Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimi takomillashtirilmoqda

Mamlakatimizda inson huquqlari, jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarni huquqlarini kafolatlarini mustahkamlash, inklyuziv rivojlanish, aholining barcha qatlamlari teng huquq va imkoniyatlarga ega bo‘lishlarini ta’minlashning samarali mexanizmlarini joriy etish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat hayotining barcha sohalarida ishtirok etishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratishda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish, hayot sifatini yaxshilash tizimini takomillashtirish, ularga ta’lim olish va ishga joylashishda har tomonlama ko‘maklashish choralari ko‘rilmoqda.

Bu ezgu ishlarning mantiqiy davomi sifatida kuni kecha 27 fevral kuni O‘zbekiston  Respublikasi Prezidentining "Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi №74 sonli qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, “Tibbiy ijtimoiy ekspertiza” elektron axborot tizimi orqali kiritilgan tibbiy xulosa asosida mazkur axborot tizimiga integratsiya qilingan  “Ijtimoiy xizmat” elektron platformasida nogironligi belgilangan shaxslarning murojaati asosida protez-ortopediya moslamalari  va reabilitatsiya  qilishning texnik vositalari olish uchun elektron sertifikat shakllantiriladi.

Jumladan, 2023 yil 1 iyungacha nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularga g‘amxo‘rlik qiluvchilarga berilgan imtiyozlarning yagona ro‘yxati shakllantiriladi. 2023/2024 o‘quv yilidan “Maxsus pedagogika, defektologiya” yo‘nalishida magistratura uchun to‘liq davlat granti beriladi. 2023/2024 o‘quv yilida, abituriyentlar uchun mo‘ljallangan qabul tartibiga oid ma’lumotlar nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay formatda bo‘ladi, Bunda videoroliklar surdo-tarjima yoki subtitrlar bilan namoyish etiladi. O‘qiyotgan nogironligi bo‘lgan talabalarga ta’lim jarayonida ko‘maklashish uchun uning yaqinlaridan biriga OTM da yonida birga bo‘lish uchun sharoit yaratiladi. Joriy yilda Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi va uning hududiy markazlari robotlashtirilgan lokomat majmuasi va boshqa zamonaviy reabilitatsiya uskunalari bilan ta’minlanadi. Qarorga ko‘ra shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

Statistik ma’lumotlarga qaraganda respublika bo‘yicha 2023 yil 1 yanvar holatiga nogironligi bo‘lgan shaxslar soni 798 mingni tashkil qilib, shundan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar 127,5 ming nafarni, 16 yoshdan kattalar esa 670,7 ming nafarni tashkil qiladi. Respublika bo‘yicha jami 85 ta jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlari faoliyat yuritib kelmoqda. Hozirgi kunda ushbu maktab-internatlarda 17 ming 831 nafar o‘quvchi ta’lim oladi. Ularga jami 7383 nafar pedagog xodimlar ta’lim tarbiya berib kelmoqda. Onalar qaramog‘ida oilada tarbiyalanayotgan nogiron bolalar soni 66 ming 871 nafarni tashkil etadi. Bugungi kunda 10 ming 854 nafar nogiron bolalar uyda yakka tartibda ta’lim olmoqda. Ularga 26 ming 263 nafar o‘qituvchi jalb  etilgan.

O‘z XDP ning saylovoldi platformasida pensionerlar, mehnatga layoqatsiz nogironlar, yetim-esirlar va aholining mehnat qila olmaydigan boshqa ijtimoiy guruhlari hayotiy ehtiyojlarini to‘laqonli qondirishni kafolatlovchi pensiya ta’minoti va ijtimoiy nafaqalarning samarali tizimini vujudga keltirish,  фуқароларнинг o‘zini o‘zi boshqarish organlarining kam ta’minlangan aholi qatlami, birinchi navbatda nogiron va yolg‘iz keksalarga moddiy yordam berish imkoniyatlari va huquqlarini kengaytirishga ko‘maklashish ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan.

Mazkur ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi, O‘zbekiston Nogironlar, Ko‘zi Ojizlar va O‘zbekiston Karlar Jamiyatlari bilan hamkorlikda memorandumlar imzolandi.

O‘zbekiston XDP barcha darajadagi deputatlik korpusi va partiya kengashlari ishtirokida, partiya elektorati hisoblangan nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun mos keladigan kasblar bo‘yicha ish o‘rinlarini zaxira qilinishini ta’minlash, tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, tashkilotlarni nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirishga rag‘batlantirish, shuningdek ixtisoslashtirilgan ish o‘rinlari tashkil etilishi, nogironligi bo‘lgan shaxslarning tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishi ustidan tizimli deputatlik va jamoatchilik nazoratini olib borishimiz lozim.

Xulosa o‘rnida shuni e’tirof etish lozimki, nogironligi bo‘lgan bolalarni har tomonlama va uyg‘un rivojlantirish, ularda ijtimoiy faollikni shakllantirish, mehnatga ishtiyoq uyg‘otish, ularni ilm-fanga, texnikaga, san’atga va sportga jalb etish maqsadida maktabdan tashqari ta’limdan foydalanishini ta’minlashimiz zarur deb hisoblaymiz.

 

B.Yusupov

O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi boshqarma boshlig‘i

← Roʻyxatga qaytish