Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Fraksiya a’zolari Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini muhokama qilishdi.
O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish, bolalar huquq va erkinliklarini ta’minlash ustuvor maqsadlardan biri sifatida belgilangan. Biroq bugungi kunda huquqni qo‘llash amaliyotida xotin-qizlar va bolalarning huquqlari, erkinliklarini hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishda qator muammolar ko‘zga tashlanmoqda.
Ushbu hujjat xotin-qizlar va bolalarga nisbatan shilqimlik hamda zo‘ravonlikning oldini olish, oila institutini mustahkamlash, oilalardagi ma’naviy-ahloqiy muhitni yaxshilashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. Qonun loyihasi bilan qator kodeks va qonunlarga o‘zgartirishlar kiritilayotgan bo‘lib, xususan, Jinoyat kodeksi jazoni keskinlashtiruvchi moddalar bilan to‘ldirilmoqda. 118-moddada Nomusga tegish, ya’ni zo‘rlik ishlatib, qo‘rqitib yoki jabrlanuvchining ojizligidan foydalanib, jinsiy aloqa qilish, avvalgiday 3 yildan 7 yilgacha emas, 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Jismoniy yoki ruhiy nuqsoniga ko‘ra qarshilik ko‘rsata olmaydigan shaxsga nisbatan ushbu jinoyatni sodir etish jinoyatchining imkoniyatlarini anchagina oshirishini inobatga olib, yangi og‘irlashtiruvchi qism bilan to‘ldirilmoqda.
Huquqni qo‘llash amaliyoti tahlillariga ko‘ra, jinsiy aloqada bo‘lish yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish bilan bog‘liq holda jinsiy aloqa qilishga majbur etish natijasida o‘z joniga qasd qilish holatlari kuzatilib, bunday holatlarda aybdor shaxslar jazosiz qolib ketmoqda. Shuni inobatga olib, Jinoyat kodeksining 121-moddasi ham yangi og‘irlashtiruvchi qism bilan to‘ldirildi.
Deputatlar qonun loyihasini muhokama qilar ekan, uning nihoyatda zarurligi, ayollar va bolalar huquq va manfaatlarini himoya qilishda yana bir muhim qadam bo‘lishini ta’kidlashdi. Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan xabarlar tahlil qilinganda xotin-qizlarga ish va o‘qish joylarida tazyiq va zo‘ravonlik o‘tkazish holatlari ko‘payib borayotgani, lekin qonunchilikka muvofiq himoya orderi berilgandan so‘ng jabrlanuvchi va tazyiq yoki zo‘ravonlik o‘tkazgan shaxs o‘rtasidagi aloqa ish va o‘qish bilan bog‘liq munosabatlar tufayli davom etishi, buning oqibatida xotin-qizlarni qonuniy himoya qilish cheklanganligi aniqlangan.
Shu bois «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunga ish beruvchi tashkilot yoki ta’lim muassasasi rahbarining o‘z tashkilotida xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha tegishli chora ko‘rishini belgilash taklif etilmoqda. Deputatlarning fikricha, ish beruvchining zimmasiga bunday javobgarlikning yuklatilishi xotin-qizlarning ish va o‘qish joylarida faolligini oshirib, ularda tazyiq va zo‘ravonlikdan qonun darajasida himoyalanganlik hissini uyg‘otadi.
“Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 10-moddasida davlat bolaning shaxsi, uy-joyi daxlsizligini, xat-xabarlari sir tutilishini ta’minlashi hamda bolani ekspluatatsiyadan va zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishi belgilanmoqda.
Qonun loyihasi bo‘yicha munozaralar anchagina tortishuvli kechdi. Qonunning qabul qilinishi barcha toifadagi fuqarolar hayotiga ta’sir etishi inobatga olinib, deputatlar har bir o‘zgartish va qo‘shimchani atroflicha muhokama qildilar. Taklif va tavsiyalar asosida qonun loyihasi qo‘llab-quvvatlandi.