XDP g‘oyalari Bosh qomusimizda aks etmoqda

 

Bugun O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi majlislar zalida Yangilanayotgan Konstitutsiya mazmun-mohiyatini tushuntirishga bag‘ishlangan o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.

Unda partiya fraksiyasi a’zolari, Markaziy Kengash mas’ul xodimlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman va shahar Kengashlari rahbar va mas’ul xodimlari, targ‘ibotchilar guruhi a’zolari va mahalliy Kengashlar deputatlari ishtirok etdi. Majlisni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Maqsuda Vorisova ochib berdi. M. Vorisova o‘z so‘zida Xalq demokratik partiyasining asosiy g‘oyalari inson himoyasi, huquqlar va imkoniyatlar tengligi bilan bog‘liqligi tufayli ham Konstitutsiyaga takliflar berishda partiya katta mas’uliyat bilan yondashganini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Yig‘ilishda XDP g‘oyalari mamlakatimiz Bosh qomusida aks etishidek tarixiy imkoniyatdan foydalanilganiga urg‘u berildi. Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi Firdavs Sharipov Konstitutsiyaviy islohotlar mazmun-mohiyati, yangilanish zaruriyati, Xalq demokratik partiyasi g‘oyalari amalga oshishining Konstitutsiyaviy kafolatlari mustahkamlanayotgani haqida so‘zlab, kiritilayotgan yangi norma va moddalar haqida batafsil ma’lumot berib o‘tdi. Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning munosib yashash ehtiyojiga mos bo‘lishi kafolatlanayotgani, Davlat fuqarolarni ishsizlikdan himoya qilishi, kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rishi belgilanayotgani, Nogironligi bo‘lgan shaxslar jamiyatning teng huquqli a’zosi bo‘lishiga oid kafolatlar alohida qayd etilayotganligiga alohida to‘xtalib, bularning barchasi inson qadrini yuksaltirish, odamlarning hayot, turmush tarzini yaxshilash maqsadida amalga oshirilayotganligini joylarda, chekka hududlarda aholiga tushuntirish lozimligiga urg‘u berdi.

Seminarda shuningdek, Yangilanayotgan Konstitutsiyada O‘zbekiston ijtimoiy davlat deb belgilanayotganligi, xalqchil davlat sifatida o‘z fuqarolarini ijtimoiy himoya qilishga katta e’tibor qaratilayotganligi ta’kidlandi. Bunda inson salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmatlar kafolatlarini mustahkamlash masalalariga ham keng o‘rin berilgan.

O‘quv-seminarida 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan Referendumga munosib tayyorgarlik ko‘rish, targ‘ibot-tashviqot davrida barcha darajadagi partiya tashkilotlari, Xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi partiya guruhlari a’zolari oldida turgan vazifalar belgilab olindi.

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Konstitutsiyaga taklif
← Roʻyxatga qaytish