Qonun ustuvor elda – inson qadri yuksaladi!

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Zulayho Akramovaning Jizzax viloyatidagi saylovchilar bilan uchrashuvlari qizg‘in davom etmoqda.

Forish tumanidagi Madaniyat markazida bo‘lib o‘tgan tadbirda Xalq deputatlari viloyat, tuman Kengashlari deputatlari ham ishtirok etdi. Deputat Z. Akramova muloqotlar chog‘ida Yangilanayotgan Konstitusiyaning mazmun-mohiyatini aholiga imkon qadar sodda va tushunarli qilib yetkazishga e'tibor qaratmoqda.

Uchrashuvda Bosh qomusimizda har kim mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish huquqi kafolatlanayotganligi, yoshlarning oliy ma'lumotga ega bo‘lishi imkoniyatlari kengayayotganligi hususida so‘zlab berildi.

Jumladan, Konstitusiyaviy qonun loyihasi bilan ilk marotaba uzluksiz ta'lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat ta'lim tashkilotlari rivojini ta'minlash davlatning vazifalari qatoridan joy olmoqda. Mazkur qoidalarning Konstitusiya darajasida belgilanishi, bolalar bog‘chasidan tortib, toki universitetlargacha, barcha ta'lim tashkilotlarini ular davlatniki yoki xususiy ekanligidan qat'iy nazar, rivojlantirish uchun mustahkam huquqiy zamin bo‘ladi.

Savol-javoblarga boy bo‘lgan uchrashuvda ishtirokchilar Yangilanayotgan Konstitusiya bo‘yicha bergan barcha savollariga mutaxassislardan atroflicha javoblar olishdi.

 

 

 

Teglar

Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Oliy Majlis Partiya munosabati Konstitutsiyaga taklif
← Roʻyxatga qaytish