Tug‘ishni rejalashtirish vaqti keldi

 

Xitoyning qadimiy donishmand faylasufi Konfutsiy ikki yarim ming yil oldin «Biz qanaqa xalq ekanligimizni bilgingiz kelsa, oldin bizning sonimizni bilib oling» degan ekan. Donishmandning bu so‘zlari O‘zbekistonning hozirgi ijtimoiy-ijtimoiy rivojlanish davrida ham o‘z dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q. Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasining doimiy aholisi soni 1991 yilda 20,6 million kishini tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilga kelib 34,6 million kishiga yetdi. 1991 yil 723,4 mingta bola tug‘ilgan –(34,5) 1991 yildan bugungi kungacha bo‘lgan tug‘ilish dinamikasi 1998-2006 yillar oralig‘ida 550 ming va undan kam tug‘ilishni ko‘rsatadi. 2020 yilda 841,8 mingta bola tug‘ilganligi qayd etilgan bo‘lib, mos ravishda har 1000 nafar aholiga (koeffitsiyenti) 24,6 ta chaqaloq to‘g‘ri kelgan. Yurtboshimiz Parlamentga va O‘zbekiston xalqiga qilgan Murojaatlarida aholimizning 36 mln.ga yetganligi va yiliga qariyb 900 mingdan ortiq yangi avlod qo‘shilayotganiga to‘xtalib o‘tdilar.

Yaqinda o‘qib qoldim BMT e’lon qilgan demografik hisobotida shunday ma’lumot keltirib o‘tilgan: O‘zbekiston aholisi eng kamida 40 yil davomida o‘sishdan to‘xtamaydi, 20 yil ichida esa o‘zbekistonliklar soni 40 millionga yetishi kutilmoqda...

O‘rtacha prognozlarga asosan, O‘zbekiston aholisi soni 2038 yilda ilk marta 40 mln nafardan oshadi. Mamlakat aholisi bundan keyin ham ko‘payishda davom etib, 2070 yilda eng yuqori nuqta – 44 mln 400 ming kishigacha yetadi. Shundan so‘ng O‘zbekistonda demografik regressiya boshlanib, pasayish 2100 yilga borib 42 mln 200 ming kishini tashkil etishi yozilgan.

Bu raqamlar odamni ancha o‘ylantirib qo‘yadi, chunki demografik jarayonlar, birinchi navbatda, ijtimoiy-mehnat sohasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatib, milliy iqtisodiyot va jamiyat rivojlanishining asosiy omili bo‘lib, aholining mehnat bilan bandlik va ishsizlik darajasining miqdoriga, yalpi ishlab chiqarish aholining jon boshiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha daromad ko‘rsatkichlariga, uy-joy bilan ta’minlash, keksaygan yoshdagi pensiya ta’minotiga bevosita ta’sir etib boradi. Bu o‘sish albatta ijtimoiy sohalar: maktabgacha ta’lim, ta’lim,sog‘liqni saqlash sohasiga demografik «bosim»ning sezilarli darajada oshirishi mumkin. Albatta, bu «bosim»ning ta’sirini kamaytirishni o‘ylaysan. Birgina tug‘ilishni nazoratga olish ham ta’sir qilishi mumkinligini tajriba ko‘rsatgan.

Jamiyatda tibbiy va ma’rifiy xizmatlarning sifatini yaxshilash aholining ijtimoiy va iqtisodiy madaniyatini oshirishga yordam beradi, bu shubhasiz aholining demografik tuzilmasini barqarorlashtirishga va chaqaloqlarning tug‘ilish sur’atlarining nisbatan pasayishiga olib keladi.

Shu joyda reproduktiv markazlarda «Oilani rejalashtirish», istalmagan homilaning oldini olishga qaratilgan ishlar biroz susaygani, tug‘uruqlar orasidagi interval, tug‘uruqlar soni, katta yoshdagi ayollar orasida tug‘uruqlarning oshishi bilan birga kontratsepsiya vositalaridan foydalanish holatlarining kamayishi markaz ishini kuchaytirish yoki tubdan o‘zgartirish, boshqatdan ko‘rib chiqish lozimligini taqozo etadi, deb o‘ylayman.

Shu bilan birga aholi soni ko‘payib borayotgan bir paytda shifokorlar shtatlarining qisqarishi, 2018 yildan «Ayollar maslahatxonasi», «Qizlar salomatlik» kabinetlari faoliyat yuritib keladi-yu, shtatlari hamon hal qilinmagani yoki yana bir misol, davlat statistika qo‘mitasining bergan ma’lumotiga ko‘ra, pediatr shifokorlar soni 2007 yil 10 100 ta bo‘lsa, 2019 yilga kelib 6100 tagacha qisqargani qator savollar qo‘yadi.

 

Qizilgul QOSIMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi.

«O‘zbekiston ovozi», 1.03.2022, №8

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish