Inson qadrini yuksaltirish – ijtimoiy himoyaning muhim sharti

 

2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi qabul qilindi. Davlat dasturi loyihasi 7 ta yo‘nalish, 100 ta maqsad va 309 ta bandni o‘z ichiga qamrab olgan.

Jumladan,

— inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish;

— mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish;

— milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash;

— adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish, ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish;

— milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish;

— hamda mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borishga qaratilgan 7 ta ustuvor yo‘nalishdan iborat.

Shundan to‘rtinchi, ya’ni “Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish yo‘nalishi”da belgilangan vazifalar aksariyati partiyamiz dasturidagi vazifalar bilan hamohangligi bilan ajralib turadi. Mazkur yo‘nalish o‘z ichiga ta’lim, sog‘liqni saqlash, ehtiyojmand qatlamlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, pensiya ta’minoti tizimini takomillashtirish hamda xotin-qizlar va yoshlar masalalariga oid jami 82 ta bandni qamrab olgan.

Jumladan, 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab, respublikaning barcha viloyatlari va Toshkent shahrida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlashning yo‘lga qo‘yilishi orqali partiyamiz dasturidagi muhim masalalarning biri amalga oshirilsa, 2023 yil 1 martdan boshlab nogironlik idoralararo elektron ma’lumotlar almashinuvi asosida fuqarolar kasalligining og‘irligi va uning asoratlaridan kelib chiqib ularning ishtirokisiz belgilanishi yoki 2024 yil 1 yanvardan boshlab pensionerga hisoblangan, lekin o‘z vaqtida olinmagan pensiyani to‘lash muddatini 12 oydan 24 oyga uzaytirilishi partiyamiz elektorati bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.

Davlat dasturida xotin-qizlar masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan.

Loyihaning 52 ta joyida xotin-qizlar, ayollar so‘zlari kiritilgan, bundan tashqari alohida maqsad ham kiritilgani xotin-qizlarga qaratilayotgan e’tibordan darak beradi. 69-maqsad Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash, deb nomlanadi.

228-band. Jamiyatda xotin-qizlarga tazyiq va zo‘ravonlikka nisbatan murosasizlik muhitini yaratish, xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash.

Bunda, Xotin-qizlarga tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish sohasidagi qonunchilik hujjatlari ijrosini monitoring qilish. Monitoring natijalari bo‘yicha qonunchilik hujjatlariga oilaviy zo‘ravonlik uchun javobgarlikni belgilash va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha takliflar, 2023 iyul oyida normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash belgilangan.

229-band. Og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam ko‘rsatish, ularni manzilli qo‘llab-quvvatlash bandida og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan, tazyiq va zo‘ravonlikdan, odam savdosidan jabrlanganlar hamda profilaktik va probatsiya hisobida turuvchilarning xonadonlariga borib ijtimoiy holatini o‘rganish, o‘rganishlar natijalariga ko‘ra aniqlangan muammolarni hal etish bo‘yicha xotin-qizlar bilan individual ishlash, ularga sektorlar, tegishli davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikda ijtimoiy, huquqiy, psixologik hamda moddiy yordamlar ko‘rsatish nazarda tutilgan. Shuningdek, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlarida 2023 yil davomida yordam ko‘rsatish choralarini ko‘rish vazifalari ham belgilangan.

Bundan tashqari 230-bandda 15 may – “Xalqaro oila kuni”ni keng nishonlash va “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” ko‘rik-tanlovini o‘tkazish,

231-banda esa Xotin-qizlarni zamonaviy bilimlar va kasb-hunar egasi bo‘lishlari hamda oliy ma’lumotli ayollar safini kengaytirish, ularning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy faolliklarini oshirish masalalari kiritilgan.

Buning uchun “Ilmli ayol – jamiyat ko‘zgusi” shiori ostida “XXI asr ayoli” xotin-qizlar festivalini respublika va hududlar miqyosida o‘tkazish bo‘yicha 2023 yil mart-may oylarida tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilangan.

67-maqsadning 218-bandida xotin-qizlarni sportga jalb etish qamrovini kengaytirish, 71-maqsadning 239-bandida esa Mahallalarda xotin-qizlarning ijtimoiy faolliklarini oshirishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish nazarda tutilmoqda.

Davlat dasturidagi xotin-qizlarga oid vazifalarni amalga oshirishda hamda dastur mazmun va mohiyatini aholi, jumladan, xotin-qizlar orasida keng targ‘ib qilish va tushuntirishda partiyamiz tizimidagi mas’ullar hamda barcha darajadagi deputatlar faollik ko‘rsatishlari lozim.

Dasturda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, ijtimoiy himoyani yanada kuchaytirish, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash, aholi salomatligini mustahkamlash, tibbiy xizmat sifatini oshirish borasida keng qamrovli aniq vazifalarni amalga oshirish, loyihalar ishlab chiqib, ularni amaliyotga tatbiq etish, dastur ijrosi ustidan deputatlik va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, chuqur tahlil qilib, partiya guruhlari, doimiy komissiya va sessiyalarda muhokama etib borish dasturdagi har bir masalaning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishiga xizmat qiladi.

 

Gulshan Asatova,

O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi “Ayollar qanoti” rahbari.

 

 

 

 

Teglar

«Faol ayollar» qanoti Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish