Ma’lumki, xalqimiz azal-azaldan keksa va nuroniylar, yoshi ulug‘ insonlar, piru badavlat otaxon-u onaxonlarga o‘zgacha hurmat va e’tibor ko‘rsatib kelgan. Ularni e’zozlash, qadrlash, salomatligini asrash qadriyatlarimizning ajralmas bo‘lagi bo‘lib, har bir xayrli ish keksalarning qimmatli o‘gitlari, zarur maslahatlari va duolari bilan boshlangan.
E’tiborlisi, xalqimizning bu oliyjanob fazilati bugun davlatimiz siyosatida ham o‘zining yorqin ifodasini topmoqda. Xususan, mamlakatimizda nuroniylarga davlat va jamiyat tomonidan g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularni ijtimoiy muhofaza qilish, hayot darajasi va sifatini yanada yaxshilash, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash borasida qator ezgu ishlar amalga oshirilmoqda. Sir emas, bundan 5-6 yillar ilgari pensiyaga chiqishda talab etiladigan hujjatbozliklar-u, pensiya olish bilan bog‘liq muammolar, qishning qahratoni-yu, yozning jaziramasida plastik kartadagi nafaqa pulini qisman naqdlashtirish uchun banklar ostonasida uzoq navbatda turishlar otaxon va onaxonlarimiz uchun qator noqulayliklarni tug‘dirar edi.
Endilikda nuroniylarga davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rliklar natijasida, pensiya pullari o‘z vaqtida, yana to‘liq naqd pul ko‘rinishida, hatto uylariga olib borib berilmoqda. Bugun tajribali keksa xodimlar ham ishlab, ham nafaqa pulini to‘liq olishmoqda. G‘amxo‘rliklarning eng avvali fidoyi, g‘ayratli, tajribali keksa xodimlarga qaratilmoqda. Chunki, keksa avlod vakillarining boy tajribasi, malakasi, yo‘l-yo‘riq va maslagi vatan ravnaqi, kelajak va yoshlar uchun g‘oyat qadrli. Bu misollarni keltirishdan maqsad- qiyosiy tahlilgina bugungi islohotlarning mazmun-mohiyatini yanada chuqurroq anglash imkonini beradi.
Mamlakatimizda olib borilayotgan siyosatga ana shunday tahliliy nuqtai nazardan yondashsak, unda keksalar hayoti bilan bog‘liq bir qator jiddiy muammolarning aniq yechimi ifoda etganligini ko‘ramiz.
Kuni kecha qabul qilingan "Keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Prezident qarori yuqoridagi fikrimizning yana bir yorqin misoli bo‘la oladi. Yoshi ulug‘ insonlarga qaratilayotgan bunday e’tibor, albatta keksa avlod vakillarining jamiyatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida tutgan o‘rni va ishtirokini yanada mustahkamlaydi.
Qarorga ko‘ra, 2023 yil 1 apreldan “Nuroniy” jamg‘armasiga davlat subsidiyasini ajratish tizimi joriy etiladi.
“Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” tamoyiliga muvofiq yoshlar har bir mahalladagi faol nuroniylarga biriktiriladi.
“Nuroniy har bir oilaga mas’ul” loyihasi asosida esa, muammoli oilalarning har biriga “Keksalar maslahati” guruhlarining bir nafardan a’zolari biriktiriladi.
Yoshlar va muammoli oilalar bilan faol ishlagan hamda ijobiy natijalarga erishgan nuroniylar “Nuroniy” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan rag‘batlantirib boriladi.
Yana bir muhim jihat, mahallalarda faoliyat yuritayotgan “Keksalar maslahati” guruhlari rahbarlari har chorakda BHMning 2 baravari (600 ming so‘m) miqdorida rag‘batlantirib boriladi. Bunday tizim yaratilayotgani albatta yoshi keksalarga kuch, g‘ayrat va shijoat bag‘ishlaydi, yoshlar bilan yanada ko‘proq ishlashga undaydi.
Qarordan ko‘zlangan asosiy maqsad ham nuroniylar tajribasidan unumli foydalanish, ularning bilimi va tajribasini, uzoqni ko‘ra olish fazilatlarini yoshlardagi g‘ayrat-shijoat bilan birlashtirib, amaliy natijalar va ko‘zlangan marralarga yetishdan iborat.
Biz partiya faollari va partiyamizdan saylangan barcha darajadagi deputatlar partiyamiz elektorati hisoblangan nuroniylar, pensionerlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashimiz, bu borada qabul qilingan har qanday hujjat ijrosi ustidan deputatlik va jamoatchilik nazoratini o‘rnatishimiz, shuningdek, "Keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Prezident qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda faol ishtirok etishimiz muhim hisoblanadi.
Zero, biz har bir ishda kattalar maslagiga tayanadigan, kichik bir oilaviy ziyofatdan tortib, to‘ylargacha davralarimiz to‘rini nuroniylarimizsiz tasavvur eta olmaydigan millat vakillarimiz. Shunday ekan, keksalarga bo‘lgan cheksiz hurmatimiz, ular oldidagi bitmas-tuganmas burchimiz bizni ularning duosini olishga, ularni rozi qilishga undayveradi. Buning yana bir hikmati shundaki, farzandlarimiz ham o‘z-o‘zidan bu an’ananing davomchilariga aylanib, keksalar duosining oltindan qimmat ekanini anglab borishadi. Shuning uchun ham elimiz, yurtimiz keksalar duosi bilan yashnayveradi.
Gulshan Asatova,
O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi “Ayollar qanoti” rahbari