Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining VI plenumi bo‘lib o‘tdi

 

Bugun O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashning VI plenumi bo‘lib o‘tdi. Unda partiyaning joriy yil hamda o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan ustuvor vazifalari, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan muhim islohotlar jarayonida partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalarining faol ishtirokini ta’minlash masalalari muhokama etildi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar ijtimoiy yo‘naltirilganligi bilan inson qadrini ulug‘lash tamoyillarini to‘la ifoda etmoqda. O‘zbekiston XDPning ijtimoiy adolat, ijtimoiy tenglik va ijtimoiy demokratiya mezonlariga javob beradigan ijtimoiy demokratik davlatni shakllantirish maqsadi Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari hamda uni 2023 yilda amalga oshirishga oid davlat dasturining vazifalariga to‘liq mos keladi.

Plenumda Yangilanayotgan Konstitutsiyada partiya g‘oyalari, takliflari aks etayotgani tarixiy imkoniyat va yutuq bo‘layotganiga alohida urg‘u berildi. Xususan, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning munosib yashash ehtiyojiga mos bo‘lishi, davlat fuqarolarni ishsizlikdan himoya qilishi, kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rishi, nogironligi bo‘lgan shaxslar jamiyatning teng huquqli a’zosi bo‘lishiga oid kafolatlar belgilanmoqda.

Shuningdek, bepul tibbiy xizmat ham mustahkamlanayotgani, umuman, Konstitutsiyaviy qonun loyihasida ijtimoiy huquqlar bilan bog‘liq normalar soni bir necha baravarga ko‘payishi kutilayotgani partiya elektorati manfaatlarini, ijtimoiy davlat tamoyilini aks ettirmoqda.

Shuning uchun Xalq demokratik partiyasi Konstitutsiyaviy islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlagan holda, unda belgilanayotgan yangi qoida va me’yorlarni keng jamoatchilik, partiya a’zolari va elektorati orasida keng tushuntirish, jamiyatda fuqarolik ma’rifatini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarini ishlab chiqmoqda.

Yig‘ilishda 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalari oldiga yangi, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan vazifa va ustuvor maqsadlarni qo‘yayotgani ta’kidlab o‘tildi. Davlat dasturida belgilangan maqsadlar amalga oshishi orqali partiya Saylovoldi dasturining ko‘plab bandlari ijrosi ta’minlanishiga imkoniyat yaratadi.

Partiya Saylovoldi dasturida belgilangan g‘oya hamda vazifalarni amalga oshirishga jiddiy e’tibor qaratmoqda. Hozirgi kunga kelib, 16 ta dasturiy ustuvor maqsad partiya fraksiyasi ishtirokida qabul qilingan qonunlarda o‘z aksini topgan. Xususan, 2022 yilda XDP fraksiyasining faol ishtirokida O‘zbekiston Respublikasining «Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida»gi, «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida»gi, «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi va boshqa qator qonunlarga partiya manfaatlaridan kelib chiqib, tegishli o‘zgartishlar kiritildi. Bundan tashqari, normativ-huquqiy tartibga solish darajasida amalga oshirish bosqichida partiyaning 9 ta dasturiy ustuvor yo‘nalishining dolzarbligi saqlanib qolmoqda.

Yangilanayotgan Konstitutsiya partiya va uning elektorati uchun prinsipial ahamiyatga ega ekanligidan kelib chiqib, bosh maqsad “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasini qo‘llab-quvvatlash ekanligi ta’kidlandi. Shu maqsadda referendumga munosib tayyorgarlik ko‘rish, aholi o‘rtasida targ‘ibot, tashviqot ishlari amalga oshirish, partiyaning jarayonda faol ishtirok etishini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasiga elektorat manfaatlari va partiya dasturiy maqsadlaridan kelib chiqib, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini 2023 yilda amalga oshirishga oid davlat dasturida nazarda tutilgan qonun ijodkorligida faol ishtirok etish tavsiya etildi.

Bundan tashqari, partiya elektorati bo‘lgan ehtiyojmand, kambag‘al oilalardagi haqiqiy muhitni o‘rganish, bunday oilalar vakillarining bandligini ta’minlashga to‘siq bo‘layotgan har bir masalani chuqur va atroflicha tahlil qilish, muammolarni yechish uchun barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar etishga chaqirildi.

Uyma-uy yurish orqali, fuqarolarga manzilli yordam ko‘rsatish, aholiga mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning maqsadi va mohiyatini tushuntirish, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan faoliyatni kuchaytirish zarurligi, iqtidorli yoshlarni siyosiy hayotga faol jalb etish hamda partiya ishlarida o‘zlarini namoyon qilishlari uchun imkoniyatlar yaratib berishga e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.

Plenumda kun tartibidagi masalalar bo‘yicha fikr-mulohaza va takliflar bildirildi. Muhokamalardan so‘ng partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalari oldida turgan muhim vazifalar belgilab olindi.

Plenumida partiyaning 2022 yildagi ijtimoiy-siyosiy va moliyaviy-xo‘jalik faoliyati natijalari muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

 

O‘zXDP Markaziy Kengashi

Axborot xizmati.

 

 

 

Teglar

Plenum Faxriy Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish