Sirdaryoda viloyat Kengashi deputati, senator Hayotxon Ortiqboyeva nomini eshitmagan odam kam topilsa kerak. Zero, viloyatda adabiy muhit u kishining nomi bilan bog‘liq. Viloyatning madaniy-ma'rifiy tadbirlari ularning ishtirokisiz o‘tkazilmaydi. Xullas, ijodkorlik, deputatlik, senatorlik va boshqa bir qancha faoliyatni bir vaqtda olib borayotgan bu ayolga barcha havas ko‘zi bilan qaraydi.
H. Ortiqboeva bilan birga ishlaganlar uning metin irodasiga, qat'iyatiga, saviyasiga qoyil qolib, har qanday ishni boshlashdan avval mushohada qilib olishiga, boshqalardan (o‘zlaridan kichik bo‘lsa ham) maslahat olishiga ko‘p marta guvoh bo‘lishgan. Rahbarlik va oilani barobar ushlash oson ish emasligi esa barchaga ayon.
Ijodiy faoliyati davomida yuzlab, minglab shogirdlari Hayotxon Ortiqboevani ustoz deb chaqirishadi. “Zulfiya” nomidagi davlat mukofotiga nafaqat adabiyot, balki madaniyat va san'at yo‘nalishida ham o‘ndan ortiq ijodkor qizlarning ushbu yutuqqa erishishlarida bevosita ularning xizmatlari bor. Yigirma besh yil davomida qanchadan qancha ijodkorlar, shoir va yozuvchilar H. Ortiqboevaning yordami, ko‘magi, qo‘llab-quvvatlashi bilan kitoblar nashr ettirdi. Hozir ham viloyatda chiqqan har bir adabiy-badiiy kitob muallifi, u kishi bilan maslahatlashmasdan kitob nashr ettirmaydi.
Shu o‘rinda H.Ortiqboevaning senatorlik va deputatlik faoliyatiga ham nazar tashlasak. Chunki ularning bevosita ishtirokida juda ko‘p masalalar, yechimini topolmay yurgan muammolar hal bo‘lgan desak adashmagan bo‘lamiz. Chekka-chekka mahallalardan u kishini izlab kelishadi. Sababi ular hech bir kishini norizo qilgan emas. Agar masalaga yechim topa olmagan taqdirda, ushbu masalaning yechimi qay tartibda hal bo‘lishini aytib, umid istagida kelgan har bir fuqaroni rozi qiladilar. Senatorlik faoliyati davomida butun Respublikamizni aylanib, har bir viloyatda bo‘lib, odamlar bilan gaplashib, ularning dilidagi gaplarini, xohishlarini, orzu-istaklarini anglagan holda Parlamentga masala kiritishda, so‘rov yuborishda, qonunlar muhokamasida ko‘prik bo‘ldi.
Hayot bir tekisda oqmas ekan. Muammolar, chigalliklar, tashvishlar bizni yanada toblar ekan. Ikki yil avval dard tufayli kasalxonada qayta oyoqqa turgan hamda bir vaqtning o‘zida turmush o‘rtog‘idan ajralgan H. Ortiqboeva o‘zida hayotda yashashga, farzandlari, nabiralari, qolaversa, yoshlar uchun ibrat bo‘lishda dadillik, kuch topa oldi. Bugun u tengqurlari qatori to‘rt qavat ko‘rpacha ustida yonboshlab olish o‘rniga hayot ummonida qaynamoqda, yoshlar bilan tengma-teng ishlamoqda. Biz esa ulardan ibrat olishdan charchamaymiz. Har bir yosh sizdek bo‘lsin deymiz.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, nima ish qilishingizdan, qanday faoliyat bilan shug‘ullanishingizdan qat'iy nazar farzandlaringiz, yosh avlod vakillari hayot yo‘lingizdan ibrat olsin. Men ham shunday bo‘laman-, deb havas ila boqsin. Havas odamga umid bag‘ishlaydi, kelajakka bo‘lgan ishonchini yana ham oshiradi.
Barcha ayollarni yaqinlashib kelayotgan ayyom bilan chin yurakdan muborakbod etamiz.