Aholini sifatli dori vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha qanday ishlar olib borilyapti?

 

2023 yil 1 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining “Dori vositalari va tibbiy buyumlar muomalasini tartibga solish, aholiga sifatli dori vositalarini yetkazib berish, farmatsevtika tarmog‘idagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda aholini dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiy texnika bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Aholini va sog‘liqni saqlash muassasalarini arzon farmatsevtika mahsulotlari bilan ta’minlashni yaxshilash, farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirishga qaratilgan 50 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Jumladan, “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuni yangi tahrirda, 2020-2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasining farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi. Konsepsiya doirasida 2020 yilda 2,4 trln. so‘mlik, 2021 yilda 3,6 trln. so‘mlik, 2022 yilda 4,1 trln. so‘mlik farmatsevtika mahsulotlari, ya’ni har yili 300 turdagi yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish joriy etildi. Natijada, o‘tgan yilda stomatologiya, onkologiya, toksikologiya hamda pulmonologiya guruhlariga kiruvchi dori vositalarini mahalliylashtirish darajasi oshgan.

Shuningdek, investitsiya dasturiga kiritilgan 42 ta investitsion loyiha doirasida birgina 2022 yilda 83,3 mln. dollar investitsiya mablag‘lari jalb qilinishi hamda umumiy qiymati 31,5 mln. dollarlik 10 ta loyiha ishga tushirilishi natijasida 437 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 103 ta farmatsevtika korxonasida xalqaro va milliy standartlar joriy qilingan.

Bundan tashqari, dori vositalari ishlab chiqaruvchilar 5 yil davomida barcha soliqlardan ozod etildi. O‘zbekistonning farmatsevtika bozorida o‘sish dinamikasi yiliga 8-10 foizni tashkil etib, MDH mintaqasida eng tez rivojlanayotgan bozorlar qatoridan o‘rin egalamoqda. Mamlakatimizda dori vositalarini ishlab chiqarishning xalqaro standartlari tatbiq etilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil davomida 77212 turdagi dori vositalari va 12714 ta tibbiy buyumlarga muvofiqlik sertifikatilari rasmiylashtirilgan bo‘lsa, hisobot davrida atiga 315 turdagi 7128563 shartli o‘ram dori vositalari va tibbiy buyumlar setrifikatlashtirish jarayonida nomuvofiqligi aniqlangan.

Qo‘mita yig‘ilishida deputatlar dorixonalarda aksariyat hollarda dori vositalari shifokor retseptisiz berilayotgani, vazirlik tomonidan dori vositalarining qo‘llanilishi chog‘ida nojo‘ya reaksiyalarni qayd qilish yetarli yo‘lga qo‘yilmagani, ya’ni 2022 yilda respublika bo‘yicha faqatgina 397 ta xabarnoma qayd etilganligini tanqid ostiga olishdi.

Shuningdek, mamlakatimizda farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish uchun yetarli xomashyo bazasi mavjudligi ya’ni 4500 ga yaqin o‘simlik turlari bo‘lib, 750 turdagi dorivor o‘simliklardan faqatgina 70 tasi mahalliy korxonalar tomonidan ishlatilayotgani deputatlarning e’tirozlariga sabab bo‘ldi.

Tadbirda deputatlar farmatsevtika sohasining rivojlanishi mamlakatimiz aholisini arzon va sifatli dori vositalari va tibbiyot buyumlar bilan ta’minlash tizimini yaxshilashning asosiy omillaridan biri ekanligini qayd etib, aholining dori vositalariga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish, kundalik shart-sharoitdan kelib chiqqan holda qonun va qonunosti hujjatlarning ijrosini muntazam o‘rganib borish, amaliyotda yuzaga kelayotgan muammolarni, o‘z yechimini kutayotgan masalalarni bartaraf etish, sohani yanada rivojlantirish va takomillashtirish bo‘yicha bir qator takliflarni berishdi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish