O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tomonidan Toshkent moliya instituti majlislar zalida “Mening Konstitutsiyam” shiori ostida yangilanayotgan Konstitutsiya mazmun-mohiyatini tushuntirishga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda partiya Markaziy Kengashi rahbariyati, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Markaziy Kengash mas’ullari, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashiga partiyadan saylangan deputatlar, Тошкент moliya instituti o‘qituvchi murabbiylari, talabalari ishtirok etdi.
Muloqotda so‘zga chiqqanlar Xalq demokratik partiyasi Konstitutsiyaviy islohotlar tashabbusini ilk kunlardanoq qo‘llab-quvvatlab kelayotgani, eng asosiysi, yangilanayotgan Konstitutsiyaga kiritilishi taklif etilayotgan normalarning yarmidan ko‘pi inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning kafolatlarini kuchaytirish va mexanizmlarini mustahkamlashga qaratilganligini ta’kidlab o‘tdi. Jumladan, loyihaning 57-moddasiga muvofiq, mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasidadir.
Davlat aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarining turmush sifatini oshirishga, jamiyat va davlat hayotida to‘laqonli ishtirok etishi uchun ularga shart-sharoitlar yaratishga hamda ularning asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan choralarni ko‘radi.
Davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalar obyektlari va xizmatlaridan to‘laqonli foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratadi, ularning ishga joylashishiga, ta’lim olishiga ko‘maklashadi, ularga zarur bo‘lgan axborotni to‘sqinliksiz olish imkoniyatini ta’minlaydi.
Shu bilan bir qatorda, yangilanayotgan Konstitutsiyaning 70-moddasida O‘zbekiston Respublikasida kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar, olimlarning jamiyatlari, xotin-qizlar tashkilotlari, faxriylar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkilotlari, ijodiy uyushmalar, ommaviy harakatlar hamda fuqarolarning boshqa birlashmalari jamoat birlashmalari sifatida e’tirof etiladi, deb belgilanmoqda. O‘zbekistondagi islohotlar davomida har bir soha vakiliga, aniqrog‘i, pedagoglarga alohida e’tibor qaratilayotganligi ta’kidlandi.