholi bandligini ta’minlash, muqobil energiya manbalaridan foydalanish bilan bog‘liq masalalar muhokama etilib, bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.
Ma’lumki, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Buxoro viloyatiga tashrifi davomida sanoatni rivojlantirish va energiya ta’minotini yaxshilash, yangi ish o‘rinlari, barqaror daromad manbalarini yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi, muhim vazifalar belgilab berildi.
Xalq demokratik partiyasi faollari, deputatlar mamlakatimizning barcha hududlarida bandlik dasturlarida belgilangan ko‘rsatkichlarga erishilishi bo‘yicha deputatlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishi muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, aholi orasida tejamkorlik, muqobil energiya manbalaridan foydalanishga o‘tishning samarali jihatlari haqida tushuntirish va targ‘ibot ishlarini kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Mamlakatimizda bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishning institutsional asoslarini tubdan takomillashtirish, bolalar orasida huquqbuzarliklar sodir etilishining barvaqt oldini olish, nogironligi bo‘lgan bolalarni va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) idoralararo komissiyalarining faoliyati isloh etilib, Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya, Bolalar masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) komissiyalari sifatida qayta tashkil qilindi. Komissiyalarning vazifa va vakolatlarida ham muayyan o‘zgarishlar bo‘lmoqda.
Bu yo‘nalishda qonun hujjatlarini ham takomillashtirish ko‘zda tutilmoqda. Deputatlar Bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar tashkil etilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida qonun loyihasini ko‘rib chiqishdi.
Qonun loyihasi bilan «Prokuratura to‘g‘risida»gi, «Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida»gi, «Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida»gi, «Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida»gi, Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Oila, Mehnat kodekslariga, shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Ularning mazmuni Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya, Bolalar masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) komissiyalari faoliyatiga mustahkam huquqiy asos yaratishdan iborat.
Xususan, Jinoyat-protsessual kodeksida sud, zarurat bo‘lganda, voyaga yetmagan shaxsning jinoyati to‘g‘risidagi ishni ko‘rish vaqti va joyi haqida bolalar masalalari bo‘yicha komissiyaga xabar berishi, sud, shuningdek bu komissiya vakillarini guvoh sifatida so‘roq qilish uchun sud majlisiga chaqirishga haqli ekani ko‘zda tutilyapti.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 243-moddasida Bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar o‘zlariga taalluqli ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni komissiya tarkibi a’zolarining kamida yarmi mavjud bo‘lganda ko‘rib chiqishga hamda oddiy ko‘pchilik ovoz bilan qarorlar qabul qilishga haqli bo‘lishi aks etmoqda.
Deputatlar qonun hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar bolalarning huquq va manfaatlari hamda himoyasini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlashdi. Qonun loyihasi qo‘llab-quvvatlandi.