O‘zXDP fraksiyasi qonun loyihasini nega qo‘llamadi?

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish avvalida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida bildirilgan fikr-mulohazalar, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bilan bog‘liq masalalari haqida so‘z yuritildi.

Aholini ijtimoiy himoya qilish, hunar o‘rganish, o‘z ishini ochish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish niyatidagi fuqarolarni faol qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamdagi ishlarni sifatli bajarish, turli shakllardagi yordamlarning haqiqiy egalariga yetib borishi yuzasidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimida belgilangan ulkan vazifalar ijrosi bo‘yicha parlament nazoratini izchil davom ettirish, investitsiya dasturlarida nazarda tutilgan obyektlarning o‘z vaqtida qurilib, foydalanishga topshirilishi masalalari bo‘yicha fraksiya a’zolaridan o‘rganishga tayanilgan takliflar berish so‘raldi.

Deputatlarning tahliliy ma’lumotlari, takliflari asosida fraksiyaning parlament nazorati yo‘nalishidagi faoliyatini kengaytirish choralari ko‘rilishi ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda kun tartibidagi qonun loyihalari ham ko‘rib chiqildi. “Tuproq unumdorligini oshirish va muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qizg‘in muhokamalarni keltirib chiqardi.

Birinchi bo‘lib qonun loyihasining ikkinchi o‘qishda o‘zgarayotgan nomiga fraksiya a’zosi Ulug‘bek Vafoyev e’tiroz bildirdi. Qonun loyihasi bo‘yicha mas’ul qo‘mita huzuridagi ishchi guruh qonun loyihasi nomini “Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish to‘g‘risida” shaklida o‘zgartirishni taklif etayotgani hujjatning asl maqsadiga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidlab, qonun loyihasini hukumat kiritgan dastlabki holatda qoldirishni taklif qildi.

Mutaxassislar hozirgi kunda tuproqning o‘zini asrash dolzarb masalaga aylanganini, unumdorlikni oshirish asosiy masala bo‘lib qolayotganini qayd etdi. Lekin fraksiya a’zosini bu izoh qanoatlantirmadi.

Fraksiya a’zosi Maqsuda Vorisova qonun loyihasida tuproqni asrash emas, mulkdorlar huquqi birinchi o‘ringa chiqib qolayotgan tamoyillar haqidagi me’yor bo‘yicha e’tiroz bildirdi. Ishchi guruh vakillari izohida bu me’yor amaldagi qonunchilikka muvofiq ekanini ta’kidlandi.

Fraksiya a’zosi Sharofiddin Nazarov qonun loyihasi dastlabki tarzda ko‘rib chiqilib, ma’qullanganidan keyin juda katta o‘zgarishlarga uchragani, ikkinchi o‘qishga taklif etilayotgan holatida amaliyotda anglashilmovchilik va muammolar kelib chiqishi mumkinligini ma’lum qildi. Qonun loyihasi bo‘yicha tug‘ilgan savol va e’tirozlarga mas’ul qo‘mita hamda ishchi guruhi qo‘shimcha tushuntirish berib, o‘zgarishlarni asoslashi kerakligini bildirdi.

Muhokamalar yakunida qonun loyihasi bo‘yicha ishlarni davom ettirish, fraksiya a’zolari savollariga javob berish, asoslab bo‘lmaydigan o‘rinlarda me’yorlarni takomillashtirish lozimligi qayd etilib, loyiha mas’ul qo‘mitaga qaytarilishi haqida qaror qabul qilindi.

Deputatlar Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini atroflicha muhokama qildi.

Qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Mehnat va Oila kodekslariga, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi va “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida” qonunlarga va boshqa bir qator qonun hujjatlariga muhim o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, Jinoyat kodeksida ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlash, nomusga tegish, 16 yoshga to‘lmaganga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish kabi jinoyatlar uchun jazo choralari og‘irlashtirilmoqda. 1413-modda bilan shaxs hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi, sha’ni va nomusini kamsituvchi ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

“Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunda “Ta’qib etish” tushunchasiga ta’rif berilib, ta’qib etganlik uchun ham himoya orderi berilishi mumkinligi belgilanmoqda.

Oila kodeksida xorijiy davlatga ketayotgan ota-ona zimmasiga o‘z bolalariga vasiy yoki homiy tayinlash choralarini ko‘rish majburiyati yuklatilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, 8 647 nafar shaxs voyaga yetmagan farzandlariga vasiylik yoki homiylik belgilanmasdan turib yashash joylarini tark etgan. Oqibatda shunday ota-onalarning 2019 yilda 7 ta, 2020 yilda 22 ta, 2021 yilda 29 ta voyaga yetmagan farzandlari tomonidan jinoyatlar sodir etilgan.

“Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga “zo‘ravonlik”, “jinsiy zo‘ravonlik”, “jismoniy zo‘ravonlik”, “ruhiy zo‘ravonlik”, “g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik” hamda “vasiylik va homiylik organi” kabi yangi tushunchalar kiritilmoqda.

Qonun loyihasi barcha toifadagi fuqarolar hayoti, turmush tarziga dahldor bo‘lganligi tufayli ham fraksiya a’zolarining diqqat markazida bo‘ldi. Jinoyatlar, tahdidlar bilan bog‘liq bo‘lgan moddalarni yanada takomillashtirish, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilishga doir moddalarning samaradorligini oshirish yuzasidan taklif-mulohazalar bildirildi. Xotin-qizlar va bolalarning tazyiq va zo‘ravonlikka uchrashining oldi olish, oila instituti mustahkamlanishi, oilalardagi ma’naviy-axloqiy muhit yaxshilanib, ajrimlar soni kamayishi va qator jinoyatlar sodir etilishining oldi olishga xizmat qiluvchi kutilayotgan hujjat loyihasi konseptual jihatdan ma’qullandi.

Fraksiya yig‘ilishida boshqa masalalar ham muhokama qilindi.

 

 

 

Teglar

Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish