Yoshlar parlamentiga saylovning respublika bosqichi qizg‘in pallaga kirdi. Shu kunlarda Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashida tanlovning hududiy bosqichlaridan o‘tgan yoshlarning dasturi, g‘oya va takliflari tinglanmoqda.
Respublika bosqichi qatnashchilari o‘zlarining saylovoldi dasturi, uning maqsad va vazifalarini taqdimot orqali ko‘rsatishadi, shuningdek, nomzodlar savol-javoblar orqali sinovdan o‘tkazilmoqda.
Yoshlar parlamentiga nomzodlarning dasturlarida haqiqatan dolzarb, o‘rni kelsa soha mutaxassislarining ham xayoliga kelmagan g‘oyalar aks etgan.
Masalan, nomzod Lazizjon Daminov “Imkon yarataylik” loyihasini taqdim etdi. Unda muloqot imkoniyati cheklangan bolalarni jamiyat hayotida faollashtirishga qaratilgan rejalar o‘rin olgan.
“Imkon yarataylik”
Butunjahon karlar federatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 70 milliondan ortiq gapirish yoki eshitish qobiliyatiga ega bo‘lmagan insonlar bor. Ularning 80 foizdan ortig‘i rivojlanib kelayotgan mamlakatlarda yashaydi. 5 milliondan ortiq inson imo-ishoralar orqali so‘zlashuv tilini ham bilmaydi.
Bugungi kunda boshqalar bilan muloqot imkoniyati cheklangan bolalarni o‘qitish, ularga so‘zlashishni o‘rgatish uchun ota-onalar farzandlarini maxsus surdo (imo-ishoralar orqali) muloqot kurslariga olib borishiga to‘g‘ri kelmoqda, bu olis va chekka hududlarda yashovchilardan ko‘p vaqt hamda yaxshigina mablag‘ talab etadi.
Buning ustiga chekka hududlarda surdo mutaxassislar yetishmovchiligi kabi muammolar ham nutqiy imkoniyati cheklangan bolalarni va hatto yoshi katta insonlarni jamiyatdan, insonlardan uzilib qolishiga olib keladi.
Imo-ishoralar orqali muloqot tilini farzandiga o‘rgatishda ota-onalar uchun yengilliklar yaratish maqsadida bir nechta tilda onlayn vizual qo‘llanmalar, dasturlar ishlab chiqishni maqsad qilganmiz.
Loyihani qanday amalga oshiramiz?
Maxsus jihozlangan media studiyada surdo tilini mukammal biladigan, bolalar bilan ishlash metodikasiga ega bo‘lgan o‘qituvchilar bilan shartnoma tuzilib ular loyihaga jalb etiladi.
Shu bilan birga, markazda bolalar psixologi ham boshlovchi-o‘qituvchilar bilan hamkorlida ishlab, maslahat va tavsiyalar berib borishadi.
Birinchi bosqichda studiyada tasvirga olingan o‘zbek, qoraqalpoq, rus va tojik tillaridagi video darslik hamda vizual qo‘llanmalar bepul va barcha uchun ochiq bo‘lib, Youtube platformasi hamda ijtimoiy tarmoqlarga joylab boriladi.
Ikkinchi bosqichda barcha foydalana olish imkoniga ega bo‘lgan surdo tilini o‘rgatadigan android hamda iOS tizimida ishlay oladigan zamonaviy ilovalar ishlab chiqilib, platformaga joylanadi.
Olimlar va psixologlar tomonidan e’tirof etilishicha, imo-ishoralar orqali muloqot tilining foydali tomonlari anchagina bo‘lib, bunda inson miyasining har ikkala o‘ng va chap yarim sharlarini bir vaqtning o‘zida faollikka undagani bois insonda o‘z-o‘zini nazorat qilish, xotirani kuchaytirish, diqqatni jamlashni oshirish kabi bir qancha ijobiy tomonlarini sanab o‘tish mumkin.
Shularni inobatga olib, kelgusida oliy ta’lim muassasalaridagi maktabgacha ta’lim hamda boshlang‘ich ta’lim fakultetlarida tahsil olayotgan pedagog talabalar uchun surdo tilini o‘qitish o‘quv kurslarini yo‘lga qo‘yish, bu tilni bog‘cha va boshlang‘ich sinfdagi maktab o‘quvchilariga to‘garaklar orqali o‘rgatishni joriy etishni ham loyihaga kiritish mumkin.
Surdo masofaviy til kurslari va video darsliklari orqali ota-onalarga ushbu muloqot tilini oson va tez o‘rgatish, nutqiy va eshitish imkoniyati cheklangan insonlar uchun muloqot imkonini yaratish.
Farzandining holatidan ruhiy, psixologik tushkunlikka tushgan va bundan chiqishga qiynalayotgan ota-onalar uchun platformada psixologik maslahatlar, treninglar berib boradigan maxsus video hamda audio qo‘llanmalardan foydalanish imkoni bo‘ladi.
Maktabgacha ta’lim hamda boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishidagi o‘qituvchilar uchun maxsus masofaviy video kurslar tashkil etishni targ‘ib qilish orqali imkoniyati cheklangan yoshlar jamiyatga yaqinlashtiriladi.
Nutqiy nuqsoni bor bolalarning ijtimoiy faolligini oshirish, jamiyatda insonlar bilan o‘zaro muloqot va ta’lim muassasalarida bilim olishlariga ko‘maklashishdan iborat.
Bu loyiha “Barchaga g‘amxo‘rlik qilish – davlatning burchi” shiori ostida partiyamizning keng jamoatchilik orasida, elektoratimiz oldida nufuzini oshirish va ishonchini yanada mustahkamlashga ham xizmat qiladi, deb o‘ylayman.
«O‘zbekiston ovozi», 22.02.2022, №7