Murojaatlar joyiga borib o‘rganildi

 

Saylovchilar bilan navbatdagi uchrashuvlarimiz asosan fuqarolarning murojaatlari asosida mahallalarda o‘rganishlar tarzida olib borildi.

Xususan, Denov tumanidagi “Namozgoh” mahallasida joylashgan 66-umumiy o‘rta ta’lim maktabining o‘quv-jihozlash holati o‘rganildi. Maktabda yopiq sport zali, sog‘lom ovqatlanish uchun oshxona, shuningdek, kutubxona va faollar zali barpo etish kerakligi haqida murojaat qilindi. Shuningdek, toza ichimlik suvi bilan ta’minlaydigan quvurlarning yaroqsiz holga kelganligi, mahallaning ayrim ko‘chalarida qo‘lbola sim yog‘ochlar o‘rnatilganligi haqidagi muammolarni hal etishda amaliy yordam so‘raldi.

Shu bilan birga, “Cho‘ntosh” mahallasining hududidan o‘tuvchi Hazorbog‘ kanali ta’mirlayotganligi sababli ushbu mahalla aholisi doimiy qatnaydigan ko‘prik buzilgan. Ammo, ikki yildirki, ushbu ko‘prik qayta qurilmagan. Natijada fuqarolarni tuman markaziga va bolalarning maktabga qatnashi uchun uch km uzoqlikdagi hududni aylanib o‘tishiga to‘g‘ri kelmoqda. Mazkur masala yuzasidan qurilish olib borayotgan tashkilot va tegishli mas’ullar bilan hududning o‘zida suhbat olib borildi. O‘n kun ichida ko‘prik qurilishini boshlashni bildirishdi. Mazkur masala doimiy deputatlik nazoratiga olindi.

Shuningdek, “Nurli manzil” mahallasida bolalar uchun sport maydonchasi, qo‘p qavatli uylarga, ma’muriy binolarga aholi qatnovida fuqarolar xavfsizligi nuqtai nazaridan piyodalar uchun yo‘lakcha qurish masalasida murojaatlar tushdi.

Denov tumanida o‘tgan yil davomida investitsiya dasturlari asosida qurilishi belgilangan ijtimoiy soha obyektlari – maktab, maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda mahalla idoralarining barpo etilishi holati ham o‘rganildi. Yakuniga yetmagan va to‘xtab qolgan obyektlarni foydalanishga topshirish bo‘yicha mas’ul tashkilotlarga deputatlik murojaati yo‘llanadigan bo‘ldi.

Aholi va mahalla faollari murojaatlari, o‘rganishda aniqlangan holatlar tegishliligi bo‘yicha idoralarga yo‘naltirildi, natijasi yuzasidan deputatlik nazorati o‘rnatildi.

 

Firdavs ShARIPOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish